Xudoyorova Gulrux Normurod qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abdulla Oripov she’riyatida lirik kechinma va poetik tasvir uyg‘unligi (Xorij safarlaridagi asarlari misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek  adabiyoti  (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2078.
Ilmiy rahbar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan   muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Quvvatova Dilrabo Habibovna filologiya fanlari doktori, professor;  Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori, professsor   Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Abdulla Oripovning xorijda yaratilgan she’rlarida lirik kechinma va poetik tasvir uyg‘unligi masalasining poetik shakl, mazmun hamda obrazda namoyon bo‘lish xususiyatlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abdulla Oripovning xorijda yaratilgan she’rlari asosida tuzilgan 8 ta to‘plami – “Moskva safari”, “Armaniston safari”, “Haj daftari”, “Jeneva daftari”, “Italiya daftari”, “Yapon ohanglari” hamda “Turkiya daftari”ga kirgan she’rlari lirik kechinma va poetik tasvir uyg‘unligi kesimida tekshirilib, shoirning xorijda yaratilgan 277 ta she’ridan 135 tasi misolida ijodkor nazmiy asarlarida lirik kechinmaning o‘rni, uning rang va ohang bilan sintezi usullari isbotlangan;
Abdulla Oripov she’rlari misolida lirik kechinmaga doir mavjud nazariy qarashlar boyitilib, uning antitezis  lirik kechinma va turg‘un lirik kechinma kabi yangi turlari aniqlangan; 
lirik kechinma tasvirida poetik obrazning o‘rnini yoritish jarayonida adabiyotshunoslikda mavjud detal obrazlarning ikki turi – umumiy detal obrazlar hamda milliy mentalitetga xos detal obrazlar farqlanib, ularning lirik, ijtimoiy, biografik hamda adabiy-nazariy xususiyatlari ochib berilgan;
Abdulla Oripovning xorijda yaratilgan asarlarida lirik kechinma va badiiy tasvir uyg‘unligi kesimida poetik obrazning kashfiyot obrazlar, turg‘un va o‘zgaruvchan obrazlar, vosita obrazlar singari xossalari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  Abdulla Oripov she`riyatida lirik kechinma va poetik tasvir uyg‘unligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot asosida olingan natijalar asosida: 
Abdulla Oripov asarlari va mumtoz she’riyatning qiyosiy tahlili misolida lirik kechinmaning yangi aniqlangan antitezis  lirik kechinma, turg‘un lirik kechinma kabi turlari, shoir she’rlari tadqiqi asosida adabiyotshunoslikda mavjud detal obrazlarning umumiy detal obrazlar hamda milliy mentalitetga xos detal obrazlar tarzidagi tasnifi, rang va ohang badiiy sintezi vositasida ijtimoiy, lirik, ishqiy, diniy-axloqiy lirik kechinmalar tasviri aks etgani hamda bunda an’anaviylik va novatorlikning o‘rniga doir tahliliy fikr va xulosalardan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 16 martdagi 04/1-481-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek she’riyatida lirik kechinma va poetik tasvir uyg‘unligiga doir ilmiy xulosalar yangi nazariy qarashlar bilan boyitilgan; 
Abdulla Oripovning lirik kechinmani ifodalashda poetik mazmun va shakl uyg‘unligiga erishuvi Alisher Navoiy adabiy-estetik qarashlarining ta’siri bilan bog‘liq ekani, Navoiyning “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Fusuli arba’a” asarlaridagi rang va ohang tasviriga doir badiiy kashfiyotlar lirik kechinma tasvirida Abdulla Oripov uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tagani, shoirning xorijda yozilgan she’rlaridagi axloqiy-ma’rifiy mazmun Alisher Navoiyning “Hayratu-l-abror” va “Arba’in” asarlaridagi qarashlar bilan uyg‘unligi haqidagi ilmiy xulosalardan “PZ-20170926459 raqamli  “Navoiyshunoslik tarixi” (XX-XXI asrlar)” (2018-2020) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 16 martdagi 04/1-480-son ma’lumotnomasi). Natijada Abdulla Oripovning xorijda yaratilgan asarlarida lirik kechinma ifodasida poetik mazmun, shakl va obraz takomilida buyuk salafi Alisher Navoiy ijod konsepsiyasining ta’siriga doir ilmiy-nazariy tamoyillar aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish