Djumaeva Nozima Djuraboyevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ingliz va o‘zbek xalq ertaklarida sehrli predmetlar obrazlantirilishining motivatsion xususiyatlari», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil981.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raeva Malohat Muxammadovna, filologiya fanlari doktori, professor; Qahhorova Iroda Siddiqovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek xalq ertaklaridagi sehrli predmetlar obrazining o‘rni, genezisi, badiiy ko‘rinishlaridagi mushtaraklik va individuallik, ularning motivatsion xususiyatlari, milliy-madaniy belgilari, poetik vazifalari jihatidan o‘xshashligini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz hamda o‘zbek ertaklaridagi sehrli predmetlar obrazining     tarixiy-fol`kloriy, badiiy-estetik asoslarini aniqlash orqali ularning genezisi bevosita qadimgi insonlarning animistik, totemistik, fetishistik singari ilk dunyoqarash shakllariga borib taqalishi aniqlangan;
ingliz va Evropa madaniyatidan darak beruvchi tilsimli predmetlarning konseptual, freym, lingvokul`turologik xususiyatlari sehrli arfa, dudka, karnay, pech`, Jonni keyk, Bennok, pudding, o‘zbek xalq ertaklaridagi predmetlar esa sehrli kovush, paranji, kuloh, piyola, supra, sandiq, po‘stin, shamchiroq, dutor, nay, kulcha, buloqi kabi magik birliklarda xalq milliy madaniyatining birlamchi omili sifatida namoyon bo‘lishi asoslangan;
turli tizimli tillarda sehrli predmetlar obrazlantirilishining  motivatsion xususiyatlari kognitiv va funksional maydon tarkibiy birliklarining tasnifiy omillari ekanligi va ularning dominant komponent (yadro) atrofida birlashuvchi ikkilamchi (periferik) elementlar qo‘llanishini voqelantiruvchi kuch ekanligi isbotlangan;
ingliz hamda o‘zbek ertaklarida sehrli predmetlar obrazini gavdalantiruvchi funksional-motivatsion xususiyatlarining hamda ular voqelantiradigan vazifalarning individual va mushtarak jihatlari orqali ikki xalq ertaklaridagi tilsim predmetlarda poetik vazifadoshlik ustunligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek xalq ertaklarida sehrli predmetlar obrazlantirilishining motivatsion xususiyatlarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natija va xulosalar asosida:
ingliz va o‘zbek xalq ertaklarda sehrli predmetlar obrazining tarixiy-fol`kloriy asoslari miflarga borib bog‘lanishini asoslash uchun jahon va o‘zbek ertaklaridagi sehrli predmetlar obrazining spesifik xususiyatlari, o‘xshash va farqli jihatlari, ularda milliylik ifodasini aniqlashga qaratilgan xulosalardan Navoiy davlat pedagogika institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-XT-0-19919A-1-118 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Navoiy davlat pedagogika institutining 2021 yil 28 iyundagi 8887-1828/04-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishi ingliz va o‘zbek ertaklarida o‘xshash sehrli predmetlar obrazining genezisi, ko‘rinishlari, vazifalari, mifologik, badiiy-estetik talqin xususiyatlari orasidagi yaqinliklar va o‘ziga xosliklarga oid yangi ilmiy manba va ma’lumotlar bilan boyigan;
har bir xalqning ertaklarida to‘kin va farovon turmush, qulay va baxtli hayot haqidagi yuksak orzu-intilishlari kiyim-kechak, bezak va taqinchoq, oziq-ovqat, mehnat va jang qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari shaklidagi tilsim predmetlar turli xil ko‘rinishlarda va badiiy vazifalarda namoyon bo‘lishiga xos xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida 2011-2014 yillarda bajarilgan I-204-4-5 “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan   axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” mavzusidagi innovatsion tadqiqot loyihasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2021 yil 30 iyundagi 1386/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek xalq ertaklaridagi sehrli predmetlarning mushtarak va farqli jihatlarini qiyoslab o‘rgatish, bunda axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida virtual resurslar yaratilgan hamda o‘quv jarayoniga joriy qilingan;
ingliz va o‘zbek ertaklaridagi sehrli predmetlarning obrazlantirilishiga xos xususiyatlarni qiyosiy-tipologik o‘rganish orqali ularning mushtarak va farqli jihatlarini, milliylik ifodasini ochib berishga qaratilgan natijalardan 2018-2019 yillarda Buxoro davlat universitetida bajarilgan AQShning SUZ800-18-IN0049 raqamli “Kitobxonlar klubi” (“Readers Club at the Department of the English Literature”) mavzusidagi xorijiy loyihada ushbu klub faoliyatini tashkil qilish va olib borishda foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2021 yil 29 iyundagi  05-01-0317-son ma’lumotnomasi). Natijada “Kitobxonlar klubi” a’zolarining qiyosiy adabiyotshunoslik va fol`klorshunoslikka oid qiziqish, bilimlari oshirilishiga hamda o‘quvchi-kitobxonlarda lingvistik va kommunikativ qobiliyatning takomiliga erishilgan;
ingliz hamda o‘zbek ertaklaridagi sehrli predmetlar obrazining poetik vazifadoshligiga xos takomil belgilari, individuallik hamda umumiylik, yaqinlik va mushtaraklik qirralariga doir xulosalardan Buxoro telekanalining “Assalom Buxoro”, “Sakkizinchi mo‘’jiza” teleko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 9 iyundagi 1/161-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlarni tayyorlashda ingliz va o‘zbek xalq ertaklaridagi sehrli predmetlarning qiyosiy tahlili bilan  bog‘liq ayrim mulohazalar telekanal ijodiy jamoasining qiyosiy adabiyotshunoslik va fol`klorshunoslik muammolari haqida mulohaza yuritish, teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallar mazmunini mukammallashtirish, ilmiyligini boyitish, ommabopligini kuchaytirishga yordam bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish