Abduraximov Muxtor Xodjiakbarovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ishni sudga qadar yuritish bosqichida inson genomi ma’lumotlaridan foydalanishni takomillashtirish”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu602.
Ilmiy rahbar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Abduvali Axmedovich, yuridik fanlar doktori, professor; Mo‘minov Bekzod Abduvaxobovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ishni sudga qadar yuritishda genomga oid axborotdan foydalanishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan yoki ayblangan shaxslarning genomga oid axborotini yagona ma’lumotlar bazasiga majburiy ravishda kiritgan holda, tergov jarayonida ularning boshqa fosh etilmagan jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish jinoyatlarning fosh etilish darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi asoslantirilgan;
biologik qarindoshlar toifasiga o‘zaro qon-qarindoshlikda bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota, ona, o‘g‘il, qiz, bobo, buvi, nabiralar, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka hamda opa-singillar, amakivachchalar, tog‘avachchalar, ammavachchalar, xolavachchalar, amakilar, tog‘alar, ammalar, xolalar, jiyanlar tushunilishi lozimligi asoslantirilgan;
shaxsning genomga oid axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat mablag‘lari bexuda sarflanishining hamda ilgari genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olingan shaxslarni takroran ro‘yxatga olinishining oldini olish maqsadida maxsus so‘rovnoma yuborgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazidan tekshirish tartibini joriy etish zarurati asoslantirilgan;
quyosh nuri, haroratning yuqoriligi, namlik va boshqacha ta’sirlar oqibatida so‘lak hamda ayrim boshqa biologik materiallar o‘zining xususiyatlarini yo‘qotishi mumkinligini inobatga olib, besh kunlik muddatda biologik materialni ekspertiza muassasalariga etkazib berish imkoni bo‘lmagan hollarda, so‘lak o‘rniga qon namunalari olinishi zarurligi asoslantirib berilgan;
yagona ma’lumotlar bazasiga genomga oid axborotning noto‘g‘ri kiritilishi yoki dalillarni qalbakilashtirish mumkinligini inobatga olib, ushbu holatlarni teskari tartibda tekshirish mexanizmini yaratish maqsadida biologik materialdan genomga oid axborotni olgan ekspert tomonidan genomga oid axborotning kartasi to‘ldirilishi va Ekspert-kriminalistika bosh markaziga yuborilishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida genomga oid axborotdan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumonlan qilingan yoki ayblangan shaxslarning genomga oid axborotini yagona ma’lumotlar bazasiga majburiy ravishda kiritgan holda, tergov jarayonida ularning boshqa fosh etilmagan jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish lozimligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 24 noyabrdagi “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ-649-son Qonuni 17-moddasi 1-qismi ikkinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2021 yil 19 fevraldagi 06/1-05/265-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi dastlabki tergov bosqichida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilingan yoki ayblangan shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish orqali fosh etilmagan jinoyatlarning fosh etilishiga xizmat qiladi;
biologik qarindoshlar toifasiga o‘zaro qon-qarindoshlikda bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota, ona, o‘g‘il, qiz, bobo, buvi, nabiralar, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka hamda opa-singillar, amakivachchalar, tog‘avachchalar, ammavachchalar, xolavachchalar, amakilar, tog‘alar, ammalar, xolalar, jiyanlarni kiritish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 24 noyabrdagi “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ-649-son Qonuni 3-moddasi 1-qismi uchinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2021 yil 19 fevraldagi 06/1-05/265-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi tergovga qadar tekshiruv,  surishtiruv va dastlabki tergovni olib borayotgan mansabdor shaxslarga tanib olinmagan murdalar bilan bedarak yo‘qolgan shaxslarning aynan yoki aynan emasligi tekshirish samaradorligini oshirishga, shuningdek bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishda biologik material olinishi lozim bo‘lgan biologik qarindoshlar doirasining aniq belgilanishiga xizmat qilgan;
shaxsning genomga oid axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat mablag‘lari bexuda sarflanishining hamda ilgari genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olingan shaxslarni takroran ro‘yxatga olinishining oldini olish maqsadida maxsus so‘rovnoma yuborgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazidan tekshirish tartibini joriy etishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi 689-son qarori bilan tasdiqlangan Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 8-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 17 dekabrdagi 12/21-57-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi genom bo‘yicha majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olingan shaxslarni qayta ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq ortiqcha sarf-harajatlarning oldi olinishiga xizmat qilgan;
quyosh nuri, haroratning yuqoriligi, namlik va boshqacha ta’sirlar oqibatida so‘lak hamda ayrim boshqa biologik materiallar o‘zining xususiyatlarini yo‘qotishi mumkinligini inobatga olib, besh kunlik muddatda biologik materialni ekspertiza muassasalariga etkazib berish imkoni bo‘lmagan hollarda, so‘lak o‘rniga qon namunalari olinishi zarurligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi 689-son qarori bilan tasdiqlangan Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 29-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 17 dekabrdagi 12/21-57-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi surishtiruv va dastlabki tergovni olib borayotgan mansabdor shaxslar tomonidan so‘lak o‘rniga qon namunalari olinishi orqali ularning ortiqcha sarf-xarajatlar va ovoragarchiliklarini oldini olishga xizmat qilgan;
yagona ma’lumotlar bazasiga genomga oid axborotning noto‘g‘ri kiritilishi yoki dalillarni qalbakilashtirish mumkinligini inobatga olib, ushbu holatlarni teskari tartibda tekshirish mexanizmini yaratish maqsadida biologik materialdan genomga oid axborotni olgan ekspert tomonidan genomga oid axborotning kartasi to‘ldirilishi va EKBMga yuborilishi lozimligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi 689-son qarori bilan tasdiqlangan Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 15 va 23-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 17 dekabrdagi 12/21-57-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi olingan biologik materialni kim, qaerdan va qanday olganligini qayd etish orqali mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga, hodisa joyida turli xatoliklar yuz bergan yoki dalillarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, tegishli choralarni ko‘rishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish