Pardaev Ro‘ziboy Gulmurod o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sut yo‘nalishidagi qoramol zotlaridan go‘sht ishlab chiqarishda foydalanish samaradorligi”, 06.02.03-Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.RhD/Qx591.
Ilmiy rahbar: Boybulov Burxon Shodievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD05/12.2019.Qx.75.01.
Rasmiy opponentlar: Ro‘ziboev Nuraddin Rahimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Abduzoirova Durdonaxon Yunusovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘ziga xos tabiiy iqlim va ekologik sharoit hisoblangan Respublikamizning janubiy hududlarida urchitilayotgan sut yo‘nalishidagi qoramollardan sifatli go‘sht mahsuloti ishlab chiqarishda foydalanish samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor sutdor qoramollardan go‘sht mahsuloti ishlab chiqarishda samarali foydalanish orqali qora-ola tusli 21 oylik golshtin zotli buqachalarning tirik vazni 528,7 kg ni tashkil etib, sof zotli qora-ola va qizil ola tusli golshtin tengqurlariga nisbatan 60,3 kg va 31,6 kg ga yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
Respublikamizning janubiy hududlari iqlim sharoitiga moslashuvchanligi nisbatan yuqori bo‘lgan sof zotli qora-ola buqachalarida issiqqa chidamlilik indeksi 84,80 ga teng bo‘lib, qizil ola va qora-ola tusli golshtin buqachalarinikidan tegishli ravishda 1,0 birlikka ustunligi aniqlangan;
turli zotdorlikdagi buqachalarning ozuqani tirik vazn bilan qoplash xususiyatlari bo‘lishi hisobiga golshtin zotiga mansub qora-ola tusli buqachalarda 1 kg semirish uchun 8,52 ozuqa birligini tashkil etib, sof zotli qora-ola va qizil ola tusli golshtin zotli tengqurlariga qaraganda 0,45 va 0,26 ozuqa birligi kam sarflaganligi aniqlangan;
o‘sish xususiyating yuqori bo‘lishi, bir kilogramm qo‘shimcha tirik vazn uchun kam ozuqa birligi sarflanganligi sababli, har xil zotga mansub buqachalarni bo‘rdoqilab go‘sht mahsuloti olish uchun 18 oylikda so‘yish 21 oylikka nisbatan 0,8-1,4 foiz samarali ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sut yo‘nalishidagi qoramol zotlaridan go‘sht ishlab chiqarishda foydalanish samaradorligi yo‘nalishida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
dunyo genofondiga xos bo‘lgan golshtin zotining qora-ola tusli buqachalaridan go‘sht ishlab chiqarishda foydalanish usuli Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Navro‘z-naslchilik” chorvachilik majmuasida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 25 oktyabrdagi 02/23-343-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh buqacha hisobiga 335 ming so‘mga oshgan, rentabellik darajasi 37,8 foizni tashkil qilgan;
qora-ola tusli golshtin buqachalaridan foydalanish usullari Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi «Toshpo‘latov Baxodir Jo‘raniyozovich» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 25 oktyabrdagi 02/23-343-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh buqacha hisobiga 286 ming so‘mga oshgan, rentabellik darajasi 32,0 foizga teng bo‘lgan;
sut yo‘nalishidagi qoramol zotlaridan go‘sht ishlab chiqarishda foydalanish hamda xo‘jalik sharoitida qora-ola tusli golshtin buqachalaridan go‘sht ishlab chiqarishda foydalanish usullari Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi «Toshatov Normo‘min–M-» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 25 oktyabrdagi 02/23-343-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh buqacha hisobiga 260 ming so‘mga oshgan, rentabellik darajasi 31,2 foizga teng bo‘lgan.