Karimov Kaxramon Sadikovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turkistonda xalq sud`ya(qozi)lari faoliyati va huquqiy me’yorlar legalizatsiyasi tarixidan (XIX asr oxiri - XX asr boshlari)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2. PhDTar/670.
Ilmiy rahbar: Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Urakov Dilshodbek Jamoliddinovich,  tarix fanlari doktori, dotsent; Maxmudov Sherzodxon Yunusovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqot maqsadi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda xalq sud`ya(qozi)lari faoliyati va huquqiy me’yorlar legalizatsiyasi tarixini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘rta asrlarda Turkiston xalqlari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan qozilik sudlarining XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ham sud tizimi orqali jamiyatni boshqarish va tartibga solishda qonunlar uzluksizligini saqlab qolganligi dalillangan;
Turkiston general-gubernatorligi hamda o‘lka aholisi manfaatlari kesishmasida xalq sud`ya(qozi)lari lavozimi uchun o‘tkazilgan saylov jarayonlarida mustamlaka tamoyillari qo‘llanilishiga urinishlar bo‘lganligi, mustamlaka hukumati o‘rnatgan tartiblar, xususan, saylangan (ayrim o‘rinlarda tayinlangan) qozilar hukumatga «sadoqatli» bo‘lishi asosiy mezon sifatida baholanganligi va bunda an’anaviy sud tizimidan foydalanilganligi aniqlangan;
mahalliy boshqaruv tizimidagi huquqiy-an’anaviy tartib-qoidalar, qozilik mahkamasi hujjatlari yuritilishida Rossiya imperiyasi o‘lkada joriy etgan protsessual va notarial huquqiy tartiblar va islom huquqi asosida shariat qonunlari qo‘sh tanlash tamoyili orqali amalga oshirilganligi isbotlangan;
Turkistonda vaqf, vasiqa, iqrornoma (yoki iqror xati), vakolatnoma (yoki vakolat xati) kabi hujjatlarning arxivshunoslik va manbashunoslik sohalaridagi fanlararo yangicha yondashuvlar va masalaga kompleks tarzda yondashish asosida ularning protsessual va notarial  rasmiylashtirish tartiblari ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistondagi xalq sud`ya(qozi)lari faoliyatiga oid  protsessual va notarial hujjatlarni o‘rganish jarayonida olingan natijalar asosida:
XIX asr oxiri va XX asr boshidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish masalalari bo‘yicha qozixona faoliyatida savdo bitimi, mulkiy munosabatlar va ularni rasmiylashtirish, mulkka doimiy yoki vaqtinchalik egalik qilish huquqini berish tartiblari haqidagi ilmiy yangiliklardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasining adabiyot tarixi bo‘limiga oid eksponat va materiallar ko‘rgazmasini qayta shakllantirishda hamda uni birlamchi manbalardagi hujjatlar, materiallar bilan ta’minlashda ilmiy axborot sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi 03-12-08-398-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot ilmiy xulosalari sifatida taqdim etilgan ma’lumotlar muzey-qo‘riqxona tizimida XIX asr oxiri va XX asr boshidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalari bo‘yicha hujjatlar, moddiy ashyolar fondining ilmiy tasnifini yozishda kolleksiyalardagi ashyolarning tarixiy ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan; 
Turkistonda qozilik mahkamalari faoliyati yuzasidan XIX asr oxiri va XX asr boshidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: Turkistonda xalq sud`ya(qozi)lari faoliyati va huquqiy me’yorlar legalizatsiyasi tarixi, boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlar va uning sabablarini aniqlash, Turkiston o‘lkasi sud tizimida Rossiya imperiyasining ta’siri hamda qozilar faoliyatida ijtimoiy munosabatlariga oid notarial hujjatlarda huquqiy me’yorlar legalizatsiyasi jarayonlarini tadqiq etish, qozixona faoliyatida savdo bitimi, mulkiy munosabatlar va ularni rasmiylashtirish, mulkka doimiy yoki vaqtinchalik egalik qilish huquqini berish tartiblariga doir ilmiy xulosalar «O‘zbekiston tarixi» telekanali «Taqdimot» ko‘rsatuvini (O‘zbekiston MTRK «O‘zbekiston tarixi» telekanalining 2020 yil 03 dekabrdagi 02-40/1224-son ma’lumotnomasi) hamda «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Mavzu» ko‘rsatuvini (O‘zbekiston MTRK «O‘zbekiston tarixi» telekanalining 2021 yil 26 apreldagi 02-40/615-son ma’lumotnomasi) tayyorlashda foydalanilgan. Natijada taqdim etilgan ma’lumotlar XIX asr oxiri va XX asr boshilarida Turkistonda qozilik mahkamalari faoliyatini keng jamoatchilikka etkazib berishga xizmat qilgan;
o‘rta asrlarda Turkiston xalqlari siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan qozilik sudlarining XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ham sud tizimi orqali jamiyatni boshqarish va tartibga solishda qonunlar uzluksizligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasining adabiyot tarixi bo‘limiga oid eksponat va materiallar ko‘rgazmasini qayta shakllantirishda foydalanilgan («Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasining 2020 yil 28 dekabrdagi 61-son ma’lumotnomasi). Muzeyga taqdim etilgan ma’lumotlar uning fondini boyitishga va bu erga tashrif buyurgan tomoshabinlarning tarixiy tafakkurini o‘stirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish