Qosimov Baxtiyor Abdurashidovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘onaning sho‘rlangan tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan g‘o‘za navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Qx618.
Ilmiy rahbar: Raxmonqulov Said-Akbar Raxmonqulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari  ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.QX.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: g‘o‘zaning o‘rta tolali “O‘zPITI-202” navi (NAR 00243). O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 7 dekabrdagi №01-11/3084-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi Farg‘ona vodiysining turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos, tolasi IV-tipga mansub, yuqori tola chiqimiga ega, vilt hamda boshqa kasalliklarga bardoshli, serhosil, tezpishar g‘o‘za navlarini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Farg‘ona vodiysining tuproq-iqlim sharoitiga mos navlar yaratish maqsadida zonallik prinsipi asosida G.hirsutum L. turiga mansub tizmalararo va navlararo murakkab chatishtirish asosida olingan duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi isbotlangan; 
tadqiqotlar natijasida Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitida G.hirsutum L. turining tizmalararo va navlararo murakkab chatishtirish asosida olingan duragaylarda morfo-xo‘jalik belgilarining o‘zaro bog‘liqligini tahlil qilish asosida tezpisharlik, hosildorlik, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni, tola chiqimi, tola sifati hamda boshqa belgilarning ijobiy majmuiga ega bo‘lgan T-238 tizmasi asosida g‘o‘zaning yangi “O‘zPITI-202” navi yaratilgan;
tadqiqotlar asosida yaratilgan g‘o‘zaning yangi “O‘zPITI-202” navi xo‘jalik uchun qimmatli belgilar majmuasi bo‘yicha boshqa navlardan genetik jihatdan farqlanishi va yangiligi hamda andoza “S-6524” naviga nisbatan paxta hosildorligi 7,6 s/ga, tola hosildorligi 4,4 s/ga, tola chiqimi 4,1 %, solishtirma uzilish kuchi 0,3 g.k./teks., tola uzunligi 0,04 dyuym yuqori va 1000 dona chigit vazni bo‘yicha 4,0 g. yuqori ekanligi aniqlangan.
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub, suv tanqisligi va sho‘rga bardoshli, serhosil, yirik ko‘sakli, mashina terimiga mos, vilt kasalligiga kompleks bardoshli yangi O‘zPITI-202 navi yaratilib, Intellektual mulk agentligi tomonidan patent olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Markaziy Farg‘onaning sho‘rlangan tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida: 
o‘suv davri 118-122 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 5,5-6,0 g., tola chiqimi 37,0-38,5 %, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,4-4,6, tola uzunligi 1,26 dyuym, umumiy hosildorligi 40,6-44,7 s/ga bo‘lgan g‘o‘zaning yangi “O‘zPITI-202” navi yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi №02/020-7-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genofondi tola chiqimi va tola sifati yuqori bo‘lgan yangi o‘rta tolali g‘o‘za navi bilan boyitilgan;
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub yangi “O‘zPITI-202” navi 2021 yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining turli tuproq-iqlim sharoitlarida joylashgan 6 ta nav sinash shaxobchalarida sinovdan o‘tgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi №02/020-7-son ma’lumotnomasi). Natijada, qimmatli xo‘jalik belgilarining yuqori majmuasiga ega va turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan ishlab chiqarish siinovi natijalari hamda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining xulosasiga ko‘ra, g‘o‘zaning yangi “O‘zPITI-202” navi  2021 yildan Andijon  viloyati uchun rayonlashtirilgan;
serhosil, yirik ko‘sakli, mashina terimiga mos, vilt kasalligiga kompleks bardoshli, tola chiqimi va tola sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘zaning “O‘zPITI-202” navi 2020-2021 yillarda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida 700,0 va Marhamat tumanida 300,0 gektar maydonga, jami 1000,0 gektar maydonga ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi №02/020-7-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zaning “O‘zPITI-202” navi ekilgan, kuchsiz va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlardan gektariga 30,0-35,0 sentnergacha paxta xosili olinib, qo‘shimcha hosil gektariga 4,0-6,0 sentnerni tashkil etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan seleksiya yutug‘i bo‘lgan “O‘zPITI-202” g‘o‘za naviga NAP 00243 raqamli patent olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi №02/020-7-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genofondi suv tanqisligi va sho‘rga bardoshli, serhosil, yirik ko‘sakli, mashina terimiga mos, vilt kasalligiga kompleks bardoshli yangi o‘rta tolali g‘o‘za navi bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish