Turdiev Caydali Ashurovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda sharq jiydasining (Elaeagnus orientalis L.) istiqbolli shakllarini tanlash asosida navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik va 06.03.01–O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlarini barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/Qx186.
Ilmiy maslahatchi: Qayimov Abduhalil, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.QX.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Sharq jiydasining “Toshkent-16” (№NAP00279), Toshkent-22 (№NAP00280), Samarqand -7 (№NAP00278) navlari yaratilgan, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 26 avgustdagi 20190040/12, 20190041/11 va 20190042/12-sonli xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda Sharq jiydasi (Elaeagnus orientalis L.)ning bio-morfologik ko‘rsatkichlarini aniqlagan holda tanlash uslubida yangi navlarini yaratish, klonlari asosida ko‘chatlarini vegetativ uslubda etishtirish, etishtirilgan ko‘chatlar asosida meliorativ holati og‘ir tanazzulga uchragan (Orolbo‘yi mintaqasi) erlarda ona plantatsiyasini barpo etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba Respublikamizda jiyda navlarini yaratishda, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Surxandayo, Xorazim va Qoraqalpog‘iston ekotiplari mevalaridan boshlang‘ich namunalar sifatida foydalanilgan va ular orasidan tanlash asosida jiydani 3 ta navi yaratilgan;
O‘zbekistonda birinchi marta yaratilgan jiyda navlarining qimmatli-xo‘jalik belgilari, o‘sishi va rivojlanishi aniqlangan;
O‘zbekistonda birinchi marta sharq jiydaning fenotipik belgilari 8 ta baholash mezonlari asosida ustunlik ko‘rsatkichlari aniqlangan va boshlang‘ich namunalar sifatida ToshDAU qoshidagi ona kolleksion bog‘idagi shakllardan tanlab olingan;
O‘zbekistonda birinchi marta jiydaning nazorat variantiga nisbatan 3 ta yaratilgan navlarning meva mahsuldorlik ko‘rsatkichlari 2-3 barobargacha yuqoriligi asoslangan;
Respublikamizda ilk marta sharq jiydaning 15, 20, 25, 30 sm uzunlikdagi qalamchalaridan etishtirish agrotexnikasi va plantatsiyasini barpo etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyanomalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sharq jiydasining (Elaeagnus Orientalis l.) istiqbolli shakllarini tanlash orqali yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida;
Sharq jiydasining “Toshkent -16”, “Toshkent – 22” va “Samarqand -7” navlari yaratilib, “Sharq jiydasini kompleks baholash, istiqbolli shakllarini vegetativ ko‘paytirish va plantatsiyasini barpo etish bo‘yicha tavsiyanoma” tasdiqlangan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yilning 28 martdagi 03/18-1544 – son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan maydonlarida sharq jiydasini parvarishlashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli davlat o‘rmon xo‘jaligi maydonlarida sharq jiydasining “Toshkent -16”, “Toshkent – 22” va “Samarqand -7” navlaridan 500 tup ko‘chat tayyorlanib, 1,0 gektar maydonga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yilning 28 martdagi 03/18-1544 – son ma’lumotnomasi). Bu esa o‘z navbatida bioxilma-xillikni saqlash, genofondni boyitish, flora va fauna uchun ozuqa manbaini yaratish, shu bilan birga daraxtlardan klonlar olish va ko‘paytirish hamda sho‘rlangan erlarga ekish uchun manbaa sifatida xizmat qilmoqda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligi maydonlarida sharq jiydasining “Toshkent -16”, “Toshkent – 22” va “Samarqand -7” navlaridan 278 tupdan, jami 834 tup ko‘chat 3,0 gektar maydonga joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yilning 28 martdagi 03/18-1544 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yilning 28 dekabrdagi Oliy Majlisga MUROJAATNOMASI (Orol dengizining suvsiz qolgan hududida yashil o‘rmonlar barpo etishga alohida e’tibor berilayotganligi, kelgusi yilda yana 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etilishi ta’kidlangan) va 2020 yil 6 – oktyabrda tasdiqlangan PQ /4850 son qarorining tegishli bandlarini bajarilishi ta’minlangan;
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli va Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaliklarining kuchli darajada sho‘rlangan maydonlarida ekologik muvozanatni barqarorlashtirish maqsadida tadqiqotchi tomonidan sharq jiydasining “Toshkent -16”, “Toshkent – 22” va “Samarqand -7” navlaridan 1334 dona ko‘chat tayyorlanib, 4,0 gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yilning 28 martdagi 03/18-1544 – son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rmon xo‘jaligi tizimida 76,0 ming dona standart ko‘chatlari etishtirilib, 81516,0 ming so‘m daromad olinishi ta’minlangan.