Muxammadiev Raxmon Rashidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston SSRdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda Usmon Yusupovni tutgan o‘rni (1931-1966 yy.)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar285.
Ilmiy rahbar: Ishanxodjaeva Zamira Rayimovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Qaxramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor; Pasilov Bahodir Abdullaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1931-1966 yillarda O‘zbekiston SSRning partiya va xo‘jalik sohalarida siyosiy rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan Usmon Yusupovning respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sovet boshqaruv siyosati 1950-yillargacha O‘rta Osiyodagi barcha ittifoqdosh milliy respublikalar rahbarligiga rusiyzabon kishilarni tayinlab kelganligi, faqat O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlar inobatga olingan holda, ittifoq parchalanib ketgunga qadar partiyaning birinchi kotiblari mahalliy millat vakillari bo‘lib kelganligi aniqlangan;
1937-1939 yillardagi “Katta qirg‘in” siyosati o‘zbek xalqining atoqli namoyondalarini qatag‘on qilayotganda Usmon Yusupov aksariyat milliy respublikalar rahbarlari kabi vaziyatni jim turib kuzatishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, ba’zan vakolati doirasidan chetga chiqib, o‘nlab o‘zbek ziyolilarini qatag‘ondan olib qolishga erishganligi isbotlangan;
Ikkinchi jahon urushi yillarida respublikadagi og‘ir sharoitda Usmon Yusupovni rahbar sifatida front maydonlaridan zavod-fabrikalar bilan birgalikda evakuatsiya qilingan aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, xalqni, armiyani ocharchilik balosidan saqlash uchun donli ekinlar maydonini paxta dalalari hisobidan kengaytirish, bog‘ qator oralariga bug‘doy ekishda shaxsiy tashabbus bilan chiqqanligi aniqlangan;
Respublikaga Usmon Yusupov rahbarlik qilgan 1937-1950 yillarda nafaqat qishloq xo‘jaligiga asoslangan xom ashyo etishtirilishi, shuningdek sanoatning bir qator tarmoqlari rivojlanishi ortidan Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo‘l kabi aholi gavjum sanoat shaharlari vujudga kelib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchi agrar davlatdan agrar-industrial respublikaga aylanganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1931-1966 yillarda O‘zbekiston SSRdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda Usmon Yusupovni tutgan o‘rniga oid ilmiy xulosa va amaliy takliflardan:
Ikkinchi jahon urushi arafasida xalq xo‘jaligida amalga oshirilgan ulkan ishlar, Katta Farg‘ona kanalining bunyod etilishi, urush yillarida mehnatkash o‘zbek xalqining Usmon Yusupov boshchiligida g‘alabali mehnati, frontdan ko‘chirib keltirilgan turli millatga mansub aholiga insonparvarlik yordami, urushdan so‘ng xalq xo‘jaligini qayta tiklash yo‘lida qiyinchiliklar bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mavzusidagi “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini tuzish va tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokampaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 02-40-952 – son ma’lumotnomasi). Mazkur ko‘rsatuv orqali jamoatchilik Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda Usmon Yusupov alohida o‘rin tutganligi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgan;
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimiga tayinlangan Usmon Yusupovning rahbarlik faoliyati 1937 yilda qatag‘onlik siyosatining yangi to‘lqini boshlangan davrga to‘g‘ri kelganligi, sovet hokimiyati tomonidan o‘tkazilgan qatag‘onlik siyosatida Usmon Yusupovning boshqa milliy respublika rahbarlari kabi “Uchlik” a’zosi sifatida o‘zbek xalqining qatag‘onga uchragan farzandlari ustidan uydirma ayblovlar bilan yig‘ilgan xujjatlarga imzo qo‘yishga majbur bo‘lganligi, partiyaning Markazdagi oliy rahbarlariga qatag‘on jarayonlarini NKVDning hududiy bo‘limlarida o‘zaro musobaqaga aylanib ketganligini aytgani singari ma’lumotlardan muzey fondini yangi materiallar bilan boyitish, ularni kataloglashtirish, tizimlashtirishda foydalanilgan. (O‘zR VM huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2021 yil 6 apreldagi 82/1 – son ma’lumotnomasi) Ushbu ma’lumotlar muzey ekspozisiyasi tematik rejasini ishlab chiqish, sovet hokimiyati yillarida O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar xususida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilib, XX asrning 30-yillardagi kollektivlashtirish, quloqlashtirish, “Katta qirg‘in” oqibatlarini tarixiy manbalar asosida yanada kengroq yoritish imkonini beradi.
Sovet hokimiyati tomonidan O‘rta Osiyodagi milliy respublikalar rahbarligiga Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrgacha rusiyzabon kishilar kelinganligi, faqat O‘zbekistonda rahbarlarning va xalqning front ortidagi mehnatlari inobatga olingan holda domiy ravishda partiyaning birinchi kotiblari mahalliy millat vakillari bo‘lib kelganligi Usmon Yusupovni rahbar sifatida frontdan zavod-fabrikalar bilan birgalikda evakuatsiya qilingan aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, xalqni, armiyani ocharchilik balosidan saqlash uchun donli ekinlar maydonini paxta dalalari hisobidan kengaytirish, bog‘ qator oralariga bug‘doy ekishda shaxsiy tashabbus bilan chiqqanligi, shuningdek urush yillari va urushdan keyin sanoatning bir qator tarmoqlari rivojlanishi ortidan Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo‘l kabi aholi gavjum sanoat shaharlari vujudga kelib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchi agrar davlatdan agrar-industrial respublikaga aylangan kabi ma’lumotlardan “Shon-sharaf” davlat muzeyi bo‘limlarini boyitishda foydalanilgan. (O‘zR MV huzuridagi “Shon-Sharaf” davlat muzeyining 2022 yil 23 maydagi 337 – son ma’lumotnomasi) Bu ma’lumotlar muzey ekspozisiyalarini yanada to‘ldirish, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston halqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, Usmon Yusupov boshchiligida front ortida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, evakuatsiya qilib keltirilgan turli millat vakillariga ko‘rsatilgan yuksak insonparvarlik na’munalari haqida batafsil tasavvurga ega bo‘lishlari uchun xizmat qiladi.