Berdieva Dilfuza Umurzakovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Poliangiitli granulematozning klinik-diagnostik ko‘rsatkichlari va target terapiyaning samaradorligi», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1352.
Ilmiy rahbar: Rizamuxamedova Mashkura Zakirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Shodiqulova Gulandom Zikriyaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Abdullaev Akbar Xatamovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi poliangiitli granulematozning klinik namoyon bo‘lishi, kechish xususiyatlari, laborator ko‘rsatkichlar majmuasi va target davo usullarining samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
poliangiitli granulematozning tarqoq turining vaskulit faolligining Bermingem shkalasi (BVAS), vaskulitda shikastlanish indekslar (VDI) bilan orasidagi uzviy bog‘liqlik aniqlangan;
kasallik lokal turiga nisbatan tarqoq turida tizimlar zararlanishining tarqalishiga ko‘ra antineytrofil sitoplazmatik antitanalar va S-reaktiv oqsilning zardobdagi darajasi yuqori ekanligi asoslangan;
burun bo‘shlig‘ida Staphylococcus aureus aniqlanishi va uning tashuvchilarida kasallikning rivojlanishi, og‘ir klinik kechishi va residivlarining prognostik markeri sifatida asoslangan;
poliangiitli granulematozning klinik kechish turlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan davolash sxemalarining samaradorligi va xavfsizligi baholanib, kasallikning remissiya induksiyasiga olib kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliangiitli granulematozning klinik-diagnostik ko‘rsatkichlari va target terapiyaning samaradorligi buyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
poliangiitli granulematozning turli xil variantlarini tashxislash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Poliangiitli granulematozning turli xil variantlarini tashxislash» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 27 apreldagi 8 n-z/203-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma poliangiitli granulematozning turli xil variantlarini tashxislash optimal usulini ishlab chiqishga, statsionar davoga bo‘lgan talabni kamayishiga va davolash samaradorligini oshishiga, bemorlarning xayot sifatini yaxshilanish imkonini bergan:
poliangiitli granulematozning klinik-diagnostik ko‘rsatkichlari va target terapiyaning samaradorligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xamda Navoiy viloyati Karmana tumani tibbiyot birlashmasi amaliyotiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 3 avgustdagi 08-22600-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi poliangiitli granulematozning klinik-diagnostik ko‘rsatkichlari va target terapiyaning samaradorligini oshirish va ushbu toifadagi bemorlarning hayot sifatini 41% ga yaxshilash imkonini bergan.