Shoyimov Yo‘lchi Yusupovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Tortish elektr ta’minoti qurilmalarining boshqaruv tizimlari uchun diapazoni rostlanadigan ferromagnit tok o‘zgartirgichlari”, 05.01.06 – Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/T2838
Ilmiy rahbar: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Abdukayumov Abdurashid Abdukayumovich, texnika fanlari doktori, professor; Mamadjanov Alisher Mamajanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ferromagnit tok o‘zgartirgichlarning funksional imkoniyatlari diapazonini uning quyi chegarasini kontaktsiz o‘zgartirish hisobiga rostlash va sezgirligini oshirish orqali kengaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
toki o‘lchanadigan chulg‘am o‘ramlari sonini kontaktsiz o‘zgartirish orqali diapazoni rostlanadigan yangi ferromagnit tok o‘zgartirgich yaratilgan;
ferromagnit tok o‘zgartirgichi diapazonini magnit o‘tkazgichni o‘ramlarining soni rostlanadigan ko‘p o‘ramli o‘zak ko‘rinishida yasash orqali kengaytirish va sezgirligini oshirish usuli ishlab chiqilgan;
ferromagnit tok o‘zgartirgichlar ko‘p o‘ramli po‘lat o‘zagining magnitlanish xarakteristikasi nochiziqligi, elektr va magnit zanjirlari parametrlarining taqsimlanganligini inobatga olgan holda matematik modellari ishlab chiqilgan;  
ferromagnit tok o‘zgartirgichlar magnit zanjirini hisoblashni soddalashtirish maqsadida ulardagi ko‘p o‘ramli po‘lat o‘zakni havo oraliqlarisiz toroidal o‘zak bilan ekvivalent almashtirish imkoniyatini beruvchi analitik bog‘lanishlar aniqlangan
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diapazoni rostlanuvchi ferromagnit tok o‘zgartirgichlarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tokni kontaktsiz o‘lchash qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiroga patent olingan (№IAP 03617; 2008 y.). Natijada, tortish elektr ta’minoti jihozlaridagi toklarni yuqori sezgirlik bilan o‘lchaydigan va diapazoni kontaktsiz rostlanuvchi qurilma yaratilgan;
sezgirligi yuqori va diapazoni rostlanadigan ferromagnit tok o‘zgartirgich «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ning «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasiga qarashli «Chuqursoy» tortuvchi nimstansiyasida joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2022 yil 7 iyundagi 01/1929-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, tok to‘g‘risidagi o‘lchash ma’lumotini narxi nisbatan arzon va aniqligi 1% ga yuqori bo‘lgan o‘lchash qurilmasi yordamida olish natijasida tortuvchi nimstansiyadagi elektr energiyasi isrofini 4% ga kamaytirish imkoniyati yuzaga kelgan;
o‘zgarmas va o‘zgaruvchan toklarni o‘zgartiruvchi, diapazoni rostlanuvchi ferromagnit tok o‘zgartirgichlari uchun ishlab chiqilgan matematik modellar va ko‘p o‘ramli po‘lat o‘zakni havo oraliqlarisiz toroidal o‘zak bilan ekvivalent almashtirish imkoniyatini beruvchi analitik bog‘lanishlar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasining «Chuqursoy» tortish nimstansiyasida joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2022 yil 7 iyundagi 01/1929-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, diapazoni rostlanuvchi yangi ferromagnit tok o‘zgartirgichlari qo‘llanilgan tortish elektr ta’minoti qurilmalari boshqarish tizimining aniqligini 1,0% ga oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish