Sanaev Normumin Norberdievichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida
fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning turichi va turlararo duragaylash negizida olingan tizmalarda qurg‘oqchilikka chidamlilik belgisining genetik asoslari», 03.00.09 - Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/B50.
Ilmiy maslahatchi: Yunusxonov Shavkat,  biologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.V.53.01.  
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti: g‘o‘zaning “Sadaf” navi (NAP 00144), “Iftixor-2” navi (NAP 00351), “Afsona” navi (NAP 00345).
II. Tadqiqotning maqsadi Gossypium hirsutum L.  turiga mansub, turichi va turlararo duragaylash negizida olingan g‘o‘zaning introgressiv tizmalari ishtirokidagi duragay avlodlarida qurg‘oqchilikka chidamlilik belgisining genetik asoslarini tavsiflash asosida suv tanqisligiga chidamli yangi g‘o‘za navlar yaratish hamda seleksiyada qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor genetik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan yovvoiy g‘o‘za turlari ishtirokida olingan introgressiv tizmalar va navlarning ota-ona shakllarni tanlash, duragaylash, duragay avlodlarda qimmatli-xo‘jalik belgilarini fenotipik yuzaga chiqishi hamda belgi va xususiyatlarning irsiylanish qonuniyatlari aniqlangan;
turlararo chatishtirish asosida olingan duragaylarda konussimon shakldagi o‘simliklar noqulay tashqi omillarga chidamli ekanligi, xosil elementlarini maksimal darajada ushlab qolishi, asosiy poya balandligi o‘zgarmasligi, ildiz tizimi kuchli rivojlanmaganligi sababli tomchilatib sug‘orish tizimiga mos ekanligi isbotlangan;
suv tanqisligiga chidamsiz formalar chatishtirib olingan duragay kombinatsiyalarda turlicha suv bilan ta’minlangan variantlarda xlorofill miqdori bir-birdan sezilarli darajada farq qilishligi, suv tanqisligiga o‘rtacha va yuqori darajada chidamli bo‘lgan formalar chatishtirishdan olingan duragay kombinatsiyalarda esa xlorofill miqdori yuqori darajada o‘zgarmasligi  aniqlangan;
qurg‘oqchilik sharoitlariga g‘o‘zaning konussimon, hosil shoxlari I-tip ixcham shoxlanishga ega bo‘lgan shakllari chidamli bo‘lib, tarvaqaylagan, silindrsimon va konussimon II, III-tip hosil shoxlanishli  shakllariga nisbatan hosildorligi yuqori bo‘lishi kuzatilgan;
hosildorligi va tola sifat ko‘rsatkichlari yuqori, qimmatli xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan belgi va xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan turli noqulay tashqi omillarga chidamli bo‘lgan seleksion ashyolar yaratilgan;
o‘rta tolali g‘o‘zaning qurg‘oqchilikka bardoshli, ertapishar, hosildor, tola sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan yangi navlarini yaratishda o‘simlik shakli konussimon va I-tip xosil shoxlariga ega bo‘lgan shakllarni tanlash zarurligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning turichi va turlararo duragaylash negizida olingan tizmalarda qurg‘oqchilikka chidamlilik belgisining genetik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yangi yaratilgan Afsona g‘o‘za navining urug‘lik materiallari Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 21 dekabrdagi 4/1255-2907-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Afsona” g‘o‘za navining elita urug‘lik ashyolari o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi fondini qurg‘oqchilikka chidamli, serxosil, tola sifat ko‘rsatkichlari yuqori, ertapishar namunalar bilan boyitish imkonini bergan;
Afsona g‘o‘za navi 2020 yilda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Bek klaster” MChJ qo‘shma korxonasining Sardoba suv ombori toshqinidan zarar ko‘rgan maydonlarga 0,5 gektar maydonga tajriba sinov sifatida, 2021 yilda “Baxor” xo‘jaligining 14 gektar maydoniga, 2022 yilda “T.Axmedov” xo‘jaligida 2,0 gektar maydonga joriy etilgan (Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Bek klaster” MChJ qo‘shma korxonasining 2022 yil 24 avgustdagi 01-03/378-son ma’lumotnomasi). Natijada, Afsona g‘o‘za navi suv tanqisligiga chidamliligi, zararkunanda va kasalliklarga bardoshliligi, xosildorligi va ertapisharligi hamda mashinabopligi bilan iqtisodiy samaradorlik imkoniyatini bergan;
Afsona g‘o‘za navi Samarqand viloyati Narpay tumani “Maroqand sifat” MChJ (klaster)i xududida 1,37 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bulung‘ur shaxri “MAROQAND SIFAT” MChJ ning 2020 yil 01 dekabrdagi 212 –son ma’lumotnomasi). Natijada, Afsona g‘o‘za navining birinchi terimidan 34,8 s/ga paxta xom ashyosi olish imkonini bergan;
Afsona g‘o‘za navi Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Agrosanoat ishlab chiqarish kompleksi” MChJ xorijiy korxonasida 4,5 gektar maydonga joriy etilgan (“Agrosanoat ishlab chiqarish kompleksi” MChJ ning 2021 yil 15 noyabrdagi 353-son ma’lumotnomasi). Natijada, Afsona g‘o‘za navining noqulay tashqi omillarga bardoshli ekanligi, xosil elementlarini yuqori darajada saqlab qolishi xisobiga yuqori xosil olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish