Burxanova Mashxuraxon Muxammad qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kreolizativ matnlarning paralingvopoetik tadqiqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2036.
Ilmiy rahbar: Roziqova Gulbaxor Zaylobiddinovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Dilora Nabieva Abdulhamidovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muloqot jarayonida qo‘llanadigan noverbal vositalarning badiiy matnda verballashishi va ularning paralingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kommunikatsiya jarayonida turli ifoda vositalaridan parallel foydalanish matnning kreolizativ strukturasini shakllantirishga xizmat qilishi, bunday matnlar lisoniy va nolisoniy vositalarning o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasi ekanligi, nolisoniy ifoda vositalari kommunikantlar tasavvurida assotsiatsiyalanishi, sezgi a’zolari orqali ongda ma’lumotlarning qabul qilinishi va konseptual strukturaning lisoniy reprezentatsiyalanishi asoslangan;
noverbal semiotika termini negizida paralingvistik vositalarning zamonaviy tasnifi amalga oshirilib, paralingvistika, kinesika, okulesika, auskul`tatsiya, ol`faktorika, gaptika, gastika, proksemika, xronemika, sistemalogiya kabi yo‘nalishlar differensiatsiyalangan;
kommunikativ yondosh sistema elementlaridan biri sifatida ol`faktor vositalar noverbal semiotik tushunchalar tamoyillari asosida tasnif qilinishi, ular ham boshqa sezgilar kabi axborot uzatish vazifasini bajarishi, ma’lumotlarning ongda assotsiatsiyalanishi natijasida belgi mohiyatining farqlanishi dalillangan;
badiiy matnda nolisoniy vositalarning lisoniy reprezentatsiyasi inson ruhiyatini ifodalashda, unga xos bo‘lgan xususiyatlarni tasvirlashda, fikrlarning poetik ifodasida va inson emotsional holatini ko‘rsatib berishda ustuvorlik kasb etishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotning nazariy takliflari, amaliy tavsiyalari va xulosalari quyidagilarga tatbiq etilgan:
kommunikatsiya jarayonida turli ifoda vositalaridan parallel foydalanish matnning kreolizativ strukturasini shakllantirishga xizmat qilishi, bunday matnlar lisoniy va nolisoniy vositalarning o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasi ekanligi, nolisoniy ifoda vositalari kommunikantlar tasavvurida assotsiatsiyalanishi, sezgi a’zolari orqali ongda ma’lumotlarning qabul qilinishi va konseptual strukturaning lisoniy reprezentatsiyalanishiga doir ilmiy xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020 yillarda bajarilgan BV-Atex-2018 (143) raqamli «Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy grant loyihasi doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 11 fevraldagi 04/1–252-son ma’lumotnomasi). Natijada hid fenomeni imkoniyati cheklangan bolalarning olamni anglash va uni nutqda aks ettirishlarida muhim o‘rin tutishi aniqlangan;
kommunikativ yondosh sistema elementlaridan biri sifatida ol`faktor vositalar noverbal semiotik tushunchalar tamoyillari asosida tasnif qilinishi, ular ham boshqa sezgilar kabi axborot uzatish vazifasini bajarishi, ma’lumotlarning ongda assotsiatsiyalanishi natijasida belgi mohiyatining farqlanishi haqidagi nazariy tavsiyalardan Qozog‘istondagi ta’lim o‘zbek tilida o‘qitiladigan umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari uchun yaratilgan “O‘zbek tili” darsligida, 2021-2022 yillarda Qozog‘iston o‘zbek etnomadaniyat birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati qoshidagi “Ijodkor” adabiy uyushmasining targ‘ibot faoliyatida, xususan, birlashma tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-nazariy konferensiyalarda, o‘zbek va qozoq olimlarining ilmiy-ijodiy hamkorligiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy tadbirlarda foydalanilgan (Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyatining 2022 yil 22 fevraldagi dalolatnomasi). Natijada nolisoniy vositalar bilan bog‘liq nazariy fikrlar darslik, ilmiy-nazariy konferensiya materiallarining ilmiy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
badiiy matnda nolisoniy vositalarning lisoniy reprezentatsiyasi inson ruhiyatini ifodalashda, unga xos bo‘lgan xususiyatlarni tasvirlashda, fikrlarning poetik ifodasida va inson emotsional holatini ko‘rsatib berishda ustuvorlik kasb etishi xususidagi nazariy ma’lumotlardan “Matn tilshunosligi” darsligida keng foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 237-son buyrug‘iga asosan 237-317-raqamli ruxsatnoma). Natijada matn bilan bog‘liq nazariy fikrlar darslik materiallarining ilmiy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
noverbal semiotika termini negizida paralingvistik vositalarning zamonaviy tasnifi amalga oshirilib, paralingvistika, kinesika, okulesika, auskul`tatsiya, ol`faktorika, gaptika, gastika, proksemika, xronemika, sistemalogiya haqida berilgan xulosa va tavsiyalardan “Pragmalingvistika asoslari” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14 avgustdagi 418-son buyrug‘iga asosan 418-045-raqamli ruxsatnoma). Natijada darslik nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyigan;
ol`faktor vositalar ham boshqa sezgilar kabi axborot uzatish vazifasini bajarishi, ol`faktor reprezentatsiyaning kognitiv asoslari, hid konseptining substantiv assotsiatsiyasi va paralingvopoetik tadqiqiga doir ilmiy xulosalaridan 2020-2021 yillarda O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarining ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2022 yil 18 yanvardagi 04-36-100- son ma’lumotnomasi). Natijada, teleko‘rsatuvlarning o‘zbek mumtoz badiiy matnlar tilini, adabiyotini, tariximizni yosh avlodga chuqur singdirishda, ularni milliy madaniyatimiz, mumtoz adabiy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati yanada ortgan.