Kuldashev Otamurod Urazovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sigirlar bepushtligi, endometritlarni davolash va oldini olish usullarini takomillashtirish», 16.00.02 – Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/V19.
Ilmiy rahbar: Elmurodov Bozorboy Aktamovich, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Eshburiev Baxtiyar Mamatqulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Xamdamov Xabibulo Oblaqulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Teshaev Shuxrat Jumaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sigir va tanalarning bepushtligi hamda endometritlarning uchrash darajasi, sabablari, tarqalishi, kechish turlarini aniqlash, iqtisodiy zarari va etiologiyasini tahlil qilish, davolash va oldini olishda mahalliy yuqori samara beruvchi maxsus vositalarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
respublikaning qoramolchilik fermer xo‘jaliklari sharoitida mahsuldor sigirlar va urug‘lantirish yoshidagi tanalarda bepushtliklarni yil fasllari bo‘yicha tarqalishi, tuqqandan keyingi endometritning turlari, tarqalishi, kasalliklarning xo‘jaliklarga keltiradigan (kuyga kelmasligi, servis davrini uzoq bo‘lishi, sut mahsuldorligini 15-20% kamayishi) iqtisodiy zarari aniqlangan;
sigirlar va tanalarda bepushtliklar va endometritlarning sabablari alimentar, simtomatik va mikroiqlimga bog‘liq omillar ekanligi tadqiqotlarda isbotlangan;
endometrit bilan kasallangan sigirlar jinsiy organlarida kuzatiladigan patomorfologik va qondagi morfologik o‘zgarishlarni aniqlash, zamonaviy tekshirish usullarini qo‘llashga asoslangan diagnostik mezonlar ishlab chiqilgan;
sigirlarda ginekologik kasalliklarni, jumladan endometritlarni davolashda umumiy va maxsus ta’sir qiluvchi mahalliy preparatlarni (Platsentin, Karbokaz va Ixglyukovet) qo‘llash bilan davolash usullari takomillashtirilgan;
sigirlarda bepushtliklar va tuqqandan keyingi endometritlarni oldini olishda maxalliy (Platsentin, Karbokaz va Ixglyukovet) preparatlarni qo‘llab, sigirlarda servis davrini qisqartirishga asoslangan profilaktik tadbirlar majmuasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sigirlar bepushtligi, endometritlarni davolash va oldini olish usullarini takomillashtirish bo‘yicha bajarilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligidan «Sigirlarda yo‘ldosh ushlanib qolishini davolovchi vosita» uchun 1 ixtiroga Patent olingan (№IAP 06296) va veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 27 oktyabr №02/23-356-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlarda bepushtlikni va endometritlarni erta tashhislash, davolash va oldini olishga erishilgan;
sigirlar bepushtligini kamaytirish uchun «Sigirlarni sun’iy qochirish, bo‘g‘ozligini aniqlash va akusher-ginekologik kasalliklarini davolash bo‘yicha» qo‘llanma ishlab chiqilgan hamda «Sigirlar tuqqandan keyingi ginekologik kasalliklarni davolash va oldini olish bo‘yicha» va «Sigirlar endometrit kasalligini oldini olish va davolash bo‘yicha» tavsiyalar tasdiqlanib, veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil oktyabrdagi №02/23-356-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarni qo‘llash natijasida xo‘jaliklarda sigirlarni tuqqandan keyingi kasalliklar bilan kasallanish 25-30 foizga, servis davri esa 20 kunga qisqargan va birinchi kuyga kelib otalanish 75-79 foizni tashkil etgan.
«Platsentin», «Karbokaz» va «Ixglyukovet» preparatlarini sigirlarning bepushtlik va endometritlarini davolashda muskul orasiga 20-25 ml miqdorda ikki marta 3 kun oralig‘i bilan qo‘llash usuli ishlab chiqilib Qashqadaryo viloyati Kitob tumani «Sora invest», Samarqand viloyati Payariq tumani «Chorvador», «Baxt», Navoiy viloyati Karmana tumanidagi «Sho‘rko‘l», Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi «Ro‘zi bobo», «Asadbek Xolmuxammedov MChJ», Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Asadbek imom maks», Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi «Jahongir chashmasi» kabi bir qator fermer xo‘jaliklariga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil oktyabrdagi №02/23-356-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlar tuqqandan keyingi endometritlarni davolash muddati 8-10 kunga qisqargan, hayvonlar sog‘aygandan so‘ng 4-5 kun o‘tgach sigirlarni kuyga kelishi va otalanishiga erishilgan, sarflangan 1 so‘m xarajat qoplami 9,8 so‘mni tashkil etgan.