Toshov Muxammad Rajabovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Xodimning aybiga bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish”, 12.00.05 – “Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi” (Yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu261.
Ilmiy rahbar: Ismoilov Shuhratjon Abdusaminovich, yuridik fanlar doktori (DSc).
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor; Abdullaeva Dilfuza Saidazimovna, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xodimning aybiga bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ko‘ra ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishiga bog‘liq munosabatlarning huquqiy tartibga solinishidagi muammolarni hal qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘z muassislarining yoki ta’sis hujjatlari bilan vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tashkilotning tugatilganligi yoxud ish beruvchi jismoniy shaxs faoliyatining tugatilganligi mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishning mustaqil asosi ekanligi isbotlangan;
dastlabki sinovning qoniqarsiz natijasi yoki xodimning yangi mehnat shartlari asosida ishlashni rad etishini mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishni nazarda tutuvchi sabablar ro‘yxatiga kiritilishi zarurligi asoslantirilgan;
ayrim toifadagi xodimlar bilan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlanib, xususan o‘rindoshlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ogohlantirish muddatini qo‘llash, tashkilot rahbari va uning o‘rinbosarlari doirasini belgilab olish hamda ularni ishdan bo‘shatishda qo‘shimcha asoslarning qo‘llanilishi, xodimning pensiya yoshiga etganligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilishda kamsitish elementlari hamda mavsumiy xodimlar va qisqa muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlovchi xodimlarga ogohlantirishning qisqa muddatlarini qo‘llash kabi jihatlarning mavjudligi asoslab berilgan;
kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ish beruvchining yozma taqdimnomasi olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida unga javob berilmagan taqdirda ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘lishi haqidagi qoidani qonunchilikka kiritish zarurati asoslantirilgan;
xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish tushunchasi o‘z mazmuniga ishdan bo‘shatiladigan xodimlar soni va ishdan bo‘shatiladigan muddatdan iborat mezonlarga asoslanishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
o‘z muassislarining yoki ta’sis hujjatlari bilan vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tashkilotning tugatilganligi yoxud ish beruvchi jismoniy shaxs faoliyatining tugatilganligi mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishning mustaqil asosi ekanligi haqidagi taklif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2021 yil 28 noyabrdagi 12/21-46-son dalolatnomasi). Mazkur taklif yakka tartibdagi tadbirkorlar, lisenziyalanadigan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar, maishiy maqsadda yollanma mehnatdan foydalanuvchi jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilarning faoliyati tugatilishi xodimlar bilan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga imkon bergan;
dastlabki sinovning qoniqarsiz natijasi yoki xodimning yangi mehnat shartlari asosida ishlashni rad etishi mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishni nazarda tutuvchi sabablar ro‘yxatiga kiritilishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirdagi loyihasining 161-moddasi ikkinchi qismi 6-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2021 yil 28 noyabrdagi 12/21-46-son dalolatnomasi). Mazkur taklif ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda huquqiy normalar o‘rtasidagi nomuvofiqliklar va amaliyotda chalkashliklarning oldini olishga xizmat qilgan;
ayrim toifadagi xodimlar (o‘rindoshlar, tashkilot rahbari va uning o‘rinbosarlari, pensiya yoshiga to‘lgan xodimlar, mavsumiy xodimlar va qisqa muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlovchi xodimlar)ni ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib berishga qaratilgan takliflar 2021 yil 14 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 441, 485, 161 va 499-moddalarida o‘z ifodasini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining qonun ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2021 yil 25 noyabrdagi 06/1-11-5375-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar xodimlar mehnat huquqlari kafolatlari belgilanishiga, tushunchalarning amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishiga hamda mehnat munosabatlarida kamsitilishning yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qilgan;
kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ish beruvchining yozma taqdimnomasi olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida javob berilmagan taqdirda ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘lishi haqidagi qoidani kiritish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirdagi loyihasining 164-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2021 yil 28 noyabrdagi 12/21-46-son dalolatnomasi). Mazkur taklif mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida maqbul muvozanatning belgilanishiga hamda taraflarning sudga murojaat qilish bo‘yicha konstitusiyaviy huquqlarining to‘liq amalga oshishiga xizmat qilgan;
xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish tushunchasi ishdan bo‘shatiladigan xodimlar soni va ishdan bo‘shatiladigan muddatdan iborat mezonlarga asoslanishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi yangi tahrirdagi loyihasining 9-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi faoliyati to‘g‘risidagi 2021 yil 28 noyabrdagi 12/21-46-son dalolatnomasi). Mazkur taklif ommaviy ishdan bo‘shatishning aniq mezonlari belgilanishiga va xodimlarning mehnat huquqlari himoya qilinishiga xizmat qilgan.