Ergashev Qodir Otadjanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Alisher Navoiyning nasriy uslubi masalalari ”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Fil.107.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01
Rasmiy opponentlar: Qobilova Zebo Bakirovna, filologiya fanlari doktori; Salohiy Dilorom Isomiddin qizi, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raev Habibullo Abdusalomovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning nasriy uslubi masalalarini yoritish, adib ijodiy ongi va uslubiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni, nasriy uslubiga xos asosiy xususiyatlarni aniqlash, uning uslubiy mahorati va novatorligini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishda adib ijodiy ongiga va u orqali nasriy uslubining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan omillar (davr axloqi, etiketi, adabiy an’analari, uslubi) ochib berilib, Navoiy nasriy uslubida davr bilan bog‘liq omillar ta’siri ostida yuzaga kelgan xususiyatlar (mubolag‘ali ta’rif-tavsiflar, hukmdorlar bilan bog‘liq o‘rinlardagi madh, ko‘tarinkilik, tantanavor ohang, muallif shaxsiga xos xoksorlik va kamtarlik, turli badiiy san’atlardan foydalanish, fikrlarning fasohatli, jimjimador iboralarda ifodalanishi) aniqlangan;
yozuvchi nasriy asarlari va uslubida uning shaxsiyatining, ijodiy ongining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq ravishda paydo bo‘lgan jihatlar (asarlaridagi falsafiy teranlik, teran falsafaning o‘ziga xos badiiy ifodasi, shoh hokimiyati konsepsiyasining badiiy talqini, novatorligi, o‘z davri adabiyotida yangi hodisalar sifatida namoyon bo‘luvchi asarlar yaratgani) ochib berilgan;
Navoiy nasriy asarlarida bayon tarzi va matn kompozisiyasi masalalari, bayon tarzining ranginligini ta’minlovchi omillar (bayonning ayrim o‘rinlarda muallif tilidan emas, boshqa shaxs tilidan olib borilishi, ritorik vositalardan foydalanish), muallif obrazi, matnni tuzish va tashkil etishning asosiy tamoyillari, muallifning bayondagi va matn tuzishdagi mahorati masalalari dalillangan;
asarlar simvolikasining asosiy qatlamlari ajratib ko‘rsatilib, ularning xususiyatlari ochib berilgan, Navoiy nasriy asarlarida an’anaviy simvollarning o‘zgacha tarzda ham qo‘llanishi, yangi ma’nolar, ma’no ottenkalarini kasb etishi, shuningdek, adibning simvollar qatorlarini to‘ldirgani va boyitgani ko‘rsatilib, uning novatorligi isbotlangan, Navoiy nasridagi simvolik epizodlarning ramziy ma’nolari, asardagi badiiy funksiyasi ko‘rsatib berilgan;
tarixiy asarlarining uslubiy xususiyatlari ochib berilgan va bu asarlar, bir tomondan, ilmiy-tarixiy manbalarga, ikkinchi tomondan, adabiy asarlarga xos xususiyatlarni o‘zida birlashtirishi, shu sababli ularga ikki uslub – ilmiy va adabiy uslublar sintezi xosligi aniqlangan hamda ulardagi ilmiy va adabiy uslub unsurlari qayd qilingan;
Navoiyning ilmiy risolalariing uslubiga xos asosiy jihatlar aniqlanib, ular misolida adibning ilmiy uslubiga xos xususiyatlar (sohaga oid bilimlarning tizimlashtirilishi, bayonning aniqligi va ravshanligi, izchilligi, fikrlarning asoslanishi va dalillanishi, ilmiy tahlildan foydalanish, turli tushunchalarga berilgan ta’riflarning qisqa, aniq va lo‘ndaligi, ayrim o‘rinlarda polemik pafosning mavjudligi va hokazo) ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Alisher Navoiyning nasriy uslubi masalalari” mavzusidagi disssertatsiya tadqiqotida olingan ilmiy natijalar asosida:
adibning nasriy uslubiga, asarlarining janriy-uslubiy o‘ziga xosligiga, jumladan, “Mahbub ul-qulub”ning janriy mansubiyati, memuar-biografik asarlarida memuar-esdalik ifoda uslubining yetakchi ekani, Navoiy nasrida uslubiy usullar va vositalarning qo‘llanishi, ularning muallifning badiiy niyatini amalga oshirishga xizmat qilishiga, adibning tarixiy asarlarining uslubiy xususiyatlariga oid xulosalardan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogiga universitetida 2005-2011 yillarda barcha ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv jarayoniga kiritilib, “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi” fanini o‘qitishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 26 noyabrdagi 02-07-37-97/04-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning Navoiy nasriy merosi haqidagi bilim va tasavvurlarini kengaytirishga erishilgan;
Alisher Navoiyning nasriy asarlari va ularning uslubiy xususiyatlari, jumladan, “Mahbub ul-qulub” “Vaqfiya”, “Munshaot”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi muluki Ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, memuar-biografik xarakterdagi asarlarida bayon tarzi va tasvir, matn kompozisiyasi, personajlar, uslubiy usullar va vositalar masalalariga doir qarashlar va xulosalardan O‘TAFIda bajarilgan FA-F1-GO39 ”Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodipiy qomuslarini yaratish” mavzusidagi (2012-2016 yillarga mo‘ljalangan) fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 20 dekabrdagi 3/1255-3538-son ma’lumotnomasi). Natijada qomusda mazkur masalalarning har tomonlama yoritilishiga erishilgan;
Alisher Navoiyning nasriy uslubi masalalari tadqiq etilar ekan, uning nasriy asarlarining matniga ham e’tibor qaratilgan, ularning nashrlaridagi ayrim kamchiliklar aniqlangan, jumladan, “Vaqfiya”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Munojot”, “Mahbub ul-qulub” singari asarlarning uslubiy xususiyatlari, ularning bayon tarzi, matn kompozisiyasi masalalari, matnni tuzish va tashkil etishning asosiy tamoyillari tadqiq etilishi barobarida ularning nashrlaridagi xatolar ham tuzatilganligi kabi ilmiy xulosalari va yondashuvlaridan O‘zR Fanlar akademiyasi tasarrufida bajarilgan 2017-2021 yillarda olib borilayotgan OT-FB-78 raqamli “o‘zbek adabiyoti asarlarining 100 jildligini nashrga tayyorlash” fundamental ilmiy-tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 20 dekabrdagi 3/1255-3538-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu xulosalarning OT-FB-78 raqamli fundamental ilmiy-tadqiqot loyihasiga tatbiq etilishi Alisher Navoiy asarlarining mukammal nashrini tayyorlashga xizmat qilgan;
Navoiy nasriy asarlarining janriy-uslubiy xususiyatlari, Navoiy nasrida qo‘llanilgan badiiy-uslubiy vositalar va usullar hamda ularning asarlar badiiyatini ta’minlashdagi roli haqidagi xulosalari O‘zR Fanlar akademiyasi tasarrufida bajarilgan 2018-2020 yillarda olib borilgan PZ-20170930220 raqamli “Navoiy qomusini nashrga tayyorlash va chop etish” mavzusidagi amaliy loyihada tatbiq etilgan hamda ulardan Alisher Navoiyning nasriy merosi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda, bir qator nasriy asarlarining g‘oyaviy-badiiy mohiyati va janriy-uslubiy xususiyatlarini ko‘rsatib berishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2021 yil 20 dekabrdagi 3/1255-3538-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur xulosalar qomusda yuqorida tilga olingan masalalarni hamda adibning mahorati va novatorligini har tomonlama yoritilishiga xizmat qilgan;
Navoiy asarlarida tarixiy shaxslar, Renessans vakillarining, zamondoshlarining tasviri bilan bog‘liq o‘ziga xosliklar haqidagi xulosalari va qarashlaridan “O‘zbekiston” televideniesining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida namoyish etilgan bir qator ko‘rsatuvlarning ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 23 noyabrdagi 01-40-1772-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur fikr va xulosalar “Mavzu”, “Navoiy hayratlari” ko‘rsatuvlari orqali ommalashtirilgan hamda ko‘rsatuvlarning saviyasini oshirishga xizmat qilgan.