Niyazmetov Baxodir Allaberganovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Genistin va daidzinni mitoxondriyalarda energiya va fosfolipidlar almashinuvi, fosfolipazalar faolligi va kislorodning faol shakllari hosil bo‘lishiga ta’siri», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/V27.
Ilmiy rahbar: Almatov Karim Tojibaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.B.70.03.
Rasmiy opponentlar: Pozilov Ma’murjon Komiljonovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Kurbanov Abdulaziz Shoniyozovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: izoflavonlar - genistin va daidzinni me’yor, gipoksiya va is gazi bilan zaharlanishda jigar mitoxondriyalari nafas olishi va energetikasi, fosfolipidlarining miqdori va lipidlar perekisli oksidlanishi, neyron va astrotsitlarda kislorod faol shakllarining hosil bo‘lishi, endogen antioksidantlar faolligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
izoflavonlar kobra zahri tarkibidagi fosfolipazalarning mitoxondondriyalardagi oksidazalar faolligiga gidrolitik ta’sirini kamaytirishi aniqlangan;
genistin va daidzin izoflavonlari dozaga bog‘liq ravishda jigar mitoxondriyalarida ADF/O koeffisientini oshirish xususiyatiga ega ekanligi aniqlanib, nafas zanjirining suksinat yo‘li bo‘ylab ATF sintezini kuchaytirishi ochib berilgan;
izoflavonlar mitoxondriyalarda gipoksiya sharoitida lipidlarning peroksidli oksidlanishi va fosfolipazalarning faolligini sinxron ravishda pasaytirib, bu jarayolarning salbiy ta’sirini oldini olishi isbotlangan;
neyron va glial hujayralarda gipoksiya va ishemiya sharoitida is gazi bilan zaharlanishda genistin va daidzin kislorod faol shakllarining miqdorini pasaytirishi va endogen antioksidantlar miqdorini va sintezini oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Jigar mitoxondriyalari funksiyalarining membranaviy buzilishlarini aniqlash va ularni genistin bilan daidzin yordamida korreksiyalash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
genistin va daidzinni me’yor va gipoksiyada jigar mitoxondriyalari nafas olishi va energetik funksiyalari, fosfolipidlarining miqdori va lipidlar perekisli oksidlanishi jarayonlariga ta’siri xususiyatlarini aniqlashdan olingan natijalardan N`yu-Yorkdagi ozuqaviy qo‘shimchalarni tadqiq qilish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan VetVittles LLC kompaniyasi faoliyatida foydalanilgan (VetVittles LLC (Brooklyn, NY) ning 2021 yil 4 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, genistin va daidzinning organizm nospesifik chidamliligini oshirishi, kislorod va substratlar etishmovchiligini kamaytirishi hisobiga hayvonlarda yuqori funksional faollikni ta’minlash imkonini bergan;
izoflavonoidlar genistin va daidzinni FLA2 ning NADN-oksidaza faolligiga gidrolitik ta’sirini kamaytirishidan №FA-F5-T084 “Mitoxondriyalar ion transporti va metabolik jarayonlar bioregulyatorlarining me’yor va patologiyadagi ta’sirini tavsiflash” mavzusidagi fundamental loyihada mitoxondriya membranasi holatlarini tavsiflashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 dekabrdagi 89-03-5083-son ma’lumotnomasi). Natijada, genistin va daidzin izoflavonoidlari in vitro sharoitida mitoxondrial membranalarning barqarorligini oshirish, Ca2+- ga bog‘liq megapora faolligini kamaytirish imkonini bergan;
endogen antioksidantlar, shu jumladan glutation faolligining izoflavonlar bilan tiklanishi Surgut davlat universitetining “Innovatsionnie texnologii izvlecheniya, identifikatsii i issledovaniya geroprotektornix svoystv polifenolov dikorosov Zapadnoy Sibiri pri vozrast-assotsiirovannoy patologii v usloviyax XMAO – Yugri” mavzusidagi amaliy tadqiqotlar loyihasida polifenol ekstraktlarning sitoprotektor faolligini skrining qilishda foydalanilgan (Surgut davlat universitetining 2021 yil 19 yanvardagi 04-13-207 ma’lumotnomasi). Natijada, yoshga bog‘liq kasalliklarda polifenollarning ta’sir mexanizmlarini ochiqlash va sezilarli biologik faolikka ega tabiiy polifenollarni aniqlash imkonini bergan.