Saydaqulov Ravshan Aliboevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida ijtimoiy xizmatlar sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari”, 08.00.05 – “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Iqt623.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Toshkent davlat transport universiteti, DSc.15/31.12.2020.I.09.04.
Ilmiy rahbar: Murodova Nodira Kullievna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Ivatov Irisbek, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raxmonov Norim Razzakovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida aholiga ijtimoiy xizmatlar, jumladan, oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan isloh etish, qamrov darajasini oshirish va sifatini yaxshilashga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini oshirish uchun ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati, hajmi, hisobini yuritish va ularni byudjet hisobidan to‘lash hamda qo‘shimcha xizmatlar qiymatini hisoblash uslubiyotini Voucher (vaucher) taqdim etish orqali moliyalashtirish taklif etilgan;
oliy ta’lim muassasalari ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etish, bo‘sh turgan bino va inshootlarni imtiyozli – o‘rta (3-5 yilgacha) va uzoq (6-10 yilgacha) muddatga talabalarga yoki o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarga ijaraga berish asosida “davlat-xususiy sheriklik” tizimini takomillashtirish asoslangan;
oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalar soni, ishsizlik darajasi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi real daromadlarning o‘zaro bog‘liqligidan kelib chiqqan holda ijtimoiy xizmatlar sohasini rivojlantirishning 2026 yilgacha bo‘lgan ko‘p variantli prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan;
talabalarning mustaqil o‘zlashtirishi, yakuniy va davlat attestatsiyasidan o‘tishi, alohida ta’lim ehtiyojlari, individual va teng imkoniyatlarni rivojlantirish borasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim tug‘risida”gi qonuniga “ta’lim sohasiga investisiyalarni jalb etish”, “inklyuziv ta’lim”, “masofaviy ta’lim” tushunchalarini kiritishning maqsadga muvofiqligi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida ijtimoiy xizmatlarni jumladan, ta’lim xizmatlarini rivojlantirish jihatlari va yo‘nalishlari borasida ishlab chiqilgan takliflar asosida:
aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini oshirish uchun ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati, hajmi, hisobini yuritish va ularni byudjet hisobidan to‘lash hamda qo‘shimcha xizmatlar qiymatini hisoblash uslubiyotini Voucher (vaucher) taqdim etish orqali moliyalashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi PQ-5113-son «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 6 avgustdagi 89-04-1593-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amalda qo‘llash oliy ta’lim muassasalarining o‘z-o‘zini moliyalashtirish amaliyotiga o‘tishini ta’minlashga qaratilgan islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan mablag‘larda davlat byudjetining ulushi 38 foizdan 29 foizgacha qisqarishiga xizmat qilgan;
oliy ta’lim muassasalari ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etish, bo‘sh turgan bino va inshootlarni imtiyozli – o‘rta (3-5 yilgacha) va uzoq (6-10 yilgacha) muddatga talabalarga yoki o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarga ijaraga berish asosida “davlat-xususiy sheriklik” tizimini takomillashtirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 259-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 6 avgustdagi 89-04-1593-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarni amaliyotda qo‘llash ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosida oliy ta’lim muassasalari daromadlarini oshirish hamda ta’lim muassasalarining talabalar turar joylariga talabini kamaytirishga xizmat qilgan;
oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalar soni, ishsizlik darajasi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi real daromadlarning o‘zaro bog‘liqligidan kelib chiqqan holda ijtimoiy xizmatlar sohasini rivojlantirishning 2026 yilgacha bo‘lgan ko‘p variantli prognoz ssenariylaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-son farmonini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 6 avgustdagi 89-04-1593-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amalda qo‘llash natijasida mamlakatimizda ishsizlik darajasini 2026 yilda 2020 yilga nisabatan 6,2 foizga kamaytirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi real umumiy daromadlar hajmini 45 foizgacha oshirish mumkinligi aniqlangan;
talabalarning mustaqil o‘zlashtirishi, yakuniy va davlat attestatsiyasidan o‘tishi, alohida ta’lim ehtiyojlari, individual va teng imkoniyatlarni rivojlantirish borasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim tug‘risida”gi qonuniga “ta’lim sohasiga investisiyalarni jalb etish”, “inklyuziv ta’lim”, “masofaviy ta’lim” tushunchalarini kiritish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2020 yil 25 fevraldagi 04/5-05-7a-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalarni amalda qo‘llash natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahrirdagi 20, 21, 31 va 64-moddalari tahrirlandi hamda mazkur amaldagi qonunning 29-moddasi, ya’ni ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari bilan nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.