Raxmonov Ikrom Abdukarimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan erlar holatini yaxshilashda biomeliorativ yondoshuvlar (Sirdaryo viloyati misolida)», 03.00.10 – Ekologiya, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/V672.
Ilmiy rahbarlar: Qo‘shiev Habibjon Hojiboboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Toshbekov O‘ktam, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/27.02.2020.V.01.15 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xo‘janazarov O‘ktam Eshtemirovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan erlarning ekologik va meliorativ holatini yaxshilashning biomeliorativ yondoshuvlarga asoslangan agrotexnologiyasini (Sirdaryo viloyati misolida) yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan erlar meliorativ holatiga sug‘orish suvlari miqdori hamda sug‘orish muddatlarining ta’siri Sirdaryo viloyati Boyovut tumani misolida asoslangan;
ilk bor sug‘oriladigan erlar tuproqlari sho‘rlanishini agroekologik omillar va kosmik ma’lumotlarni indeksatsiya usullari asosida bashorat qilish, algoritmik yondashuvlar asosida baholash, bashoratlash xaritalarini tuzish va monitoring qilish tizimi ishlab chiqilgan;
tuproqlar ekologiyasiga sho‘rlanish ta’siri aerokosmik va spektral ma’lumotlar, vegetatsiya indekslari, o‘simlik indikatorlari, empirik ma’lumotlar asosida aniqlangan hamda tajriba olib borilgan erlarning elektron xaritalari modulli innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqilgan;
sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini o‘simlik resurslari yordamida yaxshilash agrotexnologiyasi ishlab chiqilgan;
sizot suvlari sathi va mineralizatsiyasining o‘zgarishiga ochiq ikki tomoni berk zovurning ta’siri ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Cug‘oriladigan erlar holatini yaxshilashda biomeliorativ yondoshuvlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sho‘rlangan sug‘oriladigan erlar holatini biomeliorativ yondashuvlar asosida ekologik yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy ishlanma Sirdaryo viloyati sharoitida sho‘rlanish tufayli foydalanishdan chiqib ketgan ekin maydonlarda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 02/022-4658-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘simlik resurslari yordamida er osti sizot suvlarini 4 metrgacha pasaytirish va tuproqning ustki qatlamida sho‘rlanish darajasini kamaytirish asosida iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
o‘simlik resurslari yordamida sho‘rlangan erlarni ekologik qayta tiklash bo‘yicha olingan natijalardan №S-A-2018-005 “Sho‘rga chidamli o‘simliklar genofondini boyitish, caqlash, reproduksiya olish va undan ishlab chiqarishda foydalanishni yo‘lga qo‘yish” mavzusida amaliy loyihasida sho‘rga chidamli o‘simliklarni tavsiflashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 oktyabrdagi 89-03-4078-son ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rga chidamli o‘simliklar biologik xususiyatlariga ko‘ra baholash va raqamli texnologiyalarga asoslangan elektron pasportini yaratish imkonini bergan;
sug‘oriladigan erlarning sho‘rlanish darajasini pasaytirish va ekologik qayta tiklash maqsadida shirinmiya o‘simligidan foydalanish bo‘yicha yaratilgan agrotexnologiyadan Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida sho‘rlangan erlarning meliorativ holatini yaxshilashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 02/022-4658-son ma’lumotnomasi). Natijada, foydalanishdan chiqib ketgan tuproqlar unumdorligini oshirish imkonini bergan.