Xajieva Feruza Melsovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Amerika postmodern adabiyotida biografik roman poetikasi (J.Parini, M.Kanninghem va L.Lalami asarlari misolida)”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Fil.80.
Ilmiy maslahatchi: Bakaeva Muxabbat Kayumovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor; Maykl Leki, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Amerika postmodernizm adabiyotida biografik roman poetikasi, janr tranformatsiyasi va traektoriyasini Jey Parini, Maykl Kanninghem va Layla Lalami biografik asarlari misolida ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
postmodern biografik roman konsepsiyasi va uning poetikasini belgilashda asarning g‘oyaviy-semantik mohiyati, matnning verbal qatlamida voqealanuvchi stilistik vositalar, matnga xos intertekstuallik va transtekstuallik, matn tuzilishi (syujet), muallif ijodidagi idiostil`, uning asar hodisalariga sub’ektiv munosabati kabilarning yetakchi omillar sifatida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
kosmopolitik postmodern adabiyotida milliy qadriyatlarni aks ettirish, madaniy kodlarni singdirish, e’tiqodlar uyg‘unligini ta’minlash, tarixiy zanjirni rivoyatlar asosida tiklashda, g‘arb adabiy madaniyatiga sharq an’analarini olib kirishda allyuziya, sitata, reminissensiya, metafora, metonimiya singari stilistik vositalarning birlamchi xarakterga ega ekanligi asoslangan;
Jey Parinining “So‘nggi bekat” postmodern biografik romanida polifonik bayonning dunyoqarashlar plyuralizmini hosil qilganligi, konsentrik syujet chizig‘i orqali asar leytmotivini yuqori planga chiqarilganligi va bayonda o‘xshatish stilistik vositasi orqali kinoyaviy (ironiya) hamda istehzoli (sarkazm) ohang hosil qilinganligi aniqlangan;
M.Kanninghemning “Soatlar” biografik romanida syujet trixotomiyasini dekonstruksiyalash, matndagi transtekstual birliklarni kuzatish, asarda ramziylik kasb etgan detallarni sharhlash kabi jarayonlarda zamonaviy postmodern biografik romanida prototipning ruhiy, ma’naviy olamini anglashning birlamchi (ustuvor), tarixiy shaxs hayotidagi faktlarni o‘rganishning esa ikkilamchi ahamiyatga ega ekanligi isbotlangan;
L.Lalamining “Qora zanji hisoboti” postmodern biografik romanida ko‘pfikrlilik, irqiy tenglik, diniy tolerantlik va kosmopolitik olamda milliy o‘ziga xoslik g‘oyalarining hamda sharqona uslubning dominantligini voqelantirishda sub’ekiv narratologik texnika, intertekstuallik, tarixiylik mezoni asosiy uslubiy omillar bo‘la olishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amerika postmodern adabiyoti poetikasini o‘rganish, J.Parini, M.Kanninghem, L.Lalami ijodini tadqiq qilishi va postmodern biografik roman tabiatini yoritish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
postmodernistik adabiyotda poetik tilning o‘ziga xosligi, J.Parini, M.Kanninghem va L.Lalami biografik asarlari misolida amerika adabiyotidagi kosmopolitik madaniyatiga xos jihatlari, asarlardagi transtekstual matn ko‘rinishlari va stilistik vositalarning kontekstual tahlili bilan bog‘liq natijalardan OT-F1-18 “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” mavzuidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2022 yil 5 martdagi 39-08-542-son ma’lumotnomasi). Natijada Amerika adabiyoti, adabiyotshunoslik, stilistika va matn tahlili fanlari va ularga oid metodologiya yangi nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
antik adabiyotdan tortib bugungi kunga qadar taraqqiyot bosqichlarida stilistik vositalar klassifikatsiyalari va ularning dinamik o‘zgarishlari, poetika va ritorika fanlarini binar oppozisiyada solishtirish natijasida o‘zaro kesishuvchan va differensial nuqtalari bilan bog‘liq xulosalardan Oliy ta’limning xorijiy filologiya (ingliz) 5111400, 5112200, 5120100, 5120200 ta’lim yo‘nalishlari uchun yaratilgan “Theoretical Aspects of the Language Learned (Stylistics)” nomli darslikda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 237-sonli buyrug‘iga asosan berilgan 237-169-raqamli nashr ruxsatnomasi). Natijada poetika va stilistika sohalari genezisi, stilistik vositalarning antik va zamonaviy tasniflari, J.Parini va L.Lalami asarlarida qator stilistik vositalar talqini va kontestual sharhi orqali stilistika fanining amaliy qismlari takomillashtirilgan;
zamonaviy biografik romanlar poetik tilining ekspressivligini belgilovchi unsurlarga oid xulosalardan Evropa Ittifoqining Erasmus + dasturi doirasida amalga oshirilgan 561624-EPP-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2022 yil 17 fevraldagi 265/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada postmodern biografik romanlarida qo‘llanilgan metafora, metonimiya, epitet, ironiya, sarkazm, o‘xshatish, stilistik takror, parallel` konstruksiya, inversiya, ajralilgan konstruksiya (detached construction) kabi stilistik vositalarning kontekstual va implisit ma’nolarini dekodlovchi ma’lumotlar bilan adabiyotshunoslik, matn tahlili, stilistika fanlari asoslarini modernizatsiya qilish imkoni yaratilgan;
postmodern adabiyotida shakllangan badiiy texnika, obrazlarning noan’anaviy ifodasi, polifonik munosabat, janrlar mutatsiyasiga doir nazariy xulosalardan “Buxoro” telekanalining “Assalom, Buxoro” va “Sakkizinchi mo‘’jiza” ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2022 yil 7 fevraldagi № 1/28-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni boyitilgan; keltirilgan tahlillar teletomoshabinlarning zamonaviy amerika adabiyotida postmodernizm tendensiyalari, biografik romanlar uslubi va mazmuni to‘g‘risidagi bilimini va ularning kitobxonlikka qiziqishini oshirishga imkon bergan.