Tadjiev Karim Mardanakulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Takroriy ekinlardan ertaki va yuqori hosil etishtirishda stimulyatorlarni qo‘llashning ilmiy-amaliy asoslari”, 06.01.08-O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Qx77.
Ilmiy rahbar: Abdualimov Shuxrat Xamadullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Rinat Saidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Satipov Goyipnazar Matvapaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboev Saidmurod Kimsanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan g‘o‘za, kungaboqar, soya va jo‘xori ekinlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda stimulyatorlarni qo‘llash texnologiyasini ishlab chiqish, hamda tuproq unumdorligini saqlash va erlardan unumli foydalanib, paxta tolasi, oziq-ovqat va em-xashak etishtirish hajmini oshirish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida iqtisodiy samaradorlikka erishishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonning janubiy mintaqasi Surxondaryo viloyati o‘tloqilashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan g‘o‘za, kungaboqar, soya va jo‘xori ekinlarida stimulyatorlarni qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlari ilmiy asoslangan;
kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan g‘o‘zaga Oksigumat stimulyatori bilan shonalash davrida 0,5 l/ga, gullash davrida 0,5 l/ga me’yorlarda ishlov berilganda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi jadallashib, fotosintetik faoliyati yaxshilanib, paxtadan 19,1 s/ga hosil olingan va yuqori, sifatli tola etishtirishga erishilgan;
takroriy kungaboqardan ertaki va yuqori hosil etishtirishda Gumimaks stimulyatorini urug‘ga 0,75 l/t, 3-4 juft barg davrida 0,4 l/ga me’yorida ishlov berishning nihollar unib chiqishi, o‘sishi, rivojlanishi, fotosintez sof mahsuldorligi, urug‘ hosili va moydorligiga ijobiy ta’siri ilmiy asoslangan;
takroriy ekilgan soya va jo‘xori urug‘iga ekish oldidan va amal davrida Uzgumi va Ma’suda stimulyatorlarini qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda soyadan 20,2-21,1 s/ga don va 21,3-22,7 s/ga poya hosili, jo‘xoridan 20,8 -21,6 s/ga don va 123,4-128,5 s/ga poya hosili etishtirilgan holda 23,4-27,9 s/ga ildiz-ang‘iz qoldirib, tuproq unumdorligiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan bo‘shagan dalalarga takroriy g‘o‘za, kungaboqar, soya va jo‘xori ekinlarini etishtirishda stimulyatorlarni qo‘llash iqtisodiy samarali ekanligi aniqlangan va gektaridan 0,5-2,0 mln so‘m foyda olinib va qo‘shimcha paxta tolasi, oziq-ovqat, em-xashak etishtirishga erishilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublikamiz janubi Surxondaryo viloyati sharoitida kuzgi bug‘doydan keyin takroriy g‘o‘za, kungaboqar, soya va jo‘xori ekinlarini etishtirishda stimulyatorlarni qo‘llashning ilmiy va amaliy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Surxondaryo viloyatida takroriy g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil etishtirishda stimulyatorlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar», «Respublikamiz janubida kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan soya va kungaboqarda stimulyatorlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar», «Kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan jo‘xori ekinida stimulyatorlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar» tasdiqlangan (O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 may №07/25-04/3211-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanomalar kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekinlarni etishtirishda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarda qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda;
Surxondaryo viloyatining o‘tloqilashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekilgan g‘o‘zaga Oksigumat stimulyatorini qo‘llash Termiz tumanida 128,0 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 may №07/25-04/3211-son ma’lumotnomasi). Natijada takroriy g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi jadallashib, ko‘saklari 2-3 kun ertagi ochilgan va 19,4-20,0 s/ga paxta hosili etishtirishga erishilgan;
takroriy ekilgan kungaboqarda Gumimaks stimulyatorini qo‘llash Denov tumanida 25,0 ga, Muzrobod tumanida 8,7 ga maydonga, jami 33,7 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 may №07/25-04/3211- son ma’lumotnomasi). Natijada, kungaboqarni unib chiqishi 9,5-10,4% tezlashib, bo‘yi 5,5-6,0 sm baland o‘sib, gullashi 8-10 % tezlashib, 18,0-20,0 s/ga urug‘ hosili olingan va rentabellik darajasi 36,2% ni tashkil etgan;
takroriy ekilgan soya va jo‘xorida Uzgumi va Ma’suda stimulyatorlarini qo‘llash texnologiyasi Qiziriq tumanida 20,0 ga, Denov tumanida 120,6 ga, jami 140,6 ga maydonga joriy qilingan (O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 may №07/25-04/3211- son ma’lumotnomasi). Kuzgi bug‘doydan keyin ekilgan soyadan 20,2-21,1 s/ga don hosili, 21,3-22,7s/ga poya hosili olingan va moy miqdori 1,1-2,6%, oqsil miqdori 1,6-3,4% ortgan, jo‘xoridan esa 21,1-21,9 s/ga don hosili, 123,4-128,5 s/ga poya hosili etishtirilib, don tarkibidagi oqsil miqdori 0,7%, kraxmal miqdori 2,7-4,5% ortib, 11,3% rentabellikka erishilgan.