Bugun Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti anjumanlar zalida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan yoshlar va respublikadagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar mas’ullari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, akademik, taniqli navoiyshunos olim, Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitet rektori Sh.Sirojiddinov ochib berar ekan, mamlakatimizda yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish borasidagi islohotlarning mazmun-mohiyat va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Shermuxamedov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 mayda qabul qilingan “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni yangiliklari, dolzarbligi va uning ilm-fan sohasini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati, ularning yosh ilmiy tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy natijalari sifatini ta’minlashda o‘rin muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur Farmon ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar, ilmiy darajalar berish tizimiga joriy etilayotgan yangiliklar hamda ularning ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda yosh ilmiy tadqiqotchilar va ilmiy kengashlar mas’ullarining bergan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Axborot xizmati