Kenjaev Timur Isomovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi: qiyosiy-xuquqiy tahlil”, 12.00.12 - Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Yu395.
Ilmiy rahbar: Pulatov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Baxodir Islamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xayitov Xushvaqt Saparbaevich, yuridik fanlar doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlarini aniqlash, muammolar va rivojlanish istiqbollarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatimizda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini ta’minlash, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish sohasida vakolatlar berilishi lozimligi asoslantirilgan;
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqish zarurati asoslab berilgan;
qonunchilik darajasida, xususan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” tushunchasining aniq belgilanishi lozimligi asoslantirilgan;
davlat organlarining qonun ijodkorligi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mexanizmi sifatida korrupsiyaga qarshi mustaqil, ilmiy ekspertiza institutini milliy darajada joriy etish zaruriyati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot mobaynida olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanildi:
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi to‘g‘risida”gi va “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonunlarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 29 iyunda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6013-son Farmonining oltinchi va uchinchi xatboshining tegishli 3- va 11-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 24 avgustdagi 30/8-22-63-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning tadbiq etilishi korrupsiyaga qarshi ekspertiza institutining yanada rivojlanishiga turtki berdi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligining shu sohadagi vazifalari va faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
“korrupsiyaga qarshi ekspertiza” tushunchasi ta’rifini qonun hujjatlariga kiritish zarurati to‘g‘risida taklif “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 1-bandida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining 2022 yil 30 maydagi 1-10/1-286/8-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifdan foydalanish yuqorida qayd qilingan tushuncha ta’rifini normativ-huquqiy hujjat darajasida muhrlash imkonini bergan, bu esa mazkur sohadagi eng muhim masalaga oydinlik kiritgan;
O‘zbekiston Respublikasida qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi mustaqil ekspertizadan o‘tkazish institutini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 oktyabrda imzolangan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5263-son qarorida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining 2022 yil 30 maydagi 1-10/1-287/8-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, jismoniy shaxslar – mustaqil ekspertlarga korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish imkoniyatini taqdim etgan;
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligiga korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish vakolatini berish taklifi  2022 yil 26 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan QL-son “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 5 va 6-moddalarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022 yil 8 avgustdagi 04/2-10/3831-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi davlat ekspertizasini o‘tkazuvchi sub’ektlar doirasini kengaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish