Maxammatov Otabek Saydaalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Globallashuv jarayonlarida O‘zbekiston yoshlarining ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlashning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari”, 09.00.04 – “Ijtimoiy falsafa” (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fal629.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand   davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02. 
Ilmiy rahbar: Samadov Aktamkul Rafikovich, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent. 
Rasmiy opponentlar: Hajieva Maqsuda Sultanovna, falsafa fanlari doktori, professor; Isroilov Bektosh Erkinovich, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.  
II. Tadqiqotning maqsadi globallashuv jarayonlarida O‘zbekiston yoshlarini ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlashning ijtimoiy-falsafa xususiyatlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlar ongida shakllangan huquqiy nigilizm global migratsiya, huquqiy qadriyatlar yanglanishi kabi determinatlar bilan korrelyasion bog‘langanligi sababli ijtimoiy-madaniy xavf-xatar, ma’naviy-mafkuraviy xavfsizlikni keltirib chiqarishi isbotlangan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlar ma’naviy xavfsizligining muhim ijtimoiy omillari (huquqiy nigilizm, etnoegoizm, mafkuraviy tarbiya, demografik portlash) va yangi ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etuvchi individual (ijtimoylashuv, o‘zini o‘zi anglash, qadriyatlar va shaxsiyatdagi qarama-qarshiliklar) xususiyatlari yangi qadriyatlar transformatsiyasi davrida  dialektik aloqadorligi dalillangan;
O‘zbekistonda jamiyatning ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlari, vositalari, usullari, huquqiy, ilmiy-axborotlashgan va mafkuraviy kurash mexanizmlarini ishlab chiqilishi ehtimoliy tahdid (destruktivlik, deviant xulq, virtual salbiy tendensiya)larni oldini olishda  zaruriy omil ekanligi asoslangan;
bugungi dunyo mafkuraviy manzarasini o‘zgarishi va yangi axborot qobig‘ini yuzaga kelishi sababli yoshlar ongida ma’naviy vandalizm xususiyatlari (ma’nosizlik, vahshiylik, vayronkorlik, kosmopolitizm)ning qasddan shakllantirilishiga hamda ularning ongida ezgulik, haqiqat va go‘zallik qadriyatlari bir butunligining buzilishiga olib kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Globallashuv jarayonlarida O‘zbekiston yoshlarining ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ijtimoiy-falsafiy xususiyatini o‘rganishga doir ishlab chiqilgan falsafiy-konseptual takliflar asosida: 
yoshlar ongida shakllangan huquqiy nigilizm global migratsiya, huquqiy qadriyatlar yanglanishi kabi determinatlar bilan korrelyasion bog‘langanligi ijtimoiy-madaniy xavf-xatar, ma’naviy-mafkuraviy xavfsizlikni keltirib chiqarishiga oid  g‘oyalardan  Respublika  ma’naviyat  va  ma’rifat markazining “Internet tarmoqlaridan foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi”, “Ma’naviy xavfsizlik masalasi millatni mavjudligini belgilovchi muhim vazifadir” mavzusida tashkil etilgan  tadbirlar    ssenariysini ishlab  chiqishda  foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazinig 2022 yil 18 martdagi 02/02/433-son ma’lumotnomasi).  Bu  esa,  Respublika Ma’naviyat  va  ma’rifat  markazi  tomonidan  amalga  oshirilgan  ma’naviy-ma’rifiy  targ‘ibot-tashviqot  ishlarining  samaradorligini  mustahkamlashga,  ayniqsa  yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya, sportga keng jalb qilish, yoshlarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va rivojlantirish amaliyotida ilmiy-nazariy manba sifatida xizmat qilgan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlar ma’naviy xavfsizligining muhim ijtimoiy omillari (huquqiy nigilizm, etnoegoizm, mafkuraviy tarbiya, demografik portlash) va yangi ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etuvchi individual (ijtimoylashuv, o‘zini o‘zi anglash, qadriyatlar va shaxsiyatdagi qarama-qarshiliklar) xususiyatlari yangi qadriyatlar transformatsiyasi davrida  dialektik aloqadorligiga oid taklif-tavsiyalaridan “Ko‘p qutbli dunyo va geosiyosat asoslari” o‘quv qo‘llanmaning “Markaziy Osiyo regionidagi geosiyosiy jarayonlar yangi katta o‘yin konsepsiyasi va uning geosiyosiy mohiyati” deb nomlangan VII bob “Markaziy Osiyo regionidagi geosiyosiy jarayonlar” va “Yangi katta o‘yin” konsepsiyasi va uning geosiyosiy mohiyati” nomli mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand davlat universitetining 2022 yil 27 yanvardagi 10-334-son dalolatnomasi.) Natijada, o‘quv qo‘llanmaning mavzulari hamda nazariy-metodologik izchilligi oshib, globallashuv jarayonlarida O‘zbekiston yoshlarining ma’naviy havfsizligini ta’minlash bilan birga huquqiy madaniyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda jamiyatning ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlari, vositalari, usullari, huquqiy, ilmiy-axborotlashgan va mafkuraviy kurash mexanizmlarini ishlab chiqilishi ehtimoliy tahdid (destruktivlik, deviant xulq, virtual salbiy tendensiya)larni oldini olishga oid ilmiy asoslangan taklif-tavsiyalaridan “Geosiyosat asoslari” o‘quv qo‘llanmasining “Milliy manfaatlar va milliy xavfsizlik” deb nomlangan V bob “Milliy manfaatning tarkibiy qismlari, shakllari va ularni amalga oshirish usullari” va “Milliy xavfsizlik tushunchasi va uning tarkibiy qismlari” nomli mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand davlat universitetining 2022 yil 27 yanvardagi 10-335-son dalolatnomasi.) Natijada, o‘quv qo‘llanmaning mavzulari nazariy-metodologik izchilligi oshib, yosh avlodning huquqiy dunyoqarashini rivojlantirish va ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlash, jamiyatimizdagi yuzaga kelayotgan salbiy illatlarni oldini olishga, mafkuraviy immunitetini shakllantirish va ularni Vatanga sodoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan;
bugungi dunyo mafkuraviy manzarasini o‘zgarishi va yangi axborot qobig‘ini yuzaga kelishi sababli yoshlar ongida ma’naviy vandalizm xususiyatlari (ma’nosizlik, vahshiylik, vayronkorlik, kosmopolitizm)ning qasddan shakllantirilishiga hamda ularning ongida ezgulik, haqiqat va go‘zallik qadriyatlari bir butunligining buzilishiga olib kelishiga oid ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalaridan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 10 avgust kuni efirga uzatilgan “Assalom Samarqand” ko‘rsatuvi hamda 2021 yil 15 oktyabrda efirga uzatilgan “Ma’naviyat ko‘zgusi” ko‘rsatuvining navbatdagi soni ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 29 dekabrdagi 01-11/603-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ko‘rsatuvlarning badiiy samaradorligi oshib, teletomashabinga yoshlar ongida ma’naviy vandalizmni shakllanishi Yangi O‘zbekiston muhitida ijtimoiy xavf ekanligi, jamiyat ma’naviy-mafkuraviy xavfsizligini ta’minlashda nimalarga ko‘proq ahamiyat qaratish kerakligi haqida kengroq ma’lumotlar berilgan va shu bilan birga ilmiy tadqiqotda ilgari surilgan ilmiy fikr-mulohazalar yoshlarni ma’naviy-madaniy inqirozdan va ma’naviy-mafkuraviy tahdidlardan himoya qiluvchi yaratilgan tizimni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish