Saidvaliev Saidazim Saydiamirxanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Palma va kokos moylari asosida yuvuvchi vositalarning yangi tarkiblarini va ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish», 02.00.17 – Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/T107.
Ilmiy maslahatchi: Majidov Qaxramon Halimovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.03/30.12.2019.T.04.01.
Rasmiy opponentlar: Serkaev Qamariddin Pardaevich, texnika fanlari doktori, dotsent; Tillaeva Gulnora Urinbaevna, texnika fanlari doktori, professor; Ahmedov Azimjon Normo‘minovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: palma va kokos moylari asosidagi yarimtayyor mahsulotlarga elektrokimyoviy ishlov berish orqali yuvuvchi vositalar ishlab chiqarishning takomillashtirilgan texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
atir sovuni qattiqligi va iste’mollik xususiyatlarining yuqori darajasi S12-S18 qatori to‘yingan yog‘ kislotalarining yuqori miqdori (65 % gacha) va linol kislotasining kam miqdori (ko‘pi bilan 6 % gacha) bilan belgilanishi isbotlangan;
stearat massa ulushining 16 % gacha oshirish bilan atir sovunining iste’molchilik xususiyatlarining yaxshilanishi va qattiqligini 420 g/sm2 gacha o‘sishi aniqlangan;
qattiq turdagi sovunlarning resepturasiga 5% gacha alkilbenzolsulfo-kislota kiritilishi sovunning ko‘piklanish qobiliyatini 460 ml gacha oshirishi aniqlangan;
sovunlangan yog‘li xomashyo aralashmalarini elektromagnit ishlov berishdan foydalanib, yuvuvchi vositalar ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi yaratilgan;
kamida 0,3 Tl magnit induksiyasi bilan tavsiflangan magnit maydonda ishlov berishda sovun qirindilarining qovushqoqligi sezilarli darajada pasayishi aniqlandi. Qovushqoqligining pasayishi magnit induksiyaning 0,5 Tl gacha oshishi bilan davom etib, shundan so‘ng elektromagnit ta’sirning intensivligi sezilarli darajada kamayishi aniqlangan;
tarkibiga 0,25% miqdorida plastinali sovun missellalarining turli qismlariga singdiruvchi biologik faol qo‘shimchalar kiritish bilan past qovushqoqli, plastik sovun ishlab chiqarilgan;
palma va kokos moylari, biologik faol moddalar asosida yuvuvchi vositalar ishlab chiqarishning takomillashtirilgan texnologiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Palma va kokos moylari asosida yuvuvchi vositalarning yangi tarkiblarini ishlab chiqish va olish texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarkibiga 30 % gacha mahalliy xomashyo qo‘shish bilan qattiq sovunlar ishlab chiqarish texnologiyasi «PRIME SOPONE» MChJda ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zyog‘moysanoat» uyushmasining 2021 yil 18 martdagi KS/3-342-son ma’lumotnomasi). Natijada, korxonaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini bergan;
sovunli suyuqlik asosida suyuq yuvish vositasini ishlab chiqarish usuli «Alviero» XKda ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zyog‘moysanoat» uyushmasining 2021 yil 18 martdagi KS/3-342-son ma’lumotnomasi). Natijada, sovunga ishlatiladigan ishqor sarfini 12% gacha, hosil bo‘ladigan oqava suvlar miqdorini 10% gacha qisqartirish imkonini bergan;
xomashyo - sovun qirindilariga elektromagnit ishlov berish texnologiyasi «Alviero» XKda ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zyog‘moysanoat» uyushmasining 2021 yil 18 martdagi KS/3-342-son ma’lumotnomasi). Natijada, sovunlanish jarayoni vaqtini o‘rtacha 2 - 3 soatga qisqartirish va energiya sarfini 20 - 25 % ga tejash imkonini bergan.