Irgashev Dilmurod Ikromovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korxonalarda foydaning shakllanishi va taqsimlanishini boshqarish tizimini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Iqt1132.
Ilmiy rahbar: Karlibaeva Raya Xojabaevna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Toshmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korxonalarda foydaning shakllanishi va taqsimlanishini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
joriy aktivlar tarkibidagi debitorlik qarzlar holati va pul mablag‘lari sarfini optimallashtirish, muomala fondlarini kamaytirish asosida moliyaviy ekspluatatsion ehtiyojlarni minimallashtirish orqali aksiyadorlik jamiyatlari rentabelligini oshirish taklifi asoslangan;
“Yangiyo‘l yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatida sof foydaning yillik o‘sishi (Tsf), mahsulot realizatsiyasidan tushumning yillik o‘sishi (Tt) va aktivlarning yillik o‘sishi (Ta) o‘rtasidagi o‘zaro funksional bog‘liqlikning Tsf>Tt>Ta>100 qoidasiga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyaviy me’yorlari taklif etilgan;
uzoq muddatli shartnomalarda daromadlarni amaldagi taxminiy ma’lumotnomalar asosida emas, bevosita bajarilgan ishlar (natijalar) darajasi hamda amalga oshirilgan xarajatlar (sarflangan resurslar) hissasi asosida aniqlash taklif etilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida dividend to‘lash amaliyotini «tizimli paradigma», «dividend va reinvestisiya koridori», «sof foyda bazasi va to‘lovlar chastotasi» va «axborotlar shaffofligi» mezonlari asosida baholashning maqsadga muvofiqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Korxonalarda foydaning shakllanishi va taqsimlanishini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
joriy aktivlar tarkibidagi debitorlik qarzlar holati va pul mablag‘lari sarfini optimallashtirish, muomala fondlarini kamaytirish asosida moliyaviy ekspluatatsion ehtiyojlarni minimallashtirish orqali aksiyadorlik jamiyatlari rentabelligini oshirish bo‘yicha taklif «Yangiyo‘l yog‘-moy» AJ faoliyatini 2021 yilda yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda va «AJning 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot dasturi»ni tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2021 yil 16 iyundagi KS/1-601-son ma’lumotnomasi). Natijada, debitorlik qarzlar va pul mablag‘lariga joriy ehtiyojdan ortiqcha rezervlarni qisqartirish hisobiga passivlar tarkibida joriy kreditorlik qarzlarini 2019 yilda 51,1 foizga, nominal mazmunda 3,65 mlrd. so‘mga qisqartirishga erishilgan;
sof foydaning yillik o‘sishi (Tsf), mahsulot realizatsiyasidan tushumning yillik o‘sishi (Tt) va aktivlarning yillik o‘sishi (Ta) o‘rtasidagi o‘zaro funksional bog‘liqlikning Tsf>Tt>Ta>100 qoidasiga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha taklifi «Yangiyo‘l yog‘-moy» AJ boshqaruv qaroriga kiritilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2021 yil 16 iyundagi KS/1-601-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, 2020 yildan boshlab korxonaning biznes strategiyasida tushumning oshishini ta’minlovchi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish bozorini o‘zlashtirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilgan;
uzoq muddatli shartnomalarda daromadlarni amaldagi taxminiy ma’lumotnomalar asosida emas, bevosita bajarilgan ishlar (natijalar) darajasi hamda amalga oshirilgan xarajatlar (sarflangan resurslar) hissasi asosida aniqlash bo‘yicha taklifi «Yangiyo‘l yog‘-moy» aksiyadorlik jamiyati hisob siyosatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2021 yil 16 iyundagi KS/1-601-son ma’lumotnomasi). Bu taklifni amaliyotga joriy etish orqali, 2019 yilda avtonomiya koeffisienti 0,76 ni tashkil qilgan bo‘lib, belgilangan normativ ko‘rsatkichdan 0,06 ga yuqori bo‘lishi va moliyalashtirish koeffisienti 3,11 ni tashkil qilib, normativ ko‘rsatkichdan 2,11 ga yuqori bo‘lishiga erishilgan. Natijada korxonalarda tushumlarni bajarilgan ishlarga mutanosib ravishda tan olish imkoniyatini bergan;
aksiyadorlik jamiyatlarida dividend to‘lash amaliyotini «tizimli paradigma», «dividend va reinvestisiya koridori», «sof foyda bazasi va to‘lovlar chastotasi» va «axborotlar shaffofligi» mezonlari asosida baholash bo‘yicha taklifi «Yangiyo‘l yog‘-moy» aksiyadorlik jamiyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2021 yil 16 iyundagi KS/1-601-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etish natijasida, oddiy aksiyalar bo‘yicha barqaror dividend to‘lash amaliyoti joriy qilinib, 2019 yildagi faol dividend siyosati natijasida bitta oddiy aksiyalar bo‘yicha to‘langan dividend 237,7 so‘mni, ya’ni aksiyalar nominal qiymatiga nisbatan 84,95 fozini tashkil qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish