Maxmudov Raufjon Baxodirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ogahiy tarixiy asarlarida o‘zlashmalar”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.DSc/Fil307.
Ilmiy maslahatchi: O‘razboev Abdulla Durdibaevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldoshev Ibrohim Jo‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Saidov Yoqub Siddiqovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ogahiy tarixiy asarlari lug‘at qatlamidagi o‘zlashmalarning mavzuiy-semantik guruhlarini aniqlash, o‘zlashmalarning qo‘llanish sabab va omillarini dalillash, ularning genealogik tarkibi hamda lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ogahiy tarixiy asarlari lug‘at qatlamidagi o‘zlashmalarning eski o‘zbek adabiy tili leksikasi boyishidagi ahamiyati, olinma so‘zlarning umumeroniy, arabiy, evropa tillari kabi lug‘aviy qatlamlarga mansubligi ochib berilgan;
muarrix tarixiy asarlaridagi shu davrgacha o‘zlashma deb qaralgan non, gandum, otash, zamon, karvon, burxon kabi ko‘plab so‘zlarning substrat qatlamga mansub ekanligi isbotlangan;
Ogahiy tarixiy asarlari lug‘at qatlamiga mansub o‘zlashma so‘zlarda ma’no torayishi, ma’no kengayishi kabi lisoniy hodisalarning leksema semalaridagi ayrimlari unutilishi yoki ayrim semalarning paydo bo‘lishiga monand yuzaga kelish sabablari asoslangan;
ijodkor tarixiy asarlarida uchraydigan bolyuz, gubernot, zakun, imperotur kabi ayrim olinma so‘zlarning rus tili va u orqali evropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlar ekani dalillangan;
Ogahiy tarixiy asarlari lug‘at fondidagi o‘zlashma qatlamning farsax, malax, farmondih, bijin kabi leksik birliklari tarkibi qayta tiklangan va ularning funksional jihati o‘zbek tili lug‘at tarkibidagi substrat qatlam muammosi bilan aloqador ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ogahiy tarixiy asarlaridagi o‘zlashmalarni o‘rganish asosida:
Ogahiy tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Axloqi muhsiniyn” asarini tabdil qilish, nashrga tayyorlash va chop etishda, Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini o‘zbek tilidagi izohi bilan nashr qilishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 2021 yil 27 sentyabrdagi 02/976-son ma’lumotnomasi). Natijada qadimiy qo‘lyozmalar haqidagi tavsiflar mazmuni yanada boyigan, kitobxonlarga raqamli kutubxonadan foydalanishda qulaylik yaratilgan, “Axloqi muhsiniyn” va “Muqaddimat ul-adab” asarlari lug‘at qismida keltirilgan so‘zlarning izohi yanada mukammallashgan;
Ogahiy tarixiy asarlari lug‘at qatlamidagi o‘zlashmalarning eski o‘zbek adabiy tili leksikasi boyishidagi ahamiyati, olinma so‘zlarning umumeroniy, arabiy, evropa tillari kabi lug‘aviy qatlamlarga mansubligi kabi xulosalardan Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limida saqlanayotgan qadimgi xorazmiy, sug‘diy, “Avesto” hamda Xiva xonligi tarixiga oid noyob qo‘lyozma manbalarning nusxalarini hozirgi o‘zbek tiliga o‘girish va ulardagi bir qancha so‘zlarning ma’nosini sharhlashda, muzeylar fondida saqlanayotgan eksponatlarning ilmiy pasportini yozishda foydalanilgan (Xalqaro «Oltin meros» xayriya fondining 2021 yil 11 avgustdagi 01-15-11/08-21-son ma’lumotnomasi). Natijada manbalardagi xorazmiy, sug‘diy, avestoviy, arabiy va forsiy o‘zlashmalarning genetikasi ravshanlashgan, xorijlik mutaxassis va sayyohlarning Ogahiy tarixiy asarlari noyob qo‘lyozma manbalariga bo‘lgan qiziqishi ortgan;
Ogahiy tarixiy asarlaridagi o‘zlashma qatlamning o‘ziga xos xususiyatlari va etimologiyasiga oid tadqiqot xulosalaridan Ogahiy uy muzeyi hamda “Ichan-qal’a” muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan Ogahiy tarixiy va tarjima asarlari hamda she’riyatiga oid noyob qo‘lyozma manbalarning pasportini yozish, me’moriy obidalardagi epigrafik yozuvlarning ma’nosini sharhlash va sayyohlarga tushuntirishda amaliy foydalanilgan (Madaniy meros departamentining 2021 yil 23 iyuldagi 01-02-BM/1314-son ma’lumotnomasi). Natijada Ogahiy asarlari noyob qo‘lyozmalarini sayyohlarga tushuntirish osonlashdi, me’moriy obidalardagi epigrafik yozuvlarning ma’nosi oydinlashdi, eksponatlar pasportining tushunarlilik darajasi oshdi, mahalliy va xorijiy sayyohlarning tarixiy nomlar, vatanimiz tarixi haqidagi tasavvurlari boyishiga erishilgan;
Xorazm Ma’mun akademiyasida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy. Asarlar” ko‘p jildli silsilasining 3-, 4-, 5-, 6-jildlarini nashrga tayyorlash va chop etishda foydalanilgan (O‘zR FA Xorazm Ma’mun akademiyasining 2021 yil 16 iyuldagi 226/1-21-son ma’lumotnomasi). Pirovardida ushbu asarlar lug‘at qismida keltirilgan so‘zlarning etimologik, leksik-semantik izohi yanada mukammallashgan, kitobxonga tushunarlilik darajasi oshgan;
Ogahiy tarixiy asarlaridagi muallif individual uslubiga xos so‘z yasalish xususiyatlariga oid dissertatsiyada keltirilgan nazariy va amaliy xulosalardan F1-FA-13229 “Qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 28 fevraldagi 68/1-son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy tillarning, xususan, eski o‘zbek tili va qoraqalpoq tiliga mansub so‘z yasalishiga oid ilmiy nazariyalar yanada boyigan, dissertatsiyadan olingan misollar vositasida aniqlik darajasi ortgan;
Ogahiy tarixiy asarlaridagi o‘zlashmalarning mavzuiy-semantik guruhlari, etimologiyasi va lingvopoetikasiga oid dissertatsiyada keltirilgan ilmiy-nazariy xulosalardan Xorazm teleradiokompaniyasining “Tilimizni o‘rganamiz”, “Kitobxon vaqti”, “Assalom Xorazm” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Xorazm teleradiokompaniyasining 2021 yil 21 oktyabrdagi 1422-, 1423-, 1424-son ma’lumotnomalari). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan, ko‘rsatuvlar matnining ilmiy-manbaviy saviyasi boyigan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish