Rajabov Toshpo‘lot Fayzulloevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston yarim cho‘l yaylovlari o‘simliklar qoplamining transformatsiyasini ekologik-fitotsenotik baholash (Qarnobcho‘l misolida)», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/V142.
Ilmiy maslahatchi: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.V.39.01.
Rasmiy opponentlar: Xamraeva Dilovar Tolibdjonovna, biologiya fanlari doktori; Xamidov Gulom Xamidovich, biologiya fanlari doktori, professor; Mavlanov Xudargan, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli darajada transformatsiyaga uchragan yarim cho‘l yaylovlari o‘simliklar qoplamining o‘zgarish xususiyatlarini aniqlash va yaylovlarni ekologik-fitotsenotik baholashning mezon hamda modellarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘simlik jamoalari fitotsenotik ko‘rsatkichlarining chorva mollari boqilishi sharoitidagi indikatsion belgilari va ularning hosil bo‘lishi xususiyatlari ochib berilgan;
yarim cho‘l yaylovlarining tuproq xususiyatlariga ko‘ra fitotsenoz strukturasi inqiroz indikatorlarining farqlanishi aniqlangan;
yaylov inqirozining turli darajalarini belgilaydigan fitotsenotik baholash mezonlari va ularning miqdoriy ko‘rsatkichlarini o‘rnatish mexanizmlari aniqlangan;
yaylov fitotsenozlari transformatsiyasining chorva mollari boqilishi sharoitidagi ekologik-fitotsenotik modellarini yaratish prinsiplari ochib berilgan;
Qarnobcho‘l va Zirabuloq-Ziyovuddin tog‘lari yaylovlarining zamonaviy tasnifi ishlab chiqilgan va 17 ta yaylov tipiga mansub 37 ta yaylov xillarining 54 foizi antropogen xarakterga ega ekanligi aniqlangan;
yarim cho‘l yaylovlarining antropogenizatsiyasi va uning shakllanish xususiyatlari asoslangan;
vegetatsion indekslarning trend tahlillari asosida yaylov o‘simliklar qoplamining inqiroz darajasi ortib borayotganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qarnobcho‘l yarim cho‘li va unga tutash Zirabuloq-Ziyovuddin tog‘lari yaylov o‘simliklar qoplamining hozirgi holatini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yaylov o‘simliklar qoplamining hozirgi ekologik-fitotsenotik holati, yaylovlarning inqirozga uchrash darajalari va em-xashak hosildorligiga oid ma’lumotlar Samarqand viloyati qorako‘lchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar (“Saxobaota qorako‘l nasl”, “Tim-Ag‘ron chorvadorlari” va “Tutli qorako‘l zamini”) faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2021 yil 14 dekabrdagi 1-2/1362-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natajalari yaylov o‘simliklar qoplamining hozirgi fitotsenotik holati va xo‘jalik imkoniyatlaridan kelib chiqib, yaylovlardan unumli foydalanish, inqirozga uchragan yaylov maydonlarini yaxshilash va yaylovlarni barqaror boshqarish chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
transformatsiyaga uchragan yaylov fitotsenozlarini monitoring qilish va baholashning fitotsenotik mezonlari va konseptual ekologik modellari “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining respublika yaylovlar holatini baholash bo‘yicha amaliy faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 23 noyabrdagi 02/027-4731-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natajalari respublika qurg‘oqchil hududlaridagi yaylovlarni geobotanik tavsiflash va o‘simliklar qoplamining hozirgi ekologik va xo‘jalik holatini baholashning usullarini takomillashtirish imkonini bergan;
tadqiqot hududida aniqlangan o‘simlik turlar tarkibi hamda yig‘ilgan namunalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasining №PZ-20170925347 sonli “Zarafshon tizmasi g‘arbiy tarmoqlari florasini to‘r tizimli xaritalash va alohida ahamiyatga ega botanik hududlarni aniqlash” (2018-2020 yy.) amaliy loyihasida (loyiha rahbari akademik, K.Sh. Tojibaev) hududni to‘r tizimli xaritalashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 03 fevraldagi 4/1255-233-son ma’lumotnomasi). Natijada, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududining bioxilma-xilligini aniqlash, to‘r tizimli xaritaning alohida kvadratlarida turlar xilma-xilligi hamda yig‘malar zichligini to‘ldirish imkonini bergan. Shuningdek, Qarnobcho‘l va Zirabuloq-Ziyovuddin tog‘lari hududidan terilgan 87 ta yuksak o‘simlik turlarining 105 ta gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) respublika noyob ilmiy ob’ekti fondiga topshirilgan. Natijada, gerbariy namunalari Noyob ob’ektning Buxoro va Qo‘histon botanik-geografik okruglari o‘simliklari kolleksiyasini boyitgan va botany.uz elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan.