Almatova Diloromxon Saidaxrorovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Mintaqalarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga investisiyalarni jalb etishni takomillashtirish”, 08.00.12–Mintaqaviy iqtisodiyot, 08.00.15–Tadbirkorlik va kichik biznes iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSs/Iqt82.
Ilmiy maslahatchi: Begalov Bahodir Abdusalomovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Sharofiddin Xakimovich, iqtisodiyot fanlari doktori; Qayumov Abduxakim Abduxamidovich, geografiya fanlari doktori, professor; Salimov Baxtiyor Tadjievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mintaqalarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida investisiyalarni jalb qilishni faollashtirish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlarining investisiya faoliyatini rivojlantirish, salohiyatli investorlar va bozor infratuzilmasi ob’ektlarining o‘zaro integratsiyasini ta’minlashga asoslangan tashkiliy – iqtisodiy mexanizm ishlab chiqilgan;
mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlari investision faoliyatining rivojlanish darajasini va jozibadorligini reyting baholash asosida aniqlash mezoni taklif etilgan;
mintaqa innovatsion faoliyatini moliyaviy tomondan ta’minlash hamda tadbirkorlik kapitalini jalb etishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha investisiyalardan foydalanish takliflari ishlab chiqilgan;
mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan investisiya loyihalarini amalga oshirishda moliyaviy-iqtisodiy risklarni hisobga olish hamda ularni baholash zarurligi asoslab berilgan;
mintaqalarda tadbirkorlik faoliyatini innovatsion omillar (klasterlar, logistik markazlar va texnoparklar) hisobiga barqaror rivojlantirish hamda ularning investisiya faolligini oshirish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqilgan;
ko‘p omilli ekonometrik modellarni qo‘llash hisobiga tadbirkorlik faoliyatidagi investisiya darajasi va xo‘jalik faoliyati natijalarini ifodalovchi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun investisiyalar jalb qilishni faollashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
mintaqalarda innovatsion faoliyatni moliyaviy tomondan ta’minlash hamda tadbirkorlik kapitalini jalb etishni kengaytirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish hisobiga ta’minlanishi asoslangan (Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 30 maydagi BS-2-4/20-10-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi natijasida mintaqalardagi investision va innovatsion jarayonlar samaradorligini oshirishning moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, ular tuzilmasini takomillashtirish hamda mablag‘larni innovatsion jarayonning barcha ishtirokchilariga oqilona taqsimlash imkoniyatini beradigan moliyaviy vositalardan foydalanish usullarini takomillashtirishga erishilgan.
mintaqalarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning investision jozibadorligini aniqlashning reyting baholash ko‘rsatkichlari tizimini ishlab chiqish asosida investisiya samaradorligini iqtisodiyotdagi tutgan o‘rni va ta’siriga baho berildi (Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 30 maydagi BS-2-4/20-10-son ma’lumotnomasi). Bu esa mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlarining investision-innovatsion faoliyatini rivojlantirish, har bir mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasini integral ko‘rsatkichlar orqali baholash, investisiya omilini iqtisodiyotga ta’sirini tahlil qilish hamda istiqbollarini belgilash imkonini bergan;
mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan investisiya loyihalari riskini baholash usullari (moliyaviy-iqtisodiy, ijtimoiy, texnik, ekologik jihatlar) hisobiga istiqbolli loyihalarning investision samaradorligini oshirishga erishilgan (Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 30 maydagi BS-2-4/20-10-soni ma’lumotnomasi). Bu esa mintaqalarda tadbirkorlik sub’ektlarining innovatsion loyihalarini investisiya bilan ta’minlash sohasidagi faoliyatning samaradorligini oshirish hamda eksportga etkazib berish hajmi va turlarini ko‘paytirish, raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni rag‘batlantirish, ular mahsulotlarini jahondagi va mintaqadagi yangi bozorlarga olib chiqishda ko‘maklashish imkonini bergan;
mintaqalar investision jozibadorligini aniqlashning reyting baholash tizimi tadbirkor-fermer xo‘jaliklari faoliyatida investisiya jalb qilish samaradorligini baholashda foydalanilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 10 noyabrdagi 3248-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar asosida mintaqalarning investision jozibadorligi aniqlanib, ularning ko‘rsatkichlari asosida mintaqalar salohiyati baholandi va tegishli integral ko‘rsatkichlar bo‘yicha har bir viloyatning o‘rni aniqlangan;
mintaqadagi innovatsion tizim uchun investisiyalarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash usullari yordamida tadbirkorlik sub’ektlarining investision faolligini oshirishning mintaqaviy omillarini hisobga olish yo‘nalishlari baholandi (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 10 noyabrdagi 3248-son ma’lumotnomasi). Mazkur usullar yordamida esa mintaqalar tadbirkorlik sub’ektlarining innovatsion faoliyati uchun zaruriy investisiyalar hajmi hamda mintaqaviy ishlab chiqarish va xo‘jalik tizimlarining resurs imkoniyatlari bilan ilmiy‑texnik rivojlanish dasturlari mutanosibligini ta’minlashda chiziqli dasturlashning iqtisodiy‑matematik modeli ishlab chiqildi. Bu usullar tadbirkorlik sub’ektlarida investision faollikni oshirishning mintaqaviy omillarini baholashga xizmat qilgan.