Berdieva Zulxumor Ilmuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «OIV-infeksiyasini davolash va profilaktika chora-tadbirlarini takomillashtirish», 14.00.30 – Epidemiologiya; 14.00.10 – Yuqumli kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tib700.
Ilmiy rahbarlar: Mamatqulov Ibrohim Xomidovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Tadjiev Botir Mirxoshimovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy – amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.04/04.06.2021.Tib.134.01
Rasmiy opponentlar: Raxmanova Jamila Amanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Bayjanov Allabergan Kadirovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: OIV-infeksiyasini majmuaviy davolashning klinik-immunologik, epidemiologik samarasini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
odam immuntanqisligi virusi bilan kasallangan bemorlarda SD4 hujayralarning soni oshishi va qo‘zg‘atuvchi miqdori ko‘rsatkichlarining sezilarli kamayishi immun hujayralari surunkali anergiyasi bartaraf etilishi tufayli infeksiya manbasining epidemik faolligini pasaytirishi va yuqish havfini kamaytirishi asoslangan;
ilk bor T-sitotoksik limfotsitlarning faolligini oshirish orkali gamma interferon sintezining oshirilishi ta’sirida virus yuklamasining keskin aniqlanmaydigan darajaga pasayishi natijasida bemorlarni statsionar sharoitda davolanish muddatlarining qisqarishi isbotlangan;
ilk bor biologik faol modda ta’sirida T-hujayralarning killerlik funksiyalari va makrofaglarning faollashuvi virusning hujayraga kirishi, replikatsiyasi va organizmda tarqalishiga barham berib, virusga qarshi ximoya omillarini kuchaytirib, epidemik jarayonning birinchi bo‘g‘ini - bemorlarni infeksiya manbasi sifatida faolligini kamaytirishi isbotlangan;
majmuaviy davolashda retrovirusga qarshi terapiya bilan birga biologik faol qo‘shimchasi qo‘shilishi fagotsitozni faolashtirishi va neytrofillar stimulyasiyasi sababli bemorlarda opportunistik kasalliklar residivlarining kamayishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
OIV-infeksiyasini davolash va profilaktika chora-tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
oqsil gidrolizatlaridan iborat «Immun-5» biologik faol qo‘shimchasining odam immuntanqisligi virusi bilan kasallangan bemorlarda immun hujayralari surunkali anergiyasi bartaraf etishi tufayli infeksiya manbaining epidemik faolligini pasaytirishi, yuqish havfini kamaytirishi va «Immun-5» biologik faol qo‘shimchasiga Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi 2016 yil 15 yanvardagi 057424 sonli sanitariya-epidemiologik xulosani bergan hamda «OIV-infeksiya qo‘zg‘atuvchisi manbaini neytrallashning yangi uslubi» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 20 iyuldagi 8n-r/233-son ma’lumotnomasi). Kasallikni majmuaviy davolashda retrovirusga qarshi terapiya bilan birga oqsil gidrolizatlaridan iborat bo‘lgan biologik faol qo‘shimchasi qo‘llanilishi natijasida bemorlarda SD4 hujayralar sonining oshishi va virusli yuklama ko‘rsatkichlarining sezilarli kamayishi, immun hujayralari surunkali anergiyasi bartaraf etilishi tufayli epidemik zanjirni uzish tadbiri bilan kasallik profilaktikasini takomillashtirish imkoni yaratilgan;
organizmda T-sitotoksik limfotsitlarning faolligini oshirish orqali gamma interferon sintezining oshirilishi ta’sirida virus yuklamasining keskin aniqlanmaydigan darajaga pasayishi natijasida bemorlarni statsionar sharoitda davolanish muddatlarining qisqarishi OIV-infeksiyasi qo‘zg‘atuvchisi manbasining epidemik faolligini va infeksiyani yuqish havfini kamayishi imkoniyatini yaratgan (Sanitariya-epidemiologik nazorat Bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 2017 yil 2-fevralda ma’qullangan «Immun-5 preparatining profilaktik samaradorligini o‘rganish» nomli klinik tadqiqot bayonnomasi);
biologik faol modda ta’sirida T-hujayralarning killerlik funksiyalari va makrofaglarning faollashuvi virusning hujayraga kirishi, replikatsiyasi va organizmda tarqalishini barham berishi, epidemik jarayonning birinchi bo‘g‘ini - bemorlarni infeksiya manbasi sifatida faolligini kamaytirish imkonini bergan hamda OIV-infeksiyasida opportunistik infeksiyalarni oldini olish natijalari asosida «OIV-infeksiyasida opportunistik infeksiyalar profilaktikasining yangi usuli» nomli uslubiy qo‘llanma intellektual mulk sifatida tasdiqlangan (2016 yil 09 sentyabrda «Intellekt Ekspert» Davlat unitar korxonasining reestrida 000243 - raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
bemorlarni majmuaviy davolashda retrovirusga qarshi terapiya bilan birga biologik faol qo‘shimchasi qo‘shilishi fagotsitozni faollashtirishi va neytrofillar stimulyasiyasi sababli bemorlarda opportunistik kasalliklar residivlarining kamayishi imkonini bergan hamda qo‘zg‘atuvchi manbaiga qarshi tadbirlarni takomillashtirish, opportunistik infeksiyalarni oldini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Respublika va Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurash markazlari amaliyotiga tadbiq etilgan. (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 04 martdagi 08-09/6975-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi kasallik manbai faolligini-kasallikning yuqish havfini kamaytirish, kelib chiqadigan klinik asoratlarni oldini olish, shifoxonada davolanish vaqtini kamaytirish imkonini berdi.