Isaev Yusup Tojimamtovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Shirinmiya (Glychyrrhiza glabra L.) ildizi asosida biologik faol moddalar olish hamda xalq tabobatida qo‘llanilishi», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 14.00.41 – Xalq tabobati (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/K129.
Ilmiy maslahatchi: Asqarov Ibrohim Raxmonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/29.10.2021.K.60.05.
Rasmiy opponentlar: Gafurov Maxmudjon Bakievich, kimyo fanlari doktori, professor; Karimqulov Qurbonqul Mavlonqulovich, texnika fanlari doktori, professor; Shamshidinov Isroiljon Turgunovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: glisirrizin kislotasi va uning monoammoniyli tuzining ayrim mochevina hosilalari, amigdalin, aminofenol, bir qator sul`fanilamid preparatlar bilan yangi molekulyar komplekslarini olish, ularning tarkibi, tuzilishi, biologik faolligini aniqlash hamda TIF TN bo‘yicha kod raqamlari ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor glisirrizin kislotasi va uning monoammoniyli tuzining mochevina uning ayrim hosilalari asosida yangi biologik faol birikmalar olingan;
ilk bor glisirrizin kislotasi va uning monoammoniyli tuzining norsul`fazol, sul`fazin, sul`fasalazin, sul`fapiridazin va sul`fa-metoksazol bilan molekulyar komplekslari olingan;
olingan birikmalarning tuzilishi va tarkibi UB-, IQ-spektroskopiya, mass-spektrometriya va izomolyar seriyalar metodlari yordamida aniqlangan hamda mumkin bo‘lgan struktura formulalari isbotlangan;
olingan kompleks birikmalar komponentlari o‘rtasidagi molekulalararo ta’sirlashuv tabiati tahlili amalga oshirilgan, komplekslarning barqarorlik konstantalari va kompleks hosil bo‘lish jarayonining Gibbs energiyasini kamayishi qiymatlari hisoblab topilgan;
olingan birikmalarning biologik faolligi ularni antioksidant faolligini, bug‘doy va chigitning unib chiqishiga ijobiy ta’sirini, ayrim patogen bakteriyalar va zamburug‘larlarning ko‘payishini to‘xtatishini aniqlash bilan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shirinmiya ildizi va glisirrizin kislotasi asosida yangi biologik faol moddalar olish hamda ularni kimyoviy tarkibi asosida sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
glisirrizin kislotasining monoammoniyli tuzi va mochevina asosida olingan g‘o‘za chigitini unib chiqishiga ta’sir etuvchi biostimulyatorni qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyatida jami 242 gektar bug‘doy maydonlariga (2018-2020 yy.) joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 14 maydagi 07/35-04/3013-son; Andijon viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasining 2022 yil 26 iyuldagi 01/11-922-son ma’lumotnomalari). Natijada, biostimulyator bilan ishlov berilgan maydonlarning har gektaridan 7 s gacha qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
tarkibida shirinmiya ildizi ekstrakti bo‘lgan FERRAKON BABY oziq-ovqat qo‘shilmasi kimyoviy tarkibi asosida sinflanib, tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha 1212 99 950 1 tovar kodi ishlab chiqilgan va davlat bojxona amaliyotiga qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022 yil 11 maydagi 16/05-22-0234-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida shirinmiya ildizi ekstrakti saqlovchi biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmalarini kimyoviy tarkibi bo‘yicha sinflash imkonini bergan;
tarkibida shirinmiya ildizi bo‘lgan “FERRAKON BABY” oziq-ovqat qo‘shilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlash tizimi tomonidan muvofiqlik sertifikati berilgan (UZ.SMT.01.0007.66806862, 27.07.2021 y., O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 360006-son xulosasi). Natijada, Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi “VITABIOTIK” XK da FERRAKON BABY biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmasini ishlab chiqarish imkonini bergan.