Xojiev Baxtiyor Ilxomovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Buxoro-Xiva regioni g‘arbiy qismi mezozoy yotqiziqlarining neftgazga salohiyati va mahsuldorligi», 04.00.07 – Neft` va gaz konlari geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/GM49.
Ilmiy maslahatchi: Bogdanov Aleksandr Nikolaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, DSc.24/30.12.2019.GM.41.01.
Rasmiy opponentlar: Irgashev Yuldashboy, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor; Radjabov Shuxrat Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, dotsent; Xayitov Odiljon G‘afurovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “O‘zbekgeofizika” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro-Xiva regionining g‘arbiy qismidagi mezozoy yotqiziqlarining neftgazga salohiyatini baholashning ilmiy geologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro-Xiva regioni g‘arbiy qismining neftgazga salohiyatini miqdoriy baholash maqsadida mezozoy yotqiziqlari mahsuldor gorizontlarining struktura modellari ishlab chiqilgan;
yuqori bo‘r va o‘rta yura terrigen yotqiziqlarining turli tipdagi neft` va gaz tutqichlarini bashorat qilish uchun quyi bo‘r va yuqori yura karbonat yotqiziqlarining geologik tuzilish qonuniyatlari aniqlangan;
Chordjo‘y pog‘onasinig Uchbash-Qarshi fleksura-yoriqli zonasi bo‘ylab monoklinal qismida joylashgan mezozoy yotqiziqlarining mahsuldorligini noantiklinal tutqichlar bilan bog‘liqligi aniklangan;
o‘rta yura va quyi bo‘r davrining terrigen yotqiziqlari qalinligining o‘zgarishini tahlili asosida Chordjo‘y pog‘onasining neftgazga salohiyatini oshirish istiqbollari isbotlangan;
Buxoro-Xiva regioni g‘arbiy qismi mezozoy yotqiziqlarining mahsuldorligi asosan uglevodorodlarning pastda joylashgan gorizontlaridan yuqoridagi gorizontlarga vertikal migratsiyasi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
Buxoro-Xiva regioni g‘arbiy qismida bashorat uglevodorod resurlarining taqsimlanishi va ularning konsentratsiya darajasi asosida mezozoy yotqiziqlarining neftgazga salohiyati va burg‘ilash ishlarining yuqori rentabelligi isbotlangan;
D1 va D2 toifadagi bashoratli uglevodorod resurslarining joylashish va taqsimlanish darajasiga ko‘ra Buxoro-Xiva regionining g‘arbiy qismidagi mezozoy yotqiziqlarining neftgazga istiqbollilik xaritasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buxoro-Xiva regionining g‘arbiy qismi mezozoy yotqiziqlarining mahsuldorligini va neftgazga salohiyatini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Xatar maydonida geologik-qidiruv ishlarini qayta tiklash yuzasidan tavsiya «O‘zbekgeofizika» AJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 20 iyundagi 32-2890-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xatar strukturasi va Sharkiy Xatar konining geologik modeli aniqlashtirilgan, qidiruv qudug‘i burg‘ilanib 55 ming.m3/sutka miqdorida sanoat miqyosidagi gaz oqimini olish imkonini bergan;
aniqlangan Sholikor va Gurlan strukturalarini izlov burg‘ilashga tayyorlash maqsadida batafsil izlov seysmikqidiruv ishlarini bajarish yuzasidan tavsiya «O‘zbekgeofizika» AJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 20 iyundagi 32-2890-son ma’lumotnomasi). Natijada, uglevodorodlarning istiqbolli resurslari 4 mln.t.sh.yo.ga yaqin bo‘lgan Gurlan neftgazga istiqbolli strukturasini chuqur burg‘ilashga tayyorlash imkonini bergan;
Buxoro-Xiva regioni Buxoro pog‘onasining Yangikazgan ko‘tarilmasi, Chordjo‘y pog‘onasining Uchqir-Pitnyak vali va Birgutli egikligi hududlarida MOGT-2D batafsil izlov seysmikqidiruv ishlarini bajarish yuzasidan tavsiya «O‘zbekgeofizika» AJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 20 iyundagi 32-2890-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xojitepa, Nurlisoy, Maqsudko‘l neftgazga istiqbolli strukturalari yura davri karbonat yotqiziqlari ustki qismi bo‘yicha aniqlashga xizmat qilgan;
Xorazm monoklinal hududida (Buxoro-Xiva regionining shimoli-g‘arbiy qismi) MOGT-2D batafsil-izlov seysmikqidiruv ishlarini bajarish yuzasidan tavsiya «O‘zbekgeofizika» AJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 20 iyundagi 32-2890-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xazorasp, Pitnyak, Jayxun, Miskin, Bog‘ot, Yangi Bozor neftgazga istiqbolli strukturalari yura davri karbonat yotqiziqlari ustki qismi bo‘yicha aniqlash imkonini bergan;
Kurgan strukturasida 3-sonli izlov qudug‘ini burg‘ilash orqali izlov ishlarini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tavsiya «O‘zbekneftgaz» AJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2022 yil 20 iyundagi №32-2890-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu struktura 2022 yil uchun burg‘ilash ishlari rejasiga kiritilgan va quduqga geologik-texnik loyihalarni ishlab chiqish imkonini bergan.