Qurbonov Axmad Alavxonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yasmiq navlari hosildorligiga ekish muddati va me’yorining ta’sirini o‘rganish va ilmiy asoslash”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx106.
Ilmiy rahbar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmatmurodov Alisher Ulmasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Abdiev Anvar Almirzaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida yasmiq navlaridan yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlaydigan maqbul ekish muddati hamda me’yorini aniqlash va ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida yasmiq navlarining faol o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydigan maqbul ekish me’yori (3 mln dona/ga) hamda muddatlari (kuz va bahor) aniqlangan;
yasmiq navlari yozda ekilganda havo haroratining yuqori va nisbiy namligi past bo‘lishining o‘simlikda gullash va changlanish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida don hosili shakllanmaganligi aniqlangan;
yasmiq navlarining kuzda va bahorda 3 mln dona/ga ekish me’yorida ekilishi o‘simlikning quruq massa to‘plashiga ijobiy ta’sir etgani holda, 1 ga maydonda to‘plangan quruq modda miqdori Oltin don navida 5,2-47,6 va 7,9-24,6 sentnerga, Darmon navida 23,5-48,7 va 1,9-44,0 sentnerga ortganligi, shuningdek, fotosintetik faoliyati ham jadal kechib, o‘rtacha 29,0-29,6 va 26,9-27,4 ming m2/ga barg yuzasi shakllanishi natijasida fotosintez sof mahsuldorligi sutkasiga 0,2-0,3 va 0,9-1,0 g/m2 oshganligi aniqlangan;
yasmiqning Oltin va Darmon navlari kuzda va bahorda ekilganda o‘simlikning faol simbiotik faoliyati uchun maqbul sharoit vujudga kelishi natijasida o‘rtacha 1 ga maydonda 3,02-4,56 va 2,66-4,20 sentnergacha azot to‘plovchi tuganak bakteriyalar hosil bo‘lishi bilan birga, tuproqda 10,4-16,8 va 6,0-11,9 sentnergacha ildiz massasi qoldirishi aniqlangan.
yasmiq navlarini etishirishda 3 mln dona/ga ekish me’yorining qo‘llanilishi yuqori va sifatli hosil shakllanishini ta’minlashi natijasida 2,8-3,2 s/ga yoki 11,6-15,1 % qo‘shimcha don hosili olinganligi hamda don tarkibidagi oqsil miqdori 0,5-1,3 % ga ortganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida yasmiq navlari hosildorligiga ekish muddati va me’yorining ta’sirini o‘rganish va ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
yasmiq navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishni ta’minlaydigan ekish muddatlari va me’yorlari bo‘yicha agrotadbirlari borasida Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida yasmiq ekinidan yuqori va sifatli don etishtirish bo‘yicha tavsiyalar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-apreldagi 07/23-04/1939-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, fermerlar va mutaxassislar uchun amaliy qo‘llanma sifatida hizmat qilmoqda;
yasmiq navlarining maqbul ekish muddati va me’yorini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari 2019-2020 yillar mobaynida Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “Kamolot” fermer xo‘jaligida 3,0 gektar, Quyi Chirchiq tumanidagi “Guliston Agrovir Gold” fermer xo‘jaligida 4,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-apreldagi 07/23-04/1939-son ma’lumotnomasi). Natijada, yasmiqni kuzgi muddatda gektariga 3 mln. dona urug‘ ekilganda, hosildorlik “Oltin don” navida 18,0 s/ga, “Darmon” navida 26,9 s/ga ni tashkil qilib, 2 mln va 4 mln dona/ga ekish me’yorlariga nisbatan navlar bo‘yicha 2,8 va 1,1 hamda 3,1 va 1,2 s/ga ga yuqori bo‘lgan. Bunda rentabellik darajasi ham gektariga 3 mln dona unuvchan urug‘ ekilgan variantda eng yuqori bo‘lib, 2 mln va 4 mln dona ekilganga nisbatan “Oltin don” navida 23,5-26,9 foizga, Darmon navida esa 21,6-33,1 foizga yuqori bo‘lgan;
yasmiq navlarini kuzda va bahorda 2, 3 va 4 mln. dona/ga ekish me’yorlarida ekish texnologiyasi 2020 yilda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Javlonbek Ravshanbek Agro” fermer xo‘jaligida 1,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 5-apreldagi 07/23-04/1939-son ma’lumotnomasi). Natijada, eng yuqori hosildorlik kuzda gektariga 3 mln. dona urug‘ ekilganda “Oltin don” navida 17,5 s/ga, “Darmon” navida 26,2 s/ga ni tashkil etib, qolgan ekish me’yorlariga nisbatan 2,7 va 1,4 s/ga hamda 3,2 va 1,7 s/ga yuqori bo‘lgani holda rentabellik darajasi ham Oltin don navida 24,7% va 21,3% ga, Darmon navida esa 31,1% va 19,4% ga yuqori bo‘lganligi kuzatilgan. Xuddi shu navlar bahorda ekilganda ham hosildorlik 3 mln. dona/ga ekish me’yorida eng yuqori bo‘lib, “Oltin don” navida 16,8 s/gani, “Darmon” navida 19,3 s/gani tashkil etgani holda, rentabellik darajasi ham 2 mln. va 4 mln. dona/ga me’yorlarida ekilganga nisbatan Oltin don navida 24,5% va 18,8% ga, Darmon navida 33,8% va 12,8% ga yuqori bo‘lgan.