Achilova Risolat A’zamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ingliz va o‘zbek tillaridagi antonomaziyalarning leksik-semantik hamda lingvopoetik tadqiqi», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1175.
Ilmiy rahbar: Saidov Yoqub Siddiqovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Kiselyov Dmitriy Anatol`evich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Yusupova Hilola O‘ktamovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi antonomaziyalarning semantik, lingvopoetik va lingvokul`turologik xususiyatlarini qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda lingvistik jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ingliz va o‘zbek tillaridagi antonomaziyalarning til va nutqda yuzaga kelish sababiyati, lisoniy manbalari, shakllanish mexanizmi, troplar tizimi va badiiy matndagi o‘rni, vazifasi hamda ahamiyati, semantik mazmun-mohiyati lingvopoetik, lingvokul`turologik va sotsiolingvistik omillar ta’sirida voqelanishi isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillarda yaratilgan poetik asarlardagi antonomaziyalar g‘oyaviy, tavsifiy, nominativ, estetik, uslubiy, ekspressivlik, ramziy kabi vazifalarni bajarishi bilan birga, nutqda muayyan kishining aniq tasavvuri, ruhiy olamini, u xususda aniq axborot hamda ma’lumot berish funksiyasini ham bajarishi, matn jarayonidagina reallashishi, eng qulay tasviriy ifoda sifatida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillarida antonomaziyaning shakllanish jarayonining kommunikativ va derivativ xarakteri lisoniy birlikning matn rivoji doirasida voqelanishi, har ikkala til xalqlarning ijtimoiy hayoti, madaniyati, diniy e’tiqodi, tarixi, adabiyoti va millat mentalitetiga xos bo‘lgan mantiqiy, lisoniy, madaniy-axloqiy tafakkurning verballashuv hodisasi ekanligi asoslangan;
chog‘ishtirilayotgan tillardagi antonomaziyalar millat madaniyatini o‘zida to‘liq namoyon etuvchi eng muhim lisoniy hodisa ekanligi, filologik, ijtimoiy-tarixiy va madaniy faktlar haqidagi axborot-ma’lumotlarni o‘zida tugal saqlovchi lingvokul`turologik birlik sifatida paradigmatik (pog‘onaviy) va sintagmatik (qo‘shnichilik) munosabat hosilasi ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillaridagi antonomaziyalarning semantik, lingvopoetik hamda lingvokul`turologik tahlili tadqiqi jarayonida olingan ilmiy natija va xulosalar asosida:
ingliz va o‘zbek tilidagi antonomaziyalarning til va nutqda yuzaga kelish sababiyati, lisoniy manbalari, shakllanish mexanizmi, troplar tizimi va badiiy matndagi o‘rni, funksiyasi hamda ahamiyati aniqlanib, semantik mohiyat-mazmuni lingvomadaniyat bilan bevosita bog‘liqligiga oid nazariy xulosalardan Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020 yillarda bajarilgan FA-F1-005-raqamli «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 15 fevraldagi 123-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha materiallari ikki til doirasidagi antroponimlar tahliliga asoslangan soha lug‘atlari yaratish uchun yangi ilmiy-nazariy manba va ma’lumotlar bilan boyigan;
ingliz tilidagi antonomaziyalarning leksik-semantik xususiyatlarini ochib berish, adabiy asarlarda ularning badiiy san’atlarni voqelantirishdagi o‘rni, yuzaga kelish mexanizmi hamda ularning lingvopoetik jihatlarini tadqiq etish va ingliz tilida antonomaziyalarning shakllanish manbalari va qonuniyatlari hamda xalq madaniyati bilan bevosita bog‘liqligi masalalarini aniqlashga oid xulosalardan  SUZ800-20-IN0098 raqamli «Access-STEM» xorijiy loyihada belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2021 yil 20 oktyabrdagi 05-01-1437-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilidagi antonomaziyalarning tahliliga asoslangan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratilgan hamda o‘quv jarayoniga joriy qilingan;
ingliz va o‘zbek tillarida antonomaziyaning tabiati o‘xshash, shakllanish va voqelanish mexanizmi deyarli bir xil ekanligi, maqsad hamda vazifasi ham bir-biriga muvofiq kelishi, ikkala tilda ham antonomaziyalarning shakllanish manbalari shu xalqlarning ijtimoiy hayoti, madaniyati, diniy e’tiqodi, tarixi va adabiyoti bilan bevosita bog‘liqligiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan  Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida «Assalom, Buxoro», «Sakkizinchi mo‘’jiza» ko‘rsatuvlarining 2021 yil may sonidagi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 2 maydagi 1/149-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotdagi ma’lumotlar milliy-ma’naviy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan ko‘rsatuvlar ssenariysini boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish