Jumanazarov G‘ayrat Xusanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Dorivor o‘simliklardan na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘atlarning zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx428.
Ilmiy rahbar: Zuparov Mirakbar Abzalovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.10.2020.Qx.126.01.
Rasmiy opponentlar: Aliev Shavvoz Karimovich, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, dotsent; Umurzoqov Elmurod Umurzoqovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dorivor o‘simliklar – na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘at navlari hamda turlarida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarini tur tarkibi, tarqalishi, rivojlanishi hamda keltiradigan zararini tahlil qilish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyati sharoitida na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘atning zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarining tarqalishi (9,2-54,9%) hamda rivojlanishi (3,6-32,6%) aniqlangan;
na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘at dorivor o‘simliklarining un-shudring, zang, antraknoz, fuzarioz, septarioz va dog‘lanish kasalliklarining zarari (8,3-25,0%) aniqlangan;
Toshkent viloyati sharoitida na’matakning un shudring kasalligini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ining kleystotesiy meva tanasi aniqlangan;
Alternaria alternate (Fr.) Keissler zamburug‘ turi Toshkent viloyati sharoitida na’matakning qora dog‘lanish kasalligini qo‘zg‘atishi aniqlangan;
na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘atda kasallik qo‘zg‘atadigan S.pannosa, S.macularis, L.saxifragacearum, Fusarium sp. zamburug‘ turlarining patogenlik xususiyatlari aniqlangan;
Zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarga nisbatan qorag‘atning “Suyuma”, “Ruxshona”, “Uzbekskaya sladkaya”, “Iroda” navlari (Ki4,8-5,2%), xo‘jag‘atning “Progress” navi (Ki0,4-1,0%) va na’matakning “Dargumon” turi kompleks chidamlilikni (Ki2,8-6,6%) namoyon qilishi aniqlangan;
na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘atning un-shudring, zang, antraknoz hamda fuzarioz kasalliklariga qarshi fungisidlarning eng maqbul me’yorlari (0,6-0,7 l/ga) hamda sepish muddatlari (kurtaklar yozilguncha va gullashgacha hamda dastlabki gul tugunchalari paydo bo‘lganda va gullashgacha) aniqlangan;
na’matak, xo‘jag‘at va qorag‘at dorivor o‘simliklarining zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklariga qarshi plantatsiyalarda qo‘llanilgan fungisidlarning biologik (87,1-91,7%) va iqtisodiy samaradorligi (8400,0-20000,0 ming so‘m/ga) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dorivor o‘simliklardan na’matak, qorag‘at va xo‘jag‘atning zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
na’matak, qorag‘at va xo‘jag‘atlarning un-shudring kasalligiga qarshi Sideli TOP 140 d.k. fungisidini 0,7 l/ga me’yorida qo‘llash texnologiyasi “Burchimulla davlat o‘rmon xo‘jaligi” Chotqol bo‘limida va ToshDAU huzuridagi Axborot-maslahat markazi DUK da, akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va “BB Agro 1” f/x da hamda “Kumushkon Baxt” f/x da jami 7,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/025-3581-son ma’lumotnomasi). Natijada mos ravishda 88,4%, 87,1%, 88,8% biologik samaradorlikka erishilgan va muvofiq xolda 15,0, 17,5 va 8,0 s/ga qo‘shimcha hosil olingan, iqtisodiy samaradorlik mos xolda 11100,0 ming so‘m, 20000,0 ming so‘m va 11000,0 ming so‘mni tashkil etgan;
na’matakning zang kasalligiga qarshi Skal`pel` 250 sus.k. fungisidini 0,6 l/ga me’yorida qo‘llash O‘zR FA Botanika institutining xuzuridagi akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘ida jami 1,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/025-3581-son ma’lumotnomasi). Natijada 88,2% biologik samaradorlikka erishilgan va 15 s/ga hosil saqlab qolingan, iqtisodiy samaradorlik 11350,0 ming so‘mni tashkil etgan;
na’matakning fuzarioz kasalligiga qarshi Maksim XL 035 FS, 3,5% sus.k. fungisidini 1,5 ml/kg sarf me’yorida qo‘llash ToshDAU huzuridagi Axborot-maslahat markazi (Extension center) DUK da jami 0,5 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/025-3581-son ma’lumotnomasi). Natijada 91,7% biologik samaradorlikka erishilgan va 20% ko‘chatlar saqlab qolingan;
qorag‘atning antraknoz kasalligiga qarshi Ridomil GOLD MS 68% s.d.g fungisidini 2,5 kg/ga me’yorida qo‘llash “Kumushkon Botirali” f/x da jami 1,0 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/025-3581-son ma’lumotnomasi). Natijada 18,7% hosil saqlab qolingan va 89,2% biologik samaradorlikka erishilgan;
xo‘jag‘atning oq dog‘lanish yoki septorioz kasalligiga qarshi Reks DUO 49,5% sus.k. fungisidini 0,6 kg/ga me’yorini qo‘llash “Kumushkon Gold” f/x ga qarashli 1,0 ga maydonga joriy etildi (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/025-3581-son ma’lumotnomasi). Natijada 87,7% biologik samaradorlikka erishilgan va 17,4% hosil saqlab qolingan.