Almamatov Baxromjon O‘ktamovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida
falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kartoshka va batatning o‘sish-rivojlanishiga abiotik omillar ta’sirini boshqarishning fiziologik-biotexnologik xususiyatlari», 03.00.12 - Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/V530.
Ilmiy rahbar: Qo‘shiev Habibjon Hojiboboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03.30.02.2021.B.72.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti: batatning “GulDU-2” navi (NAP 00324), “GulDU-3” navi (NAP 00335) “Mirzacho‘l” navi (NAP 00336), “Sirdaryo” navi (NAP 00337).
II. Tadqiqotning maqsadi batat va kartoshkaning tuproq-iqlim sharoitga mos navlarini tanlash, yaratish va biotexnologik usullar asosida patogensiz ko‘chatlarini olishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
batat va kartoshka navlarini biotexnologik (in vitro) ko‘paytirishda optimal sharoiti ishlab chiqilgan hamda ozuqa muhiti tarkibida fitogormonlarning maksimal stimulyasion konsentratsiyasi va optimal nisbatlari aniqlangan;
tanlab olingan batat va kartoshka navlarini mikroklonlashda ozuqa muhiti tarkibining optimal sharoitlari aniqlangan;
In vitro sharoitida mikroklonlash uslubi yordamida olingan va tuproqqa ko‘chirib o‘tkazilgan batat ko‘chatlarida transpiratsiya jarayoni hamda fotosintetik pigmentlar miqdori o‘zgarishiga ko‘ra adaptatsiya dinamikasi aniqlangan;
biotexnologik usullar yordamida batatning NAP 00324-GulDU-2; NAP 00335-GulDU-3; NAP 00336-Mirzacho‘l; NAP 00337-Sirdaryo navlari yaratilgan;
yaratilgan batat navlarini etishtirish va hosildorligi bo‘yicha iqtisodiy samaradolik ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kartoshka va batatning o‘sish-rivojlanishiga abiotik omillar ta’sirini boshqarishning fiziologik-biotexnologik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
batatning yaratilgan NAP 00324 GulDU-2, NAP 00335 GulDU-3, NAP 00336 Mirzacho‘l va NAP 00337 Sirdaryo navlari Sirdaryo viloyatining “Asl anor” fermerlar korporatsiyasi, Andijon viloyatining “Naynavo oqshomi” fermer xo‘jaligi, Respublika kartoshkachilik markazi ekin maydonlarida ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 21 yanvardagi 89-03-351-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan batat navlari asosida urug‘chilik tizimini tashkil etish imkonini bergan;
batatning yaratilgan va istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlari sifatida davlat reestriga kiritilgan GulDU-2, GulDU-3, Mirzacho‘l va Sirdaryo yangi navlari Sirdaryo va Andijon viloyatlari tuproq-iqlim sharoitiga mos noan’anaviy qishloq xo‘jaligi ekini sifatida ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 iyundagi 02/029-2577-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sirdaryo va Andijon viloyatlari sharoitida ekin maydonarida batat etishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda hosildorligining iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish imkonini bergan.