Muzafarov Amrullo Mustafoevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Oltin, uran ishlab chiqarish va ularning ekotizmga texnogen ta’siri jarayonlarida radionuklidlar va kimyoviy elementlar kattaliklari va o‘zini tutishini baholash», 11.00.05 – Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/K79.
Ilmiy maslahatchi: Kulmatov Rashit Anorovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.03/30.12.2019.K/T.04.02.
Rasmiy opponentlar: Sharipov Xasan Turabovich, kimyo fanlari doktori, professor; Muxamedov Qobiljon Gafurovich, texnika fanlari doktori; Qurbonov Baxtiyor Ibragimovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oltin, uran ishlab chiqarish va ularning ekotizmga texnogen ta’siri jarayonlarida radionuklidlar va kimyoviy elementlar kattaliklari va o‘zini tutishini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishchi xodimlarni zararli ionlashtiruvchi nurlanish ta’siridan himoyalash maqsadida ion almashuvchi smolalarda oltin va aralashma elementlarni - 197Au(n,n’γ)197mAu reaksiyasi bo‘yicha va kimyoviy elementlarni texnogen, tabiiy va reper kelib chiqishini aniqlash uchun oltin sanoati chiqindilari ombori (xvostoxranilishha) tuproqlarida - As, Sc, Fe, Co, Ni, Rb, Ag, Sb, Cs, Ce, Eu, Tb, Lu, Hf, Hg, La, Sm, W, Au, U - elementlarni aniqlashning instrumental neytron-aktivlashtirish tahlil - INAT uslubiyati ishlab chiqilgan;
U3O8 va uran ximkonsentrati mahsulotlarida uran izotoplarini - 234U, 235U, 238U al`fa-spektrometrik usulda identifikatsiyalash asosida 234U izotopi massa miqdorining muvozanatdagi - 53,41 mkg/g o‘rniga 73 mkg/g gacha bo‘lishi topilgan va uran 234U/238U izotoplari orasidagi radioaktivlik muvozanat koeffisentining Krr=1,37gacha buzilishi uran maxsulotlari saqlanadigan joylardagi radiatsion fonning oshib ketishi sababi ekanligi asoslangan;
uran 234U/238U izotoplari orasidagi radioaktivlik muvozanat koeffisentining-Krr buzilishi uranni tanlab eritishda qo‘llaniladigan geotexnolik uslubga bog‘liqligi va ASTM-967-08 xalqaro talabi bo‘yicha 234U izotopi chegaraviy massa ulushiga javob beradigan uran tayyor maxsulotini - U3O8 olishga imkon beruvchi mexanizmi aniqlangan;
oltin va uran ishlab chiqarish jarayonlarining ekotizmga ta’siri kattaliklarini ko‘rsatuvchi - Sc, Cr, Co, Zn, Se, Ag, Sb, Au, Fe, Ce, Eu elementlari mavjud bo‘lish formalarini teshiklari diametri 0,16-0,20 mkm bo‘lgan yadro fil`trlaridan foydalanib, aniqlashning elektrodializ usuli va er osti suvlaridagi - U238, Th230, Ra226, Rn222, Bi214, Pb214, Po210 radionuklidlar solishtirma aktivligini aniqlashning radiometrik usuli ishlab chiqilgan;
yadro fil`trlarida yig‘ilgan aerozollar solishtirma yig‘indi aktivligining oksid - chala oksidni toblash sexi havosidagi uran konsentratsiyasiyaga va 222Rn hajmiy aktivligi qiymatining uran otvallari, sanoat chiqindilari omborlari va uranni er ostida tanlab eritish maydonlari tuproqlaridan chiqayotgan radon oqimi zichligiga bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oltin, uran ishlab chiqarish va ularning ekotizimga texnogen ta’siri jarayonlarida kimyoviy elementlar va radionuklidlarning kattaliklari va o‘zini tutishini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
U3O8 va uran ximkonsentrati mahsulotlarida uran izotoplarini - 234U, 235U, 238U identifikatsiyalashning al`fa-spektrometrik usuli Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amaliyotga joriy etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati Davlat korxonasining 2022 yil, 10 sentyabrdagi №02-06-07/8833 –son ma’lumotnomasi); Natijada 0,005% dan 0,002% gacha aniqlikda uran izotoplarini - 234U, 235U, 238U identifikatsiyalash imkonini bergan;
tabiiy suvlarda va sanoat oqava suvlarida - 238U, 234U, 235U, 230Th, 226Ra radionuklidlarni aniqlashning radiometrik usuli va anion - Cl-, NO2-, NO3-, SO32-, HCO3-, SO42- va kation - Ca+, Mg+, Na++K+, Fe3+, NH4 larni aniqlashning fotokalorimetrik usullari Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amaliyotga joriy etilgan (Navoi kon-metallurgiya kombinati Davlat korxonasining 2022 yil, 10 sentyabrdagi №02-06-07/8833-son ma’lumotnomasi). Natijada, atrof muhitga chiqarib yuborilayotgan radionuklidlarni baholash imkonini bergan;
238U, 234U, 235U, 230Th, 226Ra – radionuklidlar bilan ifloslangan tuproqlarni tabiiy tuproqlar uchun o‘rnatilgan – 1200 Bk/kg yig‘indi solishtirma effektiv aktivlik qiymatigacha rekul`tivatsiya o‘tkazish usuli Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amaliyotga joriy etilgan (Navoi kon-metallurgiya kombinati Davlat korxonasining 2022 yil 10 sentyabrdagi №02-06-07/8833-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq tarkibidagi zararli radiaktiv radionuklidlarni baholash imkonini bergan.