Sayt test rejimida ishlamoqda

Ergashev Rustam Rajabovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Soliq siyosatining norasmiy iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishga qaratilgan mexanizmlarini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Iqt1237.
Ilmiy rahbar: Niyazmetov Islambek Masharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Burxanov Aktam Usmanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jumaniyazov Inomjon Turaevich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Etakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi soliq siyosatining norasmiy iqtisodiyot hajmini qisqartirishga qaratilgan mexanizmlarini takomillashtirishga doir ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektron tijorat sub’ektlarining Milliy reestriga kiritilgan soliq to‘lovchilardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 2 barobar pasaytirish orqali elektron savdo ishtirokchilarining davlat ro‘yxatidan o‘tishini rag‘batlantirish asoslangan;
iste’molchilarning rasmiy hisob-kitob xarid cheklari va chekka tenglashtirilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan summalarning bir qismini qaytarib berish amaliyotini tatbiq etish orqali iqtisodiyotda norasmiy pul aylanmalarini kamaytirish asoslangan;
telekommunikatsiyalar operatorlari va provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi kichik biznes sub’ektlariga soliq yukini kamaytirishda aylanmadan soliqni faqat vositachilik haqi tarzidagi daromadlariga nisbatan va pasaytirilgan stavkada qo‘llash taklif etilgan;
yashirin aylanmalarning salmog‘i yuqori bo‘lgan umumiy ovqatlanish sohasi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining naqdsiz hisob-kitoblar orqali olgan daromadlarini umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy o‘tishda hisobga olinuvchi umumiy daromad hajmiga kiritmaslik taklifi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Soliq siyosatining norasmiy iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
elektron tijorat sub’ektlarining Milliy reestriga kiritilgan soliq to‘lovchilarga foyda solig‘i stavkasini pasaytirish yuzasidan ishlab chiqilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5755-sonli Farmonida o‘z aksini topgan (Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 25 yanvardagi 04-11/457-sonli ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida Elektron tijorat sub’ektlarining milliy reestriga kiritilgan soliq to‘lovchilarga foyda solig‘ini 7,5 foiz stavkada to‘lash imtiyozi berilgan bo‘lib, bu norasmiy pul aylanmalarni soliqqa tortishga xizmat qilgan;
iste’molchilarning rasmiy hisob-kitob xarid cheklari va chekka tenglashtirilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan summalarning bir qismini qaytarib berish amaliyotini tatbiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4389-sonli Qarorida o‘z aksini topgan (Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 25 yanvardagi 04-11/457-sonli ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil` ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganlarga o‘sha xarid summasining  1 foizi byudjetdan qaytarilmoqda hamda bu orqali iste’molchilar tomonidan to‘lovlarni rasmiy tarzda amalga oshirilishini ta’minlashga erishilgan;
telekommunikatsiyalar operatorlari va provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi kichik biznes sub’ektlariga soliq yukini kamaytirishda aylanmadan soliqni faqat vositachilik haqi tarzidagi daromadlariga nisbatan va pasaytirilgan stavkada qo‘llash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 
PF-5755-sonli Farmonida o‘z aksini topgan (Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 25 yanvardagi 04-11/457-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi natijasida yillik tushumi yuz million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tishi orqali bunday faoliyatdagi norasmiy tushumlarni soliq bazasiga kiritish imkoniyati va soliq solishdagi adolat mezonlari ta’minlangan;
yashirin aylanmalarning salmog‘i yuqori bo‘lgan umumiy ovqatlanish sohasi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining naqdsiz hisob-kitoblar orqali olgan daromadlarini umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy o‘tishda hisobga olinuvchi umumiy daromad hajmiga kiritmaslik taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2020 yil 30 oktyabrdagi PF-6098-son “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida o‘z aksini topgan (Innovatsion rivojlanish vazirligining
2021 yil 25 yanvardagi 04-11/457-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi natijasida umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi belgilanib, mazkur sohada norasmiy to‘lovlarni rasmiy tarzda amalga oshirishga o‘tilishi rag‘batlantirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish