Saidnomanov Akmalxo‘ja Komiljonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):“O‘zbek tili tibbiyot terminologiyasi va uning leksikografik talqini”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil944.
Ilmiy rahbar: Madvaliev Abduvahob Pataxovich, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldoshev Ibrohim Jo‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tibbiyot terminologiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlari va genetik asoslarini belgilash, mavjud lug‘atlar asosida tibbiyot terminlarining leksikografik xususiyatlarini ochib berish va soha terminologiyasini tartibga solishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tibbiyot terminologiyasining shakllanish tarixi, yunoncha, lotincha, ruscha, forscha tojikcha terminlarning genetik asosi negizida o‘z va o‘zlashgan qatlamning to‘liq kal`ka va yarim kal`ka turlari aniqlanib, Sharq tibbiyoti namoyandalari yaratgan terminografiya ochib berilgan;
o‘zbek tilida qo‘llanayotgan tibbiyot terminlarining ichki va tashqi manbasi asosida hosil bo‘lishining semantik va sintaktik usullari aniqlanib, terminlarning bir va ko‘p komponentli tuzilishi aniqlangan;
tibbiyot terminlarining terminologik, izohli va tarjima lug‘atlardagi leksikografik talqini hamda shu asosda terminlarning izohi va tarjimalaridagi mazmunan o‘xshash va denotativ farqli jihati ochib berilgan;
tibbiyot sohasida ilgaridan keng qo‘llanib kelingan terminlarning keyinchalik boshqa tillar ta’sirida baynalmilal muqobillari yuzaga kelishi hamda milliylik va baynalmilallikning o‘zaro nisbati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili tibbiyot terminologiyasining shakllanishini, genetik asoslarini o‘rganish, ularni leksikografik tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
o‘zbek tili tibbiyot terminologiyasidagi tashxis, gazak, balog‘at, muolaja, isitma, akashak, anuriya, ramad, ranjur, aymon kabi so‘z-terminlar; nafas mushaklari, umurtqa teshigi, ichak yallig‘lanishi, burun bo‘shlig‘i, buyrak qopqog‘i singari birikma-terminlarga bergan leksikografik izohlaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2007-2011 yillarda amalga oshirilgan FA-F1-034 “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255 –1975-son ma’lumotnomasi) Natijada ko‘p jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi tibbiyotga oid bir qator lug‘aviy birliklarning ma’nolarini ochib berishda tegishli terminlar izohlarining yanada takomillashuviga erishilgan;
pilla, bo‘g‘ma, qichima, saraton, shol, zotiljam, chipqon, qorason, eshakemi singari tibbiyot terminlari bo‘yicha xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2012 – 2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G 041 raqamli “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish” nomli fundamental loyihaning birinchi yo‘nalishini yozishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255 –1975-son ma’lumotnomasi) Natijada loyihaning “O‘zbek tili terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish” deb nomlangan ikkinchi yo‘nalishini yozishda dissertatsiyadagi bo‘g‘ma, zotiljam, yiring, pilla, saraton, chipqon, shol, eshakemi, qichima, qorason, qo‘tir singari 40 dan ortiq tibbiy terminlarga berilgan izohlarni takomillashtirishga erishilgan.