Rustamova Nigora Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kartoshka kovlagich mashinasi kombinatsiyalashgan qazish ishchi organining parametrlarini asoslash», 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/T1207
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Abduraxmonov O‘rol Nurmatovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ish unumini oshirish va yuqori sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlaydigan kartoshka kovlagich kombinatsiyalashgan qazish ishchi organining parametrlarini asoslash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lemexlar, o‘ng va chap shneklar va bo‘lgichdan tashkil topgan kombinatsiyalashgan qazish ishchi organi bilan jihozlangan kartoshkani yig‘ishtirib olish mashinasining konstruktiv sxemasi tuproq palaxsasini jadal parchalanishi va uni lemex oldida to‘planmasligini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
kombinatsiyalashgan qazish ishchi organi lemexining kengligi tuproqni minimal qamrab olgan holda pushtada joylashgan tuganaklarni to‘liq kovlashni ta’minlash, gorizontga nisbatan og‘ish burchagi esa lemex bilan kesiladigan palaxsaning tayanch kuchi qiymatini minimal bo‘lishi shartidan kelib chiqqan holda aniqlangan;
kombinatsiyalashgan qazish ishchi organi shnekining kinematik ish rejimi ko‘rsatgichi, diametri va o‘ramlar qadami kartoshkani shikastlanmasdan tuproq palaxsasini erkin deformatsiyalanishi va siljitilishini hisobga olgan holda aniqlangan;
bo‘lgichning parametrlari kartoshkali massani shnek o‘ramlari tomonga kam energiya sarf qilgan holda siljitishini hisobga olgan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Kartoshka kovlagichning kombinatsiyalashgan qazuvchi ishchi organi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kombinatsiyalashgan qazuvchi ishchi organli kartoshka kovlagich mashinasiga dastlabki talablar va texnik topshiriq tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 3 avgustdagi 07/24-04/5230-son ma’lumotnomasi). Natijada, kartoshkani agrotexnik talablar darajasida kovlashni amalga oshiradigan ish sifati yuqori kombinatsiyalashgan qazuvchi ishchi organli kartoshka kovlagichning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
kombinatsiyalashgan qazuvchi ishchi organli kartoshka kovlagich mashinasi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 3 avgustdagi 07/24-04/5230-son ma’lumotnomasi). Natijada kartoshkani kovlashda yonilg‘i sarfi 21,5 foizga, mehnat sarfi 21,6 foizga va foydalanishdagi xarajatlar 20,0 foizga kamaygan;
ishlab chiqilgan kartoshka kovlagich mashinasining sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun dastlabki talablar, texnik topshiriq va loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 3 avgustdagi 07/24-04/5230-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega kartoshka kovlagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.