Xojimatova Malika Shuxratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy asab tizimining o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarining jiddiyligini ko‘p omilli matematik tahlil qilish va prognozlash», 14.00.13 – Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib931
Ilmiy rahbar: Raximbaeva Gulnora Sattarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Mirdjuraev El`bek Mirshavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raimova Malika Muxamedjanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: ko‘p omilli matematik taxlil o‘tkazish asosida markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarining (ensefalit, mielit, ensefalomielit) kechish og‘irligini, kasallik yakunini prognozlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarida (mielit, ensefalit, ensefalomielit) virusemiya hisobiga hosil bo‘lgan qon zardobidagi sirkulyasiya qiluvchi immun komplekslar (SIK yirik va mayda) konsentratsiyasi patologik jarayon kechishi xarakteri bilan bog‘liqligi va kasallikning o‘tkir davrida miyadagi umumiy yallig‘lanish reaksiyasining darajasini aks ettirishi isbotlangan;
markaziy asab tizimi ikkilamchi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarida nevrologik asoratlarning avj olishida, T-limfotsitlar aktivatsiyasi va antitanachalar sintezining kuchayishi sababli IL-6 miqdori ortib ketishi aniqlangan;
bosh va orqa miya yallig‘lanish kasalliklarida xujayra immun tizimi ko‘rsatkichlari (yallig‘lanish oldi sitokinlari IL-1β, TNF-α) ortib ketishi hisobiga to‘qimalarda demielinizatsiyalanish jarayoni kuchayishi aniqlangan;
ilk bor o‘tkir mielit, ensefalit, ensefalomielitlar kechishini og‘irligini baholash, kasallik yakunini aniqlash, hamda individual medikamentoz erta davo tanlash imkonini beruvchi matematik prognozlash bilan takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarini diagnostikasiga qaratilgan yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ensefalit, mielit, ensefalomielit kechishi va kasallik yakunini prognozlash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan «Markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarining kechishi va kasallik xotimasini prognozlash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 18 martdagi 8n-z /75 ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarida erta tashxislash va asoratlarni prognozlashda samara ko‘rsatgan, ijtimoiy jihatdan ahamiyati katta bo‘lgan va iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini bergan;
markaziy asab tizimi yallig‘lanish kasalliklarida (mielit, ensefalit, ensefalomielit) kasallik kechishining og‘irlilik darajasini aniqlash, davolash va asoratlarini yaxshilash bo‘yicha tadqiqot natijalari sog‘likni saqlash amaliyotiga, jumladan respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filiali va Asaka tuman tibbiyot birlashmasi nevrologiya bo‘limlarining amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 2 iyundagi 8-15336-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar tibbiyot amaliyotiga tadbiq etilishi markaziy asab tizimi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarining (ensefalit, mielit, ensefalomielit) erta diagnostik algoritmlarini takomillashtirish, prognostik model` yordamida o‘z vaqtida davolashni korreksiyalash orqali, kasallikning chuqur nevrologik asoratlarini va o‘lim holatlarini kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish