Sayt test rejimida ishlamoqda

Zokirov Botirjon Pulatxujaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni O‘zbekistonga qaytarishning protsessual jihatlari», 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi ixtisosligi bo‘yicha (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu275.
Ilmiy maslahatchi: Zakurlaev Abdumutal Karimovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Dsc.32/30.12.2020.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Inagamdjanova Zumratxon Fatxullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Sultonov Abdulla Azamatovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Etakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishning protsessual mexanizmini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.  Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan taqdirda xorijiy davlat vakolatli organining protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovi xorijiy davlat protsessual qonunchiligi normalari bo‘yicha qo‘llanilishi mumkinligi asoslantirilgan;
xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni qaytarish protsessida qo‘llaniluvchi “xalqaro so‘rov” va “xorijiy davlat moliyaviy razvedka bo‘linmasi” kabi kategoriyalarini qonunchilikda yuridik ta’rifini ishlab chiqish zarurligi asoslantirilgan;
jinoiy aktivlarni qaytarishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda xorijiy davlatlar moliyaviy razvedka bo‘linmalariga zarur ma’lumotlarni yuborish, xalqaro so‘rov asosida operatsiyalarni to‘xtatib turish, legallashtirish holatlarini aniqlash, ular bo‘yicha moliyaviy tergov o‘tkazish, ushbu jinoyatlarga aloqador bo‘lgan operatsiyalarni va shaxslarni aniqlashda ko‘maklashish tartibini ishlab chiqish zarurligi asoslantirilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi va tergov organlari xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni qaytarishda xorijiy aloqa operatorlari orqali ma’lumotlar almashish, xalqaro so‘rovlarni aloqaning himoyalangan elektron kanallari orqali yoxud EGMONT moliyaviy razvedka bo‘linmalari guruhining aloqa kanallari orqali yuborish tartibini joriy qilish asoslantirilgan;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishda inson aralashuvini cheklash, funksiyalarni raqamlashtirish, har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini “past”, “o‘rta” va “yuqori” o‘lchovlarda baholab borish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini oshirish kabi mexanizmlarni tatbiq etish lozimligi asoslantirilgan;
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan: 
xorijiy davlat vakolatli organining protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan taqdirda xorijiy davlat protsessual qonunchiligi normalari bo‘yicha qo‘llanilishi mumkinligiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining 48-moddasi 33-bandida, shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 595-modda bilan to‘ldirilishida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022 yil 29 iyulidagi 04/2-10/3729-son ma’lumotnomasi). Natijada, xorijiy davlat vakolatli organlarining protsessual harakatlarni O‘zbekiston hududida bajarish to‘g‘risidagi so‘rovi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmasa, xorijiy davlat protsessual qonunchiligi normalari qo‘llanilishi tartibi joriy etilgan;
xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni qaytarish protsessida qo‘llaniluvchi “xalqaro so‘rov” va “xorijiy davlat moliyaviy razvedka bo‘linmasi” kabi kategoriyalarga yuridik ta’rif berishga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 12/21-43-son dalolatnomasi). Natijada, xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni O‘zbekistonga qaytarishda “xalqaro so‘rov” va “xorijiy davlat moliyaviy razvedka bo‘linmasi” kabi yuridik atamalar ishlab chiqilgan;
jinoiy aktivlarni qaytarishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda xorijiy davlatlar moliyaviy razvedka bo‘linmalariga zarur ma’lumotlarni yuborish, xalqaro so‘rov asosida operatsiyalarni to‘xtatib turish, legallashtirish holatlarini aniqlash, ular bo‘yicha moliyaviy tergov o‘tkazish, ushbu jinoyatlarga aloqador bo‘lgan operatsiyalarni va shaxslarni aniqlashda ko‘maklashish tartibini ishlab chiqishga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 7 va 10-bandlarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 12/21-43-son dalolatnomasi). Bu jinoiy aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishda xorijiy davlatning vakolatli organlari bilan hamkorligi amaliyoti takomillashuviga xizmat qilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi va tergov organlari xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan xorijga chiqarilgan jinoiy daromadlarni qaytarishda xorijiy aloqa operatorlari orqali ma’lumotlar almashish, xalqaro so‘rovlarni aloqaning himoyalangan elektron kanallari orqali yoxud EGMONT moliyaviy razvedka bo‘linmalari guruhining aloqa kanallari orqali yuborish tartibini joriy etishga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning 22 va 25-bandlarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 12/21-43-son dalolatnomasi). Bu vakolatli davlat organlari tomonidan jinoiy aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha protsessual harakatlarni amalga oshirish  aloqa kanallarini qonunchilik bilan mustahkamlashga xizmat qilgan;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishda inson aralashuvini cheklash, funksiyalarni raqamlashtirish, har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini “past”, “o‘rta” va “yuqori” o‘lchovlarda baholab borish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini oshirishga oid takliflar Milliy gvardiyaning 2022 yil 31 maydagi 153-son “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi buyrug‘ining 1-bandi ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2022 yil 12 iyuldagi 7570/b-son dalolatnomasi). Ushbu taklif Milliy gvardiya bo‘linmalari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini kamaytirishda inson aralashuvini cheklashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish