Valiev Bobur Batirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish», 08.00.02– Makroiqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Iqt5.
Ilmiy rahbar: Sodikov Avaz Madaminovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017. I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Berkinov Bozorboy Berkinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xashimova Naima Abitovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston iqtisodiyotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar tipologiyasi va ularning iqtisodiy rivojlanishga ta’sirini ko‘p omilli regressiya tenglamalarining elastiklik koeffisientlari orqali makroiqtisodiy baholashga oid uslubiy yondashuv takomillashtirilgan;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar bo‘yicha kapital qaytimi, investisiya mul`tiplikatori, ICOR koeffisienti, kapital sig‘imi kabi sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash usullari takomillashtirilgan va ular asosida xorijiy investisiyalardan samarali foydalanishning nisbiy ustunliklari hamda ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan;
investisiya dasturlari sifatini oshirish va xorijiy investisiyalarni davlat tomonidan boshqarishda davlat organlarining o‘zaro munosabatlari mexanizmi takomillashtirilgan;
mintaqaviy xususiyatlar va nisbiy ustunliklarni aniqlash asosida joylardagi ishlab chiqarish salohiyatidan kelib chiqib, xorijiy investisiyalarni hududlarning alohida istiqbolli tarmoqlariga oqilona jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Milliy iqtisodiyotga xorijiy investisiyalar jalb qilish mexanizmini takomillashtirish va ular samaradorligini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
xorijiy investisiyalar samaradorligini baholashning yangi uslubiy yondashuvlari va ustuvor yo‘nalishlardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida 2017 yilgi davlat investisiya dasturini ishlab chiqish, investisiya loyihalarini shakllantirish va monitoring qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 8 fevraldagi ISh 2-2/4-5-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining 2017 yil 12 yanvardagi 15-01/16-son ma’lumotnomasi). Natijalar xorijiy investisiyalarni soha va tarmoqlar bo‘yicha samarali taqsimlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar ishtirokidagi qiymati 18 mlrd. AQSh dollar bo‘lgan 85 ta investisiya loyihalari manzilli dasturi monitoringini tashkil etishga xizmat qilgan;
xorijiy investisiyalar uchun soliq imtiyozlarini barcha erkin iqtisodiy zonalarda bir xil tartibda qo‘llash to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4853-son Farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2017 yil 20 fevraldagi 16/1-5075-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi erkin iqtisodiy zonalarda soliq imtiyozlarini samarali tashkil etish va soddalashtirish orqali chet el investisiyalarini rag‘batlantirish imkoniyatini yaratgan;
xorijiy investisiyalar samaradorligini aniqlashning matematik statistika usullari O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazida xodimlarning malakasini oshirishda «Milliy hisoblar tizimi – 2008 qo‘llanmasini O‘zbekistonda joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari» fani ma’ruza materiallarini takomillashtirish va o‘qitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazining 2017 yil 19 yanvardagi 01/1-01-21/2-26-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yondashuvlar statistika organlari xodimlarining malakasini oshirish kurslari sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
xorijiy investisiyalarni baholash usullari va taklif etilgan ustuvor yo‘nalishlardan «Asaka» aksiyadorlik tijorat bankining investisiya loyihalarini shakllantirish va ularni moliyalashtirishdagi ishtirokini oshirishda, ustuvor investisiya loyihalariga xalqaro moliya tuzilmalari va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar tayyorlashda foydalanilgan («Asaka» aksiyadorlik tijorat bankining 2016 yil 5 oktyabrdagi AA-19-12/6577–son ma’lumotnomasi). Natijada bank tomonidan chet el sarmoyasi ishtirokidagi investisiya loyihalari ko‘lami va sifatini oshirishga imkoniyat yaratgan.