Raximova Indira Igor`evnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kompyuter o‘yinlariga tobelikning psixologik xususiyatlari», 19.00.06–Yosh va pedagogik psixologiya. Rivojlanish psixologiyasi (psixologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Psi13.
Ilmiy rahbar: Nishonova Zamira Taskaraevna, psixologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Psi.01.07.
Rasmiy opponentlar: Muxamedova Dilbar Gafurdjanovna, psixologiya fanlari doktori, dotsent; Zokirov Alisher Akbarovich, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli xil yoshdagi o‘quvchilar kompyuter o‘yinlariga tobeligining psixologik xususiyatlarini aniqlash va uning oldini olish bo‘yicha psixologik mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli yoshdagi kompyuter o‘yinlariga tobe o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlari, oilaviy munosabatlari, motivatsion sohasi xususiyatlari va ularning tobelik darajalari ochib berilgan;
kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar, o‘smir va ilk o‘spirinlar kompyuter o‘yinlariga tobeligining motivatsion va muhitga moslashuv xususiyatlari, oilaviy munosabatlarning ijobiy muhit, xavotirlik, nizolashuvchanlik kabi ta’sir etuvchi omillari aniqlangan;
o‘quvchilarning kompyuter o‘yinlarga tobeligi profilaktikasi va korreksiyasiga doir kompyuter o‘yinlariga tobelik psixokorreksiyasi dasturi hamda maktab psixologlari, ota-onalar uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan;
kompyuter o‘yinlariga tobelikning individual hamda ijtimoiy-psixologik xususiyatlari yaxlit tizimi shakllantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kompyuter o‘yinlariga tobelikning psixologik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
o‘quvchilarning kompyuter o‘yinlariga tobelik daraja va yosh xususiyatlariga doir nazariy tavsiyalar asosida voyaga etmaganlar, ota-onalar bilan ishlash jarayonida tobelik daraja va yoshga oid xususiyatlaridan senzitiv davrni belgilab berish masalasiga taalluqli bo‘lgan mavzularda ma’ruzalar o‘tkazishda foydalanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-02-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarda kompyuter o‘yinlariga tobelik muammosi borasidagi ma’naviy immunitetni shakllantirishga xizmat qilgan;
o‘quvchilarning kompyuter o‘yinlariga tobeligining motivatsion va muhitga moslashuv xususiyatlari, oilaviy munosabatlardagi xavotirlik, nizolashuvchanlik, kemtiklik, dushmanlik omilarining ta’siri psixologlar tomonidan foydalanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-02-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar kompyuter o‘yinlariga tobelikni individual va ijtimoiy psixologik xususiyatlarini aniqlashga, uslubiy asoslarini rivojlantirishga imkon bergan;
shaxslararo munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan hamda oiladagi munosabatlarni yaxshilashga asoslangan tavsiyalar va ishlab chiqilgan psixokorreksion dastur Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida joriy etilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-02-son ma’lumotnomasi). Psixokorreksion dasturni joriy etilishi psixologlar bolalarda kompyuter o‘yinlariga tobelikni bartaraf etish jarayonida yanada samarali natijalarga erishishni ta’minlashga xizmat qilgan;
kompyuter o‘yinlariga tobe shaxslar bilan korreksion ishni tashkil qilish nazariy-konseptual va uslubiy asoslari Toshkent shahar, Toshkent viloyati hamda Farg‘ona viloyati kollejlari o‘qituvchilari hamda ota-onalarga o‘quvchilarning kompyuter o‘yinlariga tobeligining psixologik xususiyatlarini aniqlashga, kompyuter o‘yinlariga tobe o‘quvchilarni tashxislash va ularni bartaraf etish bo‘yicha psixokorreksion dasturlari orqali pedagogik-psixologik jihatlarini takomillashtirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016 yil 22 martdagi 89-03-745-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan tavsifnoma va tadqiqot natijalari o‘qituvchilar, ota-onalar hamda psixologlarga kompyuter o‘yinlariga tobelikni tashxislash hamda uni korreksiyalash jarayonida samarali natijaga erishishda muhim manba sifatida xizmat qilgan.