Jo‘raeva Munis Yunusovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq topishmoqlarining genezisi», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil95.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Mirzaev To‘ra, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Jabbor Solievich, filologiya fanlari doktori; Ochilov Nasim Kamolovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: topishmoqlarning tarixiy asoslarini aniqlash, qadimgi mifologik tasavvurlar, tabuistik leksika va metaforik nutq bilan bog‘liq inonch-e’tiqodlarning topishmoqlar shakllanishida tutgan o‘rnini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida birinchi marta topishmoqlarning tarixiy asoslari qadimgi mifologiya, so‘z magiyasi, tabuistik leksika va metaforik nutqning arxaik shakllari bilan aloqadorligi aniqlangan;
o‘rta asrlar yozma yodgorligi «Kodeks kumanikus»dagi fol`klor materiallari topishmoqlar genezisini tadqiq etishning muhim manbai ekanligi asoslangan;
topishmoqlarning shakllanish jarayoni «so‘z tabusi→yashirin nutq→metaforik nutq→topishmoq» bosqichlaridan iboratligi isbotlangan;
topishmoqlarning kelib chiqishiga asos bo‘lgan poetik modellarning shakllanishida qadimgi inonch-e’tiqodlar va arxaik miflarning tutgan o‘rni va vazifalari oydinlashtirilgan;
serhosillik g‘oyasini tashuvchi qadimgi mavsumiy marosimlar hamda udumlarning verbal komponentlari topishmoqlarning yuzaga kelishiga asos bo‘lganligi dalillangan;
o‘zbek xalq topishmoqlarining kelib chiqishi va tadrijiy rivoji turkiy xalqlar poetik tafakkuri va badiiy-estetik an’analari bilan mushtarak jihatlarga egaligi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek xalq topishmoqlarining shakllanish tarixini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi «2010–2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 222-son qarori ijrosi bo‘yicha nashr etilayotgan «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» 100 jildligining beshinchi («O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari: 100 jildlik. 5-jild. «Shirin bilan Shakar». – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2015, 540 b.), sakkizinchi («O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari: 100 jildlik. 8-jild. «Sohibqiron». – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2016, 512 b.) va o‘n ikkinchi («O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari: 100 jildlik. 12-jild. «Orzigul». – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2017, 560 b.) jildlarida xalq ijodi asarlarini matniy tahlil qilish va poetik obrazlarning tarixiy asoslarini oydinlashtirishga doir nazariy umumlashmalardan foydalanilgan. Natijada o‘zbek xalq ijodi asarlarini akademik nashrga tayyorlashning yangi ilmiy mezonlari aniqlangan;
o‘zbek xalq topishmoqlari tilidagi tabuistik leksika va metaforik nutq shakllariga oid lug‘aviy birliklarning poetik talqinlariga oid ilmiy-nazariy qarashlar FA–F8–034 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» (2007–2011) nomli fundamental loyihaga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 14 noyabrdagi FTA-02-11/1082-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek tili leksik qatlamining semantik maydoniga xos yangi xususiyatlar oydinlashtirilgan va izohli lug‘atdagi leksikografik tahlillar takomillashtirilgan;
qadimgi miflar va so‘z tabusining topishmoq janri genezisida tutgan o‘rniga oid faktik materiallar va tahliliy xulosalar F1-XT-0-19919-raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni» nomli fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 17 noyabrdagi FTA-02-11/1104-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalar o‘zbek xalqi badiiy tafakkuri takomilida muhim o‘rin tutgan mif va mifologik syujetlarning o‘ziga xos xususiyatlari hamda fol`klor janrlaridagi mif diffuziyasi hodisasining qonuniyatlarini oydinlashtirishga asos bo‘lgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Javondagi javohirlar» ko‘rsatuvi hamda «Qadriyat» eshittirishida mazkur teleko‘rsatuv va radioeshittirish uchun tayyorlangan materiallar tadqiqotchi tomonidan tavsiya etilgan fol`klor materiallari, shu jumladan, topishmoq aytish an’anasining kelib chiqishi va uning hududiy jihatdan o‘ziga xoslik kasb etishi kabi fikrlar bilan boyitilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 20 noyabrdagi 05-15/4752-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabin hamda radioeshittirish muxlislari topishmoqlar haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lgan.