Isxakova Saida Sunnatovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Psixotrop vositalarning dolzarb sinflari va kannabinoidlarni sirtiy ionlashuv uslublari bilan tadqiq qilish”, 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: - B2020.3.DSc/FM163
Ilmiy maslahatchi: Usmanov Dilshadbek Tursunbaevich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.FM.65.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Baxrom Egamberdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Maksimov Sergey Evlantinovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Tashatov Allanazar Qarshievich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi vakuum va atmosfera sharoitida qiyin eruvchi metall oksidlari sirtidagi giyohvand va psixotrop vositalarning dolzarb sinflari va kannabinoidlar molekulalarining sirtiy ionlashuv qonuniyatlarini aniqlash va ularni turli xil namunalarda - muhitlarda iz qoldiqlarini oldindan xromatografik ajratishlarsiz aniqlash va tahlil qilish uchun sirtiy ionlashuv mass- va termodesorbsion spektrometriya uslublarini rivojlantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
birinchi marta mass-spektrometrik usulda emitterning qaynoq sirtida havo atmosferasida psixotrop moddalarning sirtiy ionlashuvi mass-spektrlari tarkibi va yuz beradigan geterogen reaksiyalar kanallariga ta’siri tadqiq qilindi;
ilk bor psixotrop dorilarning atmosfera sharoitida olingan sirtiy ionlashuv mass-spektrlarida asosiy ion chizig‘i assotsiativ [M+N]+ ioni ekanligi, [M-R]+ ionlar bilan bir qatorda M[M-R]+ dan M[M-N]+ va M [M-N]+NCl gacha adduktiv (yoki klaster) ionlar chiziqlari topildi, ularning hosil bo‘lish mexanizmi taklif etildi;
birinchi marta vakuum sharoitida sirtiy ionlashuv mass-spektrometrik uslubi asosida yangi psixotrop moddalar vakillarining sirtiy ionlashuvi tadqiq qilindi, ularning ionlashuvi qonuniyatlari va samaradorligi aniqlandi. Moddalardan karbamazepin dori vositasining mass-spektri kamchiziqli ekanligi va faqat [M-CONH2]+strukturali iondan iborat ekanligi aniqlandi;
ilk bor vakuum sharoitida sirtiy ionlashuv uslubida azot geteroatomiga ega bo‘lmagan fitokannabinoid molekulalarining sirtiy ionlashuvi tadqiq qilindi. Adsorbsiya sxemalari va geterogen reaksiya kanallarining adsorbsiya markaziga bog‘liqligi o‘rganildi, mass-spektrda vodorodsizlanish geterogen reaksiyalari mahsulotlarida aromatik sikllar va qo‘shbog‘li alkil zanjirlarining hosil bo‘lishi tufayli molekulalardan 9 tagacha vodorod atomlarini [M-N-2nH]+ yo‘qotilishi kuzatildi;
termodesorbsion sirtiy ionlashuv spektrometrida musbat ionlar manbai sifatida ishlatiladigan Ir bilan legirlangan oksidlangan Mo, termoemitterlarining “aynish” tabiati aniqlandi;
TDSI spektrometriyasi uslubida molekulalarning topilgan Tsmax va Tdmax qiymatlari bo‘yicha ularning sublimatsiya va desorbsiya issiqliklarini aniqlashning matematik modeli va oksidlangan metall yuzasida fitokannabinoidlar (10 K/mol`gacha), antidiabetik preparatlar (50 K/mol`gacha), yangi psixotrop preparatlar va sintetik kannabinoidlar (100 K/mol`gacha), tropan hosilalari (350 K/mol`gacha) yuqori samaradorlik bilan ionlashuvi topildi;
tadqiq qilingan faol organik birikmalar sinflari uchun sublimatsion maksimal temperaturalarining Tsmax farqi sintetik kannabinoidlardan indazol hosilalarida 206-220°S ni, indol hosilalarida 250-265°S ni, tabiiy kannabinoidlarda 130 - 140°S ni, tropan hosilalarida 120-130°S ni tashkil etib, termodesorbsiyaning chiziqli dinamik diapazoni 2.2 dan 4.5 tartibgacha bo‘lishi aniqlandi;
birinchi marta termodesorbsion sirtiy ionlashuv spektrlari yordamida musodara qilingan opiy namunalarida ularni etishtirish va ishlab chiqarilish mintaqasini, ularning bitta yoki ko‘p partiyaga tegishliligini va bir paytda turli sinflarga tegishli dori vositalarini iste’mol qilganda bionamunalarni tahlil qilish imkoniyati ko‘rsatildi, gaz xromato – mass-spektrometri orqali olingan ma’lumotlarga mos ravishda tahlil qilingan namunalarni identifikatsiya qilish va miqdoriy analiz qilish imkoniyatini beruvchi, termodesorbsion sirtiy ionlashuv spektrlari va kalibrovka chiziqlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Psixotrop vositalarning dolzarb sinflari va kannabinoidlarni vakuum va atmosfera sharoitida sirtiy ionlashuv uslublari bilan tadqiq qilish asosida:
psixotrop vositalar, narkotiklar va kannabinoidlarni mass-spektrometrik va termodesorbsion sirt ionlashuv spektrometriya uslubi orqali aniqlangan natijalari asosida takomillashtirilgan yuqori sezgirlikdagi «IK-Iskovich» termodesorbsion sirt-ionlashuv spektrometri O‘zR Ichki ishlar vaziriligining Bosh ekspert kriminalistika markazida, sinovdan o‘tkazilib joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining 2022 yil 10 yanvardagi 21/75 - son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida takomillashtirilgan spektrometrdan foydalanish kriminalistik ob’ektlarda narkotik, psixotrop, fito va sintetik kannabinoidlarni aniqlash imkonini bergan;
psixotrop vositalar, narkotiklar va kannabinoidlarni mass-spektrometrik va termodesorbsion spektrometriya natijalari ekspress va yuqori sezgirlikda aniqlovchi termodesorbsion sirt-ionlashuv spektrometriya uslubini rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilgan va shu uslub asosida kichik seriyada ishlab chiqarilgan “Iskovich” indikatori ToshFarm institutining "Sud toksikologiyasi" va "Farmatsevtik ishlab chiqarishni tashkil etish va sifatini boshqarish" kafedralarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligi Toshkent farmatsevtika institutining 2022 yil 27 yanvardagi 01/81 -son ma’lumotnomasi). Natijada, bu spektrometrni qo‘llash bionamunalarda psixotrop vositalar, narkotiklar va kannabinoidlarni tez va yuqori sezgirlikda aniqlash imkonini bergan;
mass-spektrometrik va termodesorbsion sirt- ionlashuv natijalari tezkor va yuqori sezgirlikka ega yangi terodesorbsion sirtiy ionlashuv uslubi va shu uslubda ishlaydigan "Iskovich" indikatori yaratilishiga asos bo‘ldi. Shu uslubda ishlaydigan "Iskovich" indikatorining 14 donasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligining viloyatlar, Toshkent shahar, Qorqalpog‘iston respublikasi sud-tibbiyot ekspertizasi byurolarining sud-kimyo laboratoriyalariga bionamunalarda suiste’mol qilinadigan moddalarni tez va yuqori sezgirlikda aniqlash uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligining 2022 yil 11 fevraldagi 08-09/4598 – son ma’lumotnomasi). Natijada, bu spektrometrlar va usulni qo‘llash bionamunalarda narkotik va psixotrop dori vositalarini tez va yuqori sezgirlikda aniqlash imkonini bergan.