Jurakulov Alisher Rustamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
«Uran ishlab chiqarish texnogen ob’ektlarining ekologik monitoringi», 01.04.01 – Eksperimental fizikaning asboblari va usullari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1500.
Ilmiy rahbar: Kurbanov Baxtiyar Ibragimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akdemiyasi Yadro fizikasi instituti va Navoiy davlat konchilik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, DSc.02/30.2019.FM/T.33.01 raqamli Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Radjapov Sali Ashirovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Yarmatov Baxrom Xaydarovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim,
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi uran qazib olish va qayta ishlash jarayonidagi radiatsion omillarning ta’siri kattaliklarini baholash va salbiy ta’sirlarni kamaytirish uslublarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining uran uyumlari, uran chiqindilari ombori va uranni er ostida tanlab eritish maydonlari tuproqlari namunalaridagi 238U, 230Th, 226Ra, 40K tabiiy radionuklidlarning lokal tarqalish konsentratsiyalari qiymatlari ushbu texnogen hududlarda 238U bo‘yicha 59,8-93,2 Bk/kg, 230Th bo‘yicha 136-264 Bk/kg, 226Ra bo‘yicha 556-983 Bk/kg, 40K bo‘yicha 830-1200 Bk/kg oraliqlarda aniqlangan;
gamma-nurlanish ekspozision doza quvvati qiymatlarining mahalliy sirt taqsimoti parametrlarini tezkor baholash uchun samarali hisoblash EHM dasturi ishlab chiqilgan va uning yordamida ilk bor texnogen hududlarning kuzatuv nuqtalarida – Uchquduqda -0,43 mkZv/soat, Zafarobodda -0,24mkZv/soat, Navoiy shaxrida (GMZ-1) -0,16 mkZv/soat ekspozision doza quvvati aniqlangan;
uran ishlab chiqarish hududlarining er osti suvlarida hosilaviy 222Rn radionuklidi hajmiy aktivligi va ona yadro 226Ra radionuklidi hajmiy aktivligi orasidagi bog‘lanish buzilgan holatlar kuzatiladigan texnogen hududlar ilk bor aniqlangan hamda shu hududlardagi er osti suvlarida radionuklidlarning hajmiy aktivliklari tajriba yo‘li bilan topilgan: Uchquduq – 226Ra-55Bk/l, 222Rn-213Bk/l, Nurbuloq – 226Ra-16Bk/l, 222Rn-130Bk/l, Qarnab – 226Ra-23Bk/l, 222Rn-115Bk/l, Zafarobod – 226Ra-11Bk/l, 222Rn-230Bk/l, Shurobod – 226Ra-282Bk/l, 222Rn-74Bk/l, Nurobod – 226Ra-381Bk/l, 222Rn-120Bk/l, № 9 Janubiy quduq – 226Ra-124Bk/l, 222Rn-516Bk/l;
ilk bor Navoiy kon-metallurgiya kombinatining uran ishlab chiqarish texnogen hududlaridagi har xil kimyoviy tarkibli er osti suvlari uchun 222Rn radionuklidi degazatsiyasining ruxsat etilgan sanitar me’yori 60 Bk/l gacha tushadigan optimal vaqt qiymatlari 8-14 soat oralig‘ida ekanligi tajribada aniqlangan;
ilk bor Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarilgan uran mahsulotlarini saqlash joylari atmosfera havosida 222Rn radionuklidi aralashgan aerozollarning ekspozision doza quvvati 3000 mkZv/soatdan 300 mkZv/soatgacha va radonning muvozanatli hajmiy aktivligi 250 Bk/m3 dan 15 Bk/m3 gacha kamayishini ta’minlash uchun konteynerlarni ular orasidagi masofani 15 sm, erdan balandligini 1 metrgacha ko‘tarilgan holatda joylashtirish kerakligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Uran ishlab chiqarish texnogen ob’ektlarining ekologik monitoringi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining uran ma’danlari, uran chiqindixonalari va uranni er ostida tanlab eritish maydonlari, tuproq namunalaridagi uran tabiiy emirilish zanjiridagi radionuklidlar lokal tarqalish konsentratsiyalarini aniqlash natijalari kon-metallurgiya kombinatining Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasida amaliyotga tadbiq qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2021 yil 24 maydagi № 02-06-04/5454-son ma’lumotnomasi). Natijalarni tadbiq etish ushbu ob’ektlardagi radionuklidlarning ma’lumotlar bazasini yaratishga imkon bergan;
gamma-nurlanish ekspozision doza quvvati qiymatlarining mahalliy sirt taqsimoti parametrlarini hisoblash bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk Agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk Agentligining EHM dasturini rasmiy qayd etish to‘g‘risidagi Guvohnomasi № DGU 09817. 23.12.2020y.). Ishlanmaning qo‘llanilishi uran otvallari, GMZ-1 uran chiqindilari ombori va uranni er ostida tanlab eritish maydonlarida gamma-nurlanish ekspozision doza quvvati qiymatlarining mahalliy sirt taqsimoti parametrlarini aniqlash imkonini bergan;
NKMK uran ishlab chiqarish texnogen hududlari er osti suvlarida hosilaviy 222Rn radionuklidi miqdori va ona yadro 226Ra radionuklidi miqdori orasidagi bog‘lanish qonuniyatlari, radon degazatsiyasi vaqtining optimal qiymatlari va suv tanqis cho‘l hududlarida yuqori radiatsiya ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan er osti suvlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Navoiy KMKning Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasida amaliyotga tadbiq etilgan (Navoiy KMK Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasining 2021 yil 21 maydagi № 1901-03-11/976 -son joriy qilish to‘g‘risidagi dalolatnomasi). Natijada Navoiy viloyatining suv tanqis cho‘l hududlarida er osti suvlaridan xavfsiz foydalanish imkoniyati asoslab berilgan;
omborxona havosida aniqlangan 222Rn radionuklidi yig‘ilish darajasini va omborxona havosida 222Rn yig‘ilishini oldini olish uchun uran tayyor mahsulotlari konteynerlarini joylashtirish bo‘yicha aniqlangan samarali geometriyasi Navoiy KMKda amaliyotga tadbiq etilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2021 yil 24 maydagi № 02-06-04/5454-son ma’lumotnomasi). Natijada tayyor uran mahsulotlarini saqlash omborlarida radionuklid aerozollarining ekspozision doza quvvatini kamaytirish imkonini bergan.