Murtazaev Abror Odilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ilmiy matndagi sodda darak gaplarning mazmuniy o‘xshashligi va lingvistik modellari”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil1716.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2021.Fil.132.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyaev Avazxon Ixtiyorovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Odilova Gulnoza Komiljonovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ilmiy matndagi sodda darak gaplarning mazmuniy o‘xshashlik darajalarini aniqlashning lingvistik modellarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilmiy matnlardagi sodda darak gaplarning mazmuniy o‘xshashlik darajasini ko‘rsatishda so‘z va so‘z birikmalarining sinonimligi holati gap tarkibidagi eng asosiy vositaligiga ko‘ra lingvistik modellashtirish dalillangan;
ilmiy matnlardagi sodda darak gaplar mazmuniy o‘xshashlik darajasini baholashda morfologik vositalar sinonimligining modellashtiriladigan (-ba-li / -yapti, -moqda, -yotir) hamda (-no, -siz) muayyan qoliplarga tushmaydigan tarzda fil`trlanishi lozimligi aniqlangan;
matnlardagi sodda darak gaplarning gradual zidlanish asosidagi “farqli→o‘xshash→aynan o‘xshash” darajali qatori aniqlangan;
mazmuniy o‘xshashlikni aniqlovchi antiplagiat dasturi uchun dastlabki leksik sinonimlar bazasi sifatida o‘zbek tili sinonimlar lug‘atidagi so‘zlar kompyuter dasturi sinonimlikni aniqlashi uchun ilk bor teglab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi ilmiy matnlarning o‘xshashlik darajalarini aniqlash hamda ularning lingvistik modellarini ishlab chiqish doirasida olingan ilmiy xulosalar asosida:
O‘zbek tilidagi ilmiy matnlarda (filologiya ixtisosligiga oid) sodda darak gaplar mazmuniy o‘xshashlik darajalarini aniqlashning lingvistik modellarini ishlab chiqish bilan bog‘liq xulosa va natijalaridan 5221000 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun yozilgan, 2018 yilda “Tafakkur bo‘stoni” nashriyotida nashr qilingan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan darslik sifatida tavsiya etilgan “Hozirgi o‘zbek tili” darsligida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 274-son buyrug‘i, 312-raqamli guvohnomasi). Natijada “Leksemada shakl va mazmun” deb nomlangan 14-paragrafida leksemaning shakl va mazmun yaxlitligini tavsiflash, “Leksik-semantik munosabatlar” deb nomlangan 17-paragrafda leksik-semantik munosabatlarda mazmuniy o‘xshashlik darajalarining o‘rnini yoritish imkonini bergan;
aynanlik, o‘xshashlik, farqlilik kategoriyalarining kognitiv mundarijasi hamda turlariga doir tahlil va xulosalaridan 2016–2020-yillarda bajarilgan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilgan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” FA-A1-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida” mavzularidagi fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 13 oktyabrdagi 17.01/264-son ma’lumotnomasi). Natijada til hodisalaridan aynanlik va o‘xshashlik jihatlarini aniqlash va shu asosda til birliklarini tasniflashga doir qarashlarni boyitish imkonini bergan;
mazmuniy aynanlik, o‘xshashlik va shakliy farqlilikning morfologik, leksik hamda sintaktik vositalarni aniqlash, tasniflashga doir tahlil va xulosalaridan 2020–2021-yillarda bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” nomli innovatsion amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 23 oktyabrdagi 04/1-1999-son ma’lumotnomasi). Natijada inson qiyofasi, fe’l-atvori va milliy timsollar tasviridagi aynanlik, o‘xshashlik hamda farqlilik jihatlarini belgilash va tavsiflashni mukammallashtirishga xizmat qilgan.