Atamurodova Feruza Tashmurotovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «XX asr ingliz nasriy roman janri tipologiyasining shartlanishida badiiy ijod tendensiyalarining roli», 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fil1052.
Ilmiy rahbar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xajieva Feruza Melsovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr ingliz nasriy roman janri tipologiyasini shartlantirishda badiiy ijod tendensiyalarining rolini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz romani poetik yaxlitligining janrga bog‘liqligi maktub, nomalar shakli, epizodlardagi uyg‘unlik, suhbat va essechilik shakli, vaqtlarning qorishishi, detektiv-intriga, nutq qatlamlari, turli ijtimoiy-tarixiy qarashlar to‘qnashuvi, vaziyatning shartliligi va metaforik mohiyati, fantastik chekinishlar kabi shakl unsurlarining mazmunga mutanosibligida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
XX asr ingliz romani kompozision shaklining epik-dramatik strukturaga moyilligi roman kompozisiyasi, obrazlar tizimida g‘oyaviy qarshi kurashga urg‘u berilishi, lirik-intellektual uslubning qo‘llanishi, gumanistik va demokratik g‘oyalarning alohida ta’kidlanishi, epik hikoya qilish tarzining milliy xususiyati bilan belgilanganligi asoslangan;
ingliz nasriy epik asarlarida ijtimoiy strukturani badiiy strukturada qayta yaratish tendensiyasining yetakchilik qilishi, mazkur tendensiyaning individual-shaxsiy taqdirlar, sinflar, millatlar, mamlakatlarning tarixiy harakatlari jarayonida namoyon bo‘lishini romandagi voqealar rivojida ko‘rish mumkinligi dalillangan;
realistik adabiyotda badiiy vaqt talqini qo‘llangan ijodiy tajribalarda sabab-vaqt aloqalarining mustahkam asosiga tayanilishi, modernistik adabiyotda esa, tajriba vaqtni “vayron” qilishi oqibatida vaqt va makondagi voqea-hodisalar harakatini tavsiflaydigan epik strukturaning barbod qilinganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr ingliz adabiyotida roman janrining xususiyatlarini o‘rganish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
XX asr ingliz adabiyoti namoyondalari va modernist yozuvchilarining asarlarida inson mavzusi va insonni tasvirlash tamoyillari, davr tuzumining g‘ayriinsoniy mohiyatiga qarshi norozilik ifodasi bilan bog‘liq xulosalardan OT-F8-002 “Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri” nomli fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 89-03-5451-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida qiyoslangan modernist yozuvchilar asarlarida inson va jamiyat munosabatlariaro ziddiyat turli konflikt kategoriyalarida namoyon bo‘lishi hamda ularning falsafiy-ijtimoiy xususiyatlariga doir poetik masalalari takomillashtirilgan;
ingliz modern adabiyoti bilan bog‘liq muammolar tasviri, XX asr ingliz romanining ayrim tipologik xususiyatlari, janriy xilma-xilligi o‘rtasidagi o‘zaro nisbat-bog‘lanishlar, realistik adabiyotda badiiy vaqt talqini qo‘llangan ijodiy tajribalarda sabab-vaqt aloqalariga doir xulosalardan I-204-4-5-raqamli “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 89-03-5451-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘qituvchilarning lingvistik va kommunikativlik qobiliyati, adabiyotshunoslik asoslari yuzasidan bilimi va kompetensiyasi oshirilgan, ta’lim tizimi jarayonining til va adabiyot sohasiga taalluqli jihatlari takomiliga erishilgan;
tanlangan adiblar ijodida zamondoshlari uchun zarur bo‘lgan insoniy fazilatlar, inson o‘z hayotida rivojlanishi va hayotining faol egasi bo‘lishi lozimligi, asar qahramonlari xarakteridagi shaxsiy kechinmalarni haddan tashqari bo‘rttirishga va odamning o‘z “Men”ini ortiq baholashga olib keladigan sub’ektivizmning xavf-xatari talqiniga doir xulosalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Ma’naviyatimiz sarchashmasi” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Qashqadaryo viloyati bo‘limining 2020 yil 17 noyabrdagi 12-15/189-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 31 dekabrdagi 04-15/2985-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotning XX asr ingliz adabiyotida roman janrida ijod qilgan yozuvchi va adiblarning asarlari, modernizm va realizm davri xususiyatlari haqidagi tahliliy fikrlar va nazariy xulosalar ko‘rsatuv mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
asarlarda epopeyaga xos xususiyatlar, epik asarda ijtimoiy strukturani badiiy strukturada qayta yaratish tendensiyasining mavjudligi, epik xoslikning ko‘plab individual-shaxsiy taqdirlar, sinflar, millatlar, mamlakatlarning tarixiy harakatlari jarayonida ochilishini romandagi voqealar rivojida ko‘rish mumkinligi bilan bog‘liq xulosalardan Qashqadaryo viloyati ma’naviyat va ma’rifat markazi tadbirlarida foydalanilgan (Qashqadaryo viloyat ma’naviyat va ma’rifat kengashi Qashqadaryo viloyat bo‘limining 2020 yil 09 dekabrdagi 01-13/39-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarni kitobxonlikga targ‘ib qilingan, adabiyotshunoslik fanining dolzarbligi haqida tushunchalar teranligiga erishilgan.