Nadjimitdinov Jasur Xatamdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Missionerlikning ijtimoiy-tarixiy mazmuni va o‘zbekistonda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos jihatlari”, 07.00.04 – Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar354.
Ilmiy rahbar: Islamov Zoxidjon Maxmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.IsI./Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Axadjon Axmadjonovich, tarix fanlari doktori, professor; To‘raev Baxtiyor Omonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi missionerlikning ijtimoiy-tarixiy mazmuni va O‘zbekistonda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahon dinlarining tarixiy rivojlanish bosqichlarida “missionerlik” tushunchasi turlicha talqin qilinib, O‘rta Asrlarda dinlar tarqalishi tabiiy jarayon sifatida qabul qilingan paytda – ijobiy, biroq ko‘pkonfessiyali bugungi global jamiyatda xalqlar o‘z an’ana va qadriyatlari, g‘oya hamda tafakkur tarzini saqlab qolishga intilayotgan bir davrda – salbiy baholanishi ochib berilgan;
diniy missiyani etkazish masalasi jahon dinlaridan buddaviylikda ixtiyoriy ahamiyatga egaligi va “tor doira” vakillariga yuklangani sababli mazkur din keng tarqalmay qolganligi, nasroniylikda esa, “Xudoning da’vatini hamma joyga etkazish” missiyasi birlamchi vazifa sifatida belgilanganligi natijasida ushbu dinning keng tarqalgani isbotlangan;
“missionerlik” diniy manba va ilmiy adabiyotlarda diniy targ‘ibotning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinsa-da, bugungi kundagi ayrim sektalar va “yangi diniy harakatlar” tomonidan ushbu tushuncha ostida an’anaviy ijtimoiy tizimlarga ta’sir o‘tkazish, davlat institutlari faoliyatiga aralashishga harakat qilayotgani natijasida siyosiy mazmun kasb etgani dalillangan;
o‘zbek jamiyatidagi islomgacha mavjud bo‘lgan an’analardan milliy liboslarda uchraydigan “xochsimon” naqshlar, mayyitni dafn etishdan oldin saqlab turish – «o‘lik qo‘ndirish» (mayyitni 3 kungacha dafn etmaslik) marosimi hamda o‘zbek adabiyotining an’anaviy uslubi bo‘lgan «talmeh» (تلميح) janridagi she’rlarni masihiylik bilan bog‘lash holatlari zamonaviy missionerlarning targ‘ibot vositalariga aylangani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Missionerlikning ijtimoiy-tarixiy mazmuni va o‘zbekistonda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflap acocida:
jahon dinshunosligi terminologiyasi tajribasidan kelib chiqib, o‘zbek tilida «sekta» (sequi – ergashish, guruh), «totalitar sekta» (“totalitarian sect” – to‘liq boshqaruv, a’zolari hayotini to‘liq boshqaruvchi sektalar), «kul`t» (cult – guruh), «destruktiv kul`t» (“descructive cult” – buzg‘unchilikka yo‘naltirilgan) so‘zlari izohlangan hamda «sekta» neytral, «kul`t» va «destruktiv kul`t» atamalari salbiy ma’noda qo‘llanilishi aniqlangani to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan buyurtma asosida tayyorlangan «Dinshunoslik» qomusiy lug‘ati, «Dunyo dinlari tarixi», «Dinshunoslik» o‘quv qo‘llanmalarini mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 16 martdagi 02-03/1776-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarda dinlararo bag‘rikenglik va totuvlikka tahdid solayotgan xurujlarning oldini olish, yoshlarni sog‘lom e’tiqod va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalanishiga xizmat qilgan;
missionerlar Markaziy Osiyodagi faoliyatlarida mahalliy qadriyatlarni xristianlikka moslashtirish – «interpritatio christana» (masalan «o‘lik qo‘ndirish» ta’ziya marosimini), masihiylik targ‘ibotida milliy she’riyat elementlaridan foydalanish (inculturatio), muqaddas matnlarni «Vahiynoma», «Muqaddas xushxabar» tarzida «o‘zbekchalashtirish» (contextualizatio) uslublaridan foydalanayotgani ochib berilgani to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan buyurtma asosida chop etilgan «Globallashuv sharoitida tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi g‘oyaviy, mafkuraviy va axborot xurujlariga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy usullari va vositalari» kitobini mazmuniga singdirilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022 yil 14 martdagi 32/1-son ma’lumotnomasi). Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida missionerlik va prozelitizm shaklidagi turli yot g‘oyalarning tarqalishi, ma’naviy hayotimizga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkinligiga oid qarashlar shakllanishiga xizmat qilgan;
evangelizm jarayonini yanada jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonda missionerlik targ‘ibotida 3 tamoyil – mahalliy tillarda diniy adabiyotlarni nashr etish, cherkovlar sonini ko‘paytirish hamda o‘zbek zabon ruhoniylarni etishtirish asosida amalga oshirilayotgani isbotlangani to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tayyorlangan «O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor» nomli kitob mazmuniga singdirilgan (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022 yil 14 martdagi 02/128-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchida O‘zbekiston bag‘rikenglik diyori sifatida jahonning ko‘p mamlakatlariga namuna bo‘lishi, missionerlik harakatlari aynan shu – dinlararo totuvlikka salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar shakllanishiga ta’sir qilgan;
XVII-XIX asrlardagi evropalik sayyoh-missionerlar kundaliklarini o‘rganish orqali Markaziy Osiyodagi xonliklar markaziy hokimiyatining zaiflashuvi natijasida missionerlik faoliyati kuchayib, mustamlakachilik siyosatiga ham xizmat qilgani ochib berilgani haqidagi xulosalardan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining «Jaholatga qarshi ma’rifat» ekspozisiyasi bo‘limi eksponatlarini tayyorlashda foydalanilgan. (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2022 yil 11 martdagi 171/22-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natija jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashga asos bo‘lishiga xizmat qilgan.