Narzullaeva Dilfuza Saitovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek fol`klorida Momo kul`ti (genezisi va poetikasi)”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil760.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Qayumov Olim Sadriddinovich, filologiya fanlari doktori; Jo‘raqo‘ziev Nodirbek Imomqo‘zievich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek fol`klorida momo kul`ti genezisini va unga ishonch asosida kelib chiqqan marosimlar fol`klori poetikasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qadimgi insonlarning animizm, shomonizm, manistik miflarga aloqador tushunchalari asosida homiy momo kul`tlarga ishonch, ularga sig‘inish tufayli kelib chiqqan Bibiseshanba, Bibimushkulkushod kabi haftaning seshanba va chorshanba kunlari o‘tkaziladigan taqvimiy hamda oilaviy-maishiy mohiyatga ega marosimlar genezisi mif-marosim-taqvim bosqichidan iborat tarixiy-fol`kloriy jarayonda kechganligi asoslangan;
momo obrazi o‘zbek xalq asotir, afsona, oilaviy-maishiy va mavsumiy marosim qo‘shiqlarida Umay, Yo‘lchi, Elchi, To‘q, Gung, Gumchi, Kul, Gul, Suvchi, Uchuni, Hasud, Mechkay, Kinna, Ro‘dapo, Shalpar, Ko‘k, Qora, Qizil, Sariq, Oq, Xunxor, Shaloyim, Kashmiri, Alamon, Titti, Ochil, Gulsun, Yozil, Tuvgich, Go‘zal, Guldur, Shaldir, Chuy, Yalala, Larzon, Aziz kabi allyuziv nomlar bilan, ertak hamda dostonlarda yalmog‘iz, jodugar, shum, maston kampir sifatlashlari orqali ifodalanishi dalillangan;
ayollarning tug‘ish, bolani o‘stirish, o‘lim, tabobat, kasb-kor bilan shug‘ullanish jarayonida, mushkul vaziyatlarda qolganda ruhiy madad olish maqsadida o‘tkaziladigan momolar kul`tiga aloqador marosimlarning verbal komponentini, badiiy so‘z qismini fol`klor janrlari afsona, ertak, qissa, murojaat aytimlari, olqishlar tashkil qilishi, ularning nasriy hamda she’riy ko‘rinishlarda, og‘zaki va yozma variantlarda tarqalgani oydinlashtirilgan;
“Bibiseshanba” va “Bibimushkulkushod” marosimlari ayollar o‘rtasida bolaparvarlik, etimparvarlik, mehnatsevarlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, imon-e’tiqodli bo‘lish g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgani ochib berilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek fol`klorida momo kul`ti genezisi va badiiy ifodasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
momo kul`tiga ishonch bilan bog‘liq marosimlarning turlarini, ularga aloqador fol`klor namunalarining janrlar tarkibini, momo obrazi ko‘rinishlarini tasniflashdagi nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2 “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini hamda 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihalarni  bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 20 apreldagi 17.01/83-son ma’lumotnomasi). Natijada momo ruhlarga hamda momo kul`tiga ishonch xalqimiz orasida qadimdanoq birmuncha keng va muayyan yaxlit tizim ko‘rinishida tarqalganligi, ular haqidagi qarashlar ildizi qadimgi animistik va shomonistik diniy-mifologik tushunchalarga borib taqalishi oydinlashtirilgan;
o‘zbek marosim fol`klori asarlarini yozib olish va tahlil qilish metodlarini takomillashtirishga oid qarashlaridan Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasining nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, xalq og‘zaki ijodi namunalarining ijrochilari ro‘yxatini shakllantirish va ulardan marosim fol`klori namunalarini yozib olish bilan bog‘liq amaliy faoliyatida foydalangan (Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasining 2022 yil 3 martdagi 01-096-son ma’lumotnomasi). Natijada nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining mahalliy va respublika ahamiyatiga molik ro‘yxatlarini shakllantirish, fol`klor asarlarini janriy tabiatidan kelib chiqib arxivlashtirish va fol`klor-etnografik jamoalari repertuarini sahnalashtirish metodikasi takomillashtirilgan;
o‘zbek marosim fol`klorining milliy qadriyat sifatidagi ahamiyati va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga oid ilmiy qarashlaridan “Buxoro” telekanalining 2019 yilning 7 va 24 dekabr` kunlari efirga uzatilgan “Menga so‘z bering”, “Assalom, Buxoro”, 2020 yilning 5 fevral`, 20 mart kunlari efirga uzatilgan “Jahon tamadduni durdonalari”, “Asrlarning asraganlari” teleko‘rsatuvlari, “Buxoro” radiosining 22 yanvar` va 28 fevral` kunlari efirga berilgan “Muloqot va munozara”, “Qadriyatlar qadim beshigi” radioeshittirishlari ssenariylarida foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 17 iyuldagi 1/191-son ma’lumotnomasi). Natijada mifologik obrazlardan fol`klor asarlarida turli poetik maqsadlarda foydalanilishiga doir qiziqarli ma’lumotlar teletomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan hamda ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ko‘rsatuvning ilmiy-ommabopligini ta’minlashga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish